Ro'za oyida O'zbekiston musulmonlari qator cheklovlar bilan yuzlashmoqda


O'zbekiston musulmonlari ham muborak ramazon oyi farzlarini bajarishga kirishgan. Huquq faollarining izohicha, ular qator cheklovlar bilan yuzlashmoqda.

Masjidga qatnayotgan namozxonlar ustidan nazorat bir qadar kuchaytirilgan. Jamoat joylarida iftorlik o’tkazish, diniy liboslarda yurish taqiqlanmoqda.

Juma namoziga chiqayotgan bolalardan tushuntirish xatlari yozib olinayotgani xabar qilinadi. Hukumat diniy radikalizmning oldini olish uchun ko’rayotgan choralar aksincha natija berib, yoshlarni mutaassiblik tomon yetaklamoqda, deydi ziyolilar.

“Ulug' ayyom ramazonni juda katta shodu xurramlik bilan kutib oldik. Albatta yurtimiz tinch bo'lsin deb duo qilamiz. Shunaqa paytda musulmonlar ko'nglini g'ash qiladigan xabarlar chiqadi. Masalan, ayollarni ro'mol o'rashiga qarshilik qilish. Bu tepadagi qotib qolgan odamlardan kelayotgan buyruqlar, albatta musulmonlarni ko'nglini g`ash qiladi. Amru ma'ruf bo'lardi. Juda chiroyli o'tardi, shuni taqiqlashi mumkin. Uni o'tkazgan odamni jarimaga tortilishi haqida gaplar yuribdi”, - deydi sharhlovchi Jahongir Shosalimov.

Juma namozlariga qatnayotgan bolalarni masjiddan chiqarib yuborilishi, ulardan tushuntirish xatlari olinayotgani esa ancha avval boshlangan edi.

“Militsiya masjidlarning oldida yosh bolalari bilan kelgan odamlarni qattiq nazorat qilayapti. Masjidga kirib ketgan bo'lsa qo'pol muomala bilan bolalar chiqarib tashlanayapti. Bu juda noto'g'ri narsa. Masjidga kirishga hammaning haqqi bor”, - deydi Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov.

AQSh Davlat departamentining dunyo bo'yicha terorizm tahdidi haqida chiqargan yaqindagi hisobotida O'zbekiston terroristik xurujlar xavfi mavjud davlatlardan biri sifatida qayd etilgan. Hisobotda Toshkentda yuz bergan qotilliklar va diniy arboblarga qilingan suiqasd va otishmalar dalil sifatida keltirilgan.

Tahlilchilar so'nggi yillarda jamoatchilikda diniy radikal kayfiyat kuchayib borayotganini aytadi. Bu, deydi ular, amaldagi siyosat, dindorlarga nisbatan keskin munosabat, qiynoq va ta'qiblarga borib taqaladi.

“Agar shunaqa kuchlar bo'lsa, unutmaslik kerakki, bu odamlarni diniy aqidaparastlikda ayblab uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan qama-qama siyosatining natijasidir”, - deydi huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev.

Surat Ikromov deydiki, mamlakatda diniy motivlar bo'yicha o'tayotgan sud jarayonlari sur'ati pasaymagan. Aksariyat hollarda ekstremizmda ayblanayotgan kishilarning aybi isbotlanmasa-da, uzoq muddatli qamoq jazolari belgilanmoqda.

“Dindorlar ko'payib borayotgani hukumatni bezovta qilib qo'ygan. Hukumat bu insonlarni jilovlashga harakat qilayapti, har qanday bahonalar bilan, biroq bu hech qanday natija berayotgani yo'q. Hozir mana shu kunlarning o'zida Toshkent viloyat sudida nurchilikda ayblanayotgan to'qqiz kishi ustidan, Sobir Rahimov tumanida esa yana 11 kishi ustidan sud bormoqda”, - deydi Surat Ikromov.

O'zbekistonda diniy motivlarga ko'ra qamalgan fuqarolar soni rasman ma'lum qilinmagan. Huquq himoyachilari ma'lumotlarida mamlakatdagi diniy mahbuslar soni yetti mingdan o'n minggacha deb keltiriladi. Aksariyatining aybi isbotlanmagan, deydi faollar, ular asosan namozxonligi uchun jazoga tortilgan.

Rahbariyat bu insonlarni ekstremizm, noqoniniy diniy tashkilotlar tuzish, konstitutsiyaga tajovuz qilish va terrorchilik harakatlari sodir etganlik yoki bunga harakat qilganlikda ayblab keladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG