Breaking News

Rossiyada ishlagan 60 o'zbek diniy ekstremizmda ayblanmoqda


Rossiyada mehnat qilayotgan o'zbekistonliklar
Rossiyada mehnat qilayotgan o'zbekistonliklar

Tirikchilik ilinjida Rossiyaga borib ishlab kelgan fuqarolar O'zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilganlikda ayblanmoqda.

Qashqadaryoda o’tayatgan mahkama jarayonida dastlabki ikki guruh ustidan hukm o'qilgan. Aksariyati Rossiyadan qaytgan salkam 60 erkak va ayol diniy ekstremistik tashkilotga aloqadorlikda gumon qilinayapti. Kuzatuvchilar mamlakatda dindorlarga nisbatan yangi qatag'onlar boshlanishidan xavotirda.

Dindorlarga qarshi yangi mahkamalar, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:33 0:00
Yuklab oling

Mahkama haqida xabar tarqatgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatiga ko'ra, O'zbekiston islomiy harakatiga aloqadorlikda ayblangan dastlabki olti kishi uchun hukm o'qilgan.

Ular konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, ekstremizm, shuningdek, Rossiyadan turib Pokiston hududida faoliyat yuritadigan O'zbekiston islomiy harakatiga a'zo bo'lishda aybdor deb topilgan.

“Mahkamaning diqqatli tomoni sudlanganlarning uch nafari ayol ekanligida. Chunki bizda ayollar konstitutsiyaviy tuzumni ag'darish, terrorizm kabi ayblovlarga ko'p aralashmaydi. Lekin sudlanganlarning advokatlari, qarindoshlari ko'rsatmalar bosim va qo'rqitishlar bilan olinganini iddao qilishmoqda”, - deydi “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov.

O'zbekiston islomiy harakatiga a’zolikda ayblanib 11 yilga qamalgan Lolaxon Qutdarovaning qizi Jasmina so'zlariga ko'ra, ayblov tuhmatga asoslangan.

“Bu tuhmat, tazyiqlar o'tkazilgan, onamning sudlanishidan keyin islom harakati haqida bildim. Onam bu haqda tushunchaga egadir, lekin boshidan bu narsaga qarshi bo'lib kelgan. Ro'mol o'ramaydilar, viloyat sudida ijrochi bo'lib ishlaganlar. Sud jarayonida bizga hech qanday isbot-dalil taqdim etilmadi, hatto prokuror qatnashmadi, bachkana bir tarzda sud olib borildi. Tergov jarayoni paytida esa menga nisbatan ham bosim ko'rsatishdi, bizga ishlamasang, qamalib ketasan degan tahdidlarni qilishdi”, - deydi sudlanuvchining farzandi Jasmina.

15 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Otabek Ochilovning turmush o'rtog'i Go'zal Berdinazarova eri bilan Rossiyada ishlagan. Rossiyada elektrik bo'lib ishlagan Ochilov O'zbekistonga majburan olib kelingan. Islomiy harakatga aloqadorlik haqidagi ayblovlar quruq tuhmatdan iborat, deydi uning turmush o’rtog’i Go'zal.

“Agar shunday bo'lgan taqdirda erim menga ham tazyiq qilishi kerak edi-ku, hijob o'ra, yopin deb. Lekin men ochiq yuribman, ko'rib turishibdi. Savol-javob qilib odamning fikridan ham bilsa bo'ladi bu narsani. Bir xil gap, bir xil uydirma, bir xil tuhmat, hech qanday isbot-dalil yo'q. Ular aytayapti, shuncha narsani yozib bizni ustimizga tuhmat qilayapsizlar, biror guvoh bilan tasdiqlanglar deb, lekin hech kim yo'q. Ularning gapini tinglamaydi ham”, - deydi u.

Berdinazarovaning aytishicha, O'zbekiston islomiy harakatiga aloqadorlikda, asosan, Rossiyada ishlab qaytgan mehnat muhojirlari ayblanmoqda. Uning eri bilan olti kishilik guruh sudidan so'ng, yaqinda yana to'qqiz kishi ustidan hukm o'qilgan.

“Ular ustidan ham hukm chiqdi, hammasi Leningradda ishlab kelgan. Ular ham xuddi shunday ayblanayapti, faqat ularning kelganiga 3-4 yil ham bo'lgan, Qarshida ishlab yurishgan. Shunday bo'lsa ham borib kelgansan deb ayblashayapti ularni. Nima qilish kerak, bu yerda ish bo'lmasa, hamma iloji yo'qligidan Rossiyaga ketayapti. Iloji bo'lsa, hech kim ketmaydi-ku. Karaxt bo'lib qoldik, nima qilishni ham bilmaymiz”, - deydi Berdinazarova.

O'zbekistonda dindorlarni turli diniy guruhlarga aloqadorlikda ayblovchi mahkamalar muntazam o'tib turadi. Ammo mehnat muhojirlarini Rossiyadagi diniy faoliyati bo'yicha mahkamaga tortish birinchi bor kuzatilmoqda.

Hukmga ko'ra muhojirlar orasida diniy ekstremistik g'oyalar yoyish bilan shug'ullangan guruh O'zbekistondagi konstitutsiyaviy tuzumni ag'darishni rejalagan. Shu maqsadda ularning Rossiya hududlarida jangovar tayyorgarlikdan o'tgani ham iddao qilinadi.

Bu mahkama diniy ekstremizmni bo'rttirish siyosatining davomimi yoki hukumat nazoratidan tashqaridagi namozxonlarga qaratilgan navbatdagi qatag'ondan darak bermoqdami?

Kuzatuvchi Abdurahmon Tashanov bosim va tahdidlar asosida qurilgan sudni xolis baholash qiyin ekanini aytadi.

“Agar rostdan ham 60 kishi O'zbekiston islomiy harakatining a'zosi bo'ladigan bo'lsa, bu xavfsizlik uchun yaxshi emas. Lekin bu narsa dindorlarga nisbatan doimiy bo’lib kelgan repressiyaning davomi bo'lsa, boshqa masala. Masalan, men bu odamlarning islomiy harakatga a'zoligi, qurolli kurashga o'tganiga mutlaqo ishonmayman. Lekin sud organlari ko'rsatmalarga asoslanib jangarilar sonini ko'paytirishni maqsad qilishayotgan bo'lsa, bu boshqa masala”, - deydi u.

O'zbekiston diniy e'tiqod erkinligi keskin cheklangan sanoqli davlatlardan biridir. Faollar hukumatni diniy ekstremizm tahdidini bo'rttirish orqali siyosiy maqsadlarni ko'zlashda ayblab kelishadi. Namozxonlarga nisbatan muttasil bosimlar aholini radikallashtirayotgan omillardan biri sifatida ko'riladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG