Qrim asossiz egallab olindimi? Markaziy Osiyo davlatlari BMTda lom-mim demadi


BMT Bosh Assambleyasida bugun Qrim yuzasidan berilgan ovozlar. Yashil - ha, qizil - yo'q, sariq esa ovoz berishdan bosh tortdi, degani.

BMT Bosh Assambleyasida bugun Qrim yuzasidan berilgan ovozlar. Yashil - ha, qizil - yo'q, sariq esa ovoz berishdan bosh tortdi, degani.

Rossiya Qrimni asossiz egallab oldi degan hujjat bugun BMT Bosh Assambleyasida ovozga qo'yildi. O'tgan kunlar ichida berilgan bayonotlariga qaramay, Markaziy Osiyodan biror davlat o'z pozitsiyasini ayon etmadi, ovoz bermadi.

Biroq Rossiyaning so'nggi qadamlari ketidan Markaziy Osiyoda prezidentlar sammitini tiklash kerak degan takliflar yangramoqda. O'zbekiston yaqinda Ukraina hududiy yaxlitligini yoqlab rasman bayonot berdi. Kreml sobiq ittifoqni tiklashni ko’zlayapti, Markaziy Osiyo tomon siljishi ham mumkin degan xavotirlar mavjud.

Mintaqada faqat O’zbekiston Ukrainaning hududiy yaxlitligiga urg'u berdi. Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston Qrimdagi referendum natijalarini tan olish bilan Rossiya pozitsiyasini bilvosita qo’lladi. Neytral maqomga ega Turkmanistonda esa bu borada sukut.

Siyosatshunos Farhod Tolipov so’zlariga ko’ra, O’zbekiston Qrimdagi referendum natijasidan qat’i nazar, o’z pozitsiyasida sobit qoldi.

“O’zbekiston, qo’shni davlatlardan farqli o’z bayonotida Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo’llashni bildirdi. Qrim Ukraina tarkibidan ajratilishidan avval ham shu fikrda edi. Shu ma’noda O’zbekiston mintaqada mustaqil, prinsipial siyosatga egalini, mintaqada yetakchilik qilishga qodirligini ko’rsatdi. Ukraina inqirozi nafaqat Rossiya va Ukraina munosabatlarini o’zgartirdi, balki Mustaqil davlatlar hamdo'stligida (MDH) yangicha bir vaziyat yuzaga keltirdi. Shuning uchun mintaqadagi munosabatlar ham yangicha tus olishi kerak, buyuk davlatning vositachiligisiz”, - deydi Tolipov.

Mintaqa davlatlarining rasmiy pozitsiyadan qat’i nazar, Qrimni Rossiyaga qo’shib olish ruslar huquqini himoyalash shiori ostida yuritilayotgani Moskva siyosatidan xavotirlarni kuchaytirgan. Qrim tortib olinishi esa xalqaro hamjamiyat noroziligi ham Moskvani to’xtatib qololmasligini ko’rsatdi.

Rossiya o’z hududini sobiq ittifoq davlatlari hisobiga kengaytirib borayotgani MDH doirasidagi munosabatlarni shubha ostiga qo’ygan.

Farhod Tolipov deydiki, Markaziy Osiyo Ukraina inqiroziga oid vaziyatdan o’z xulosasini chiqarishi kerak.

“MDHning 2014-yildagi raisi - Ukraina. Bu ham Ukrainani hozirgi voqealardan saqlab qololmadi. MDH zaiflashgan, shuning uchun ham endi mintaqaviy birdamlikka ahamiyat qaratish kerak. Bir paytlar mintaqa prezidentlarining sammiti muntazam o’tkazilardi, uni tiklab, mintaqa borligi, mavjudligi haqida signal berish kerak. Nafaqat Ukraina bilan bog’lagan holda, balki mintaqada muammolar yetarlicha yig’ilib qolgani uchun. Hozir yaxshi fursat - prezidentlar yig’ilib, bu muammolarni muhokama qilishi uchun. Siyosiy irodani talab qiluvchi yana bir taklif - ancha yillar muvaffaqiyatli ishlab kelgan Markaziy Osiyo hamkorligi tashkilotini qayta tiklash, chunki bunday hamkorlikka ehtiyoj yanada dolzarblashgan”, - deydi Tolipov.

​Ukraina inqirozi ortidan matbuotda berilgan tahlillarga ko’ra, Moskva sobiq ittifoqni tiklashga qat’iy kirishgan va uning asosida Markaziy Osiyo tomon siljiy boshlashi mumkin.

“Hozir Rossiya ancha toliqqan, qolaversa, xalqaro hamjamiyat tomonidan sanksiyalarga olindi. O’zining bunday niyatini takrorlashi sanksiyalar kuchayishiga olib keladi. Menimcha, Rossiya boshqa bu narsani qaytara olmasa kerak, shunday niyati bo’lgan taqdirda ham, uning hozirgidek amalga oshishi juda qiyin bo’ladi”, - deydi Tolipov.

O'zbekiston mustaqil, prinsipial pozitsiyaga ega ekanini ko'rsatdi
Qrimda o’tgan referendumdan so’ng Rossiya Ukrainaga qarashli muxtor respublikani o’z tarkibiga qo’shib olganini rasman e’lon qildi. Kiyev Kremlni harbiy bosqinda ayblab chiqdi, Qrimning tub aholisi bo’lgan qrim tatarlari ham referendumni boykot qilishdi.

Rossiya xalqaro miqyosda keskin tanqidga uchradi, Moskvaga nisbatan sanksiyalar qo’yildi. Moskva sobiq ittifoq hududida ham norozilik uyg’otgan, uning yetakchiligidagi Boj ittifoqi a’zolari bu borada Moskvani qo’llayotgan bo’lsa, aksariyat davlatlar Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olmasligini bildirgan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG