Moskvada 10 o'zbekni hayotdan olib ketgan yong'in tasodifmi yoki jinoyat?


Kachalovo bozori, Moskva, 3-aprel 2012

Kachalovo bozori, Moskva, 3-aprel 2012

Qariyb ikki hafta oldin Moskvadagi Kachalovo bozoridagi yong’inda o’lgan 17 kishining 10 nafari O’zbekistondan. Qolgan jasadlarning shaxsi hozircha noma’lum. Mehnat muhojirlari O’zbekiston iqitisodining muhim tirgagi, ammo ular xo’rlangan va huquqlari toptalgan bir qatlam. Lekin bu insonlar tirikchilik ilinjida vaziyatga chidashga majbur.

Moskva bozorlarida

Moskva bozorlarida

Ko’pchilikni larzaga solgan bu mudhish voqea haqida O’zbekiston matbuoti ham, hukumati ham biror munosabat bildirmadi.

“O’zbekiston hukumatini yaxshi bilamiz. Fuqarolari yondirib emas, otib yuborilganda ham ularning haq-huquqlarini himoyalash uchun biror ish qilmaydi. Hozirgi rejim bor ekan, fuqarolarni davlat miqyosida himoya qilish uchun biro chora ko’rilishiga ishonmayman”, - deydi Moskvada faoliyat yuritayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev.

3-aprel kuni Kachalovo bozoridagi omborxonada sodir bo’lgan yong’in bo’yicha jinoiy ish ochilgan. O’zbekistonlik muhojirlarni yashirin ishlatgan omborxona egalari ushlangan. Bugunga kelib bu hodisaning tasodif emasligi, balki qasddan uyushtrilgani haqidagi taxminlar tarqalmoqda.

Farroshlik qilib vatanidagi oilasini boqayotgan ayollar

Farroshlik qilib vatanidagi oilasini boqayotgan ayollar

“Kachalovo bozorida ishlagan bolalarni bir yil mobaynida ishlatib pulini bermaslik uchun yoqib yuborgan degan gap bor. Biz buni o’rganayapmiz. O’sha armanlar ularni ishlatishni bir nechta yo’llarini yo’lga qo’ygan. Migratsiya xizmati xodimlari shu holatga ko’proq e’tibor qaratmoqda, ya’ni yigitlarni bir yil mobaynida haqqini bermasdan ishlatganiga. Menincha, bu holat tergovchilarni ham qiziqtirishi kerak, chunki bu ma’lumot ayrim axborot vositalarida ham chiqdi ”, - deydi Bahrom Hamroyev.

Ayni paytda Fransiyada yashayotgan huquq himoyachisi Tolib Yoqubov o’zbek muhojirlari bilan bog’liq fojea nafaqat hukumat, balki jamoatchilik tomonidan ham sukut bilan kutib olinganidan ajablanmaydi.

Gastarbayterlar odatda qora ishda

Gastarbayterlar odatda qora ishda

“O’zbekiston jamoatchiligi to’liq O’zbekiston OAV ta’sirida yashayotgan xalq. Uni boshqa narsalar qiziqtirmay ham qo’ydi. Shunday paytda jamoatchilikdan nimani kutish mumkin? Qisqa xulosa bilan aytganimizda, bu O’zbekistondagi zulm bilan bog’liq. Bunday paytda 17 kishining yonib ketishi hech narsani anglatmaydi”, - deydi u.

Faollarga ko’ra, mehnat muhojirlari O’zbekiston xalqini boqmoqda. O’tgan yili Rossiyadagi mehnatkashlar vatanga 4 millard dollardan oshiq mablag’ jo’natgan.

Uzoq yillik sargardonlik, haqsizlik va imkonsizlik o’zbek muhojirlariga ham o’z ta’sirini o’tkazgan. Ular orasida o’zaro adovat, yulg’ichlik, shavqatsizlik hollari ko’paygan. Bugun ular nafaqat Rossiyadagi millatchilik, balki o’z yurtdoshlari qo’ygan tuzoqlar bilan ham yuzlashadi.

Muhojir oilalar

Muhojir oilalar

“O’zbek xalqiday iymonli, e’tiqodli, mehribon xalq yo’q edi, avval. Hozirgi kunda esa bir-birini sotish, maoshlarini bermaslik, o’g’irlik… Bularning hammasini ularning o’zlari qilayapti. Iymonim komilki, buni yaxshilab o’rgangan odam uning ortida korrusiyalashgan davlat turganini anglaydi. O’zbek eng huquqsiz, eng xo’rlangan xalqqa aylandi. Bugungi kunda bir- birini sotishga ham tayyor. Karimov siyosatidan kelib chiqib, bu xalq shu ahvolga keldi”, - deydi Bahrom Hamroyev.

O’zbekiston hukumati hozirgacha mehnat muhojirlari muammosini ochiq tan olmagan. Chetda topilayotgan pul - tirikchilik manbai, lekin hukumat ular haq-huquqlarini himoyalash, vaziyatni yaxshilash uchun biror samarali dastur amalga oshirmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG