O'zbekiston: Fuqarolarni nohaq izza qilish zamoni keldimi yana?


Yoshlarning radikalizmga berilishida hukumat aybdor, deydi huquq faollari

Yoshlarning radikalizmga berilishida hukumat aybdor, deydi huquq faollari

O’zbekistonda diniy ekstremizmga qarshi kampaniyasini kuzatayotgan faollarga ko’ra, sovet davridagi propaganda usuliga asoslangan bu kurash jamoatchilikni tahdid ostiga qo’ymoqda.

Mahalla qo’mitalarida hokimiyat, maxsus xizmatlar va faollar ishtirokidagi tadbirlarda asosan mehnat muhojirlari, qidiruvdagi shaxslar, diniy ekstremizmda ayblanganlarning yaqinlari va qarindoshlari nishonga olinmoqda.

O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovning aytishicha, so’nggi paytda viloyatlarda kengaygan bu kampaniya jamoatchilikka nisbatan tazyiq va bosim bilan ko’zga tashlanmoqda.

“Oldinlari bunaqa qilishmasdi. Hozir mahallalarda majlislar o’tkazishayapti. ISHIDga aloqasi bor deganlarning, Suriyaga ketganlarning qarindoshlarini chaqirib, ularni uyaltirishayapti, bosimga olishayapti. Haqiqatda esa ularning ISHIDga qo’shilgani ma’lum emas. Buni faqat huquq-tartibot organlari aytib, qarindoshlariga tazyiq ko’rsatishayapti. Xuddi SSSR davridagi propagandaga o’xshab o’tkazilmoqda. Qarindoshlarini olib chiqishadi, ular yig’lab o’tirishadi. Bolasi 30 dan oshgan bo’lsa, u yoqqa o’zi ketgan bo’lsa, ularning ota-onalarida nima ayb?” - deydi Surat Ikromov.

O’zbekistonda diniy radikalizm va ekstremizm asosiy tahdid hisoblanib, mamlakat xafsizlik siyosatini belgilab keladi.

Boshida noqonuniy diniy guruhlarga qarshi kurash asnosida shakllangan bu siyosat “Islomiy davlat” guruhining paydo bo’lishi, unga qo’shilayotgan o’zbekistoniklar ko’payishi ortidan yana ustuvor masalaga aylandi.

“Agar bu ISHIDga qarshi targ’ibot bo’lsa, bu faqat huquq-tartibot organlari vakolatida bo’lishi kerak emas, buni hamma bilishi va tushunishi kerak. Bunga butun jamiyat, jamoatchilik jalb qilinishi kerak, bu umumiy narsa. Ammo oshkoralik yo’q, ko’pchilik tushunolmaydi nimalar bo’layotganini. Ko’p narsalar tushunarsiz, masalan, hibsga olinganlar haqida, nimalar bo’layapti, nima qilishgan ular, hech qanday ma’lumot yo’q”, - deydi Surat Ikromov.

ISHID safida jang qilayotgan o’zbekistonliklar soni haqida aniq ma’lumot yo’q. Suriyadagi jangarilarga doir xalqaro tadqiqotlarda turlicha taxminlar beriladi. Markaziy Osiyodan borganlar orasida o’zbeklar ko’pchilik deb aytiladi. Bunda nafaqat O’zbekiston balki qo’shni davlatlardan chiqqan o’zbeklar ham nazarda tutiladi.

Huquq himoyachilari radikalizmni dindorlarga nisbatan muttasil bosimlar va qiynoqlar natijasi deb bilishadi.

Mamlakatdagi og’ir iqtisodiy sharoit, ishsizlik, mehnat muhojirligidagi huquqsizlik mashshaqatlari ham radikal oqimlarga qo’shilayotgan o’zbeklar soni oshishiga xizmat qilayotgani aytiladi.

Rossiyadagi vaziyatni kuzatib kelayotgan huquq faoli Bahrom Hamroyev:

“Sobiq ittifoq davrida ham o’zbekistonlik yoshlar bu darajada ko’p qamalmagan edi. Nima bizga mustaqillik shuncha zarar keltirdimi? Nega yoshlarimiz bunchalik qirg’in barot bo’layapti? O’zbekiston hukumatining o’zi yoshlarni ISHIDga qo’shilishiga katta hissa qo’shdi. Nima bo’lsa ham siyosatga, diniy partiyalarga qo’shilmasin, ISHIDga borsa xonavayron bo’ladi degan taktikani tanladi. Lekin hukumat uchun bu xalq ISHIDga qo’shilsa ham, boshqa partiyaga qo’shilsa ham baribir jinoyatchi. Ularda faqat ikkita yo’l qoldi, qamoq yoki radikal bo’lish”.

O'zbekistonda 31 millionlik aholining 90 foizdan oshig’i musulmonlar. Diniy motivlar bilan qamoqqa tashlangan minglab mahbuslar bor. Amaldagi rejimning keskin tanqidchilari sifatida tanilgan ulamolar quvg’in qilingan, ekstremistlar deb e’lon qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG