O'zbekiston, Rossiya milliardlab dollarga teng shartnomalar imzoladi


O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Moskvada Vladimir Putin bilan muzokara o'tkazgan. Putin Mirziyoyev prezidenlikka kirishishi ortidan o'zaro aloqalarda jiddiy o'sish bo'layotganini qayd etgan. Mirziyoyev esa Samarqanddagi uchrashuvda gaplashilgan hamkorlik ko'lami amaliyotga ko'chayotganini ta'kidlagan.

Oliy darajadagi muzokara Sankt-Peterburgda ro'y bergan portlash ortidan mehnat muhojirlariga bosim kuchaygan bir sharoitda o'tmoqda.

O'zbekiston prezidentining tashrifiga davlat maqomi berilgan. U Putin bilan uchrashuvdan oldin bir necha tadbirlarda qatnashgan, Sankt-Peterburgdagi terakt qurbonlari xotirasiga gulchambar qo'ygan, “Noma'lum askar” yodgorligini ziyorat qilgan.

Mirziyoyevga ko'ra, Moskva-Toshkent aloqalari rivojida Samarqandda Putin bilan o'tgan dastlabki uchrashuvning o'rni muhim.

“Avvalo, davlat tashrifi bilan Rossiyaga taklif qilganingiz uchun minnatdorman, bu tashrif aytganingizdek muhim ahamiyatga ega. Hamkorlikni barcha qirralari ochiq muhokama qilingan Samarqanddagi uchrashuvimizdan so'ng o'tgan qisqa vaqt ichida ko'p narsalar o'zgardi. Sizga minnatdorchilik bildirmoqchiman, nimalar haqida kelishgan bo'lsak hammasi amaliyotga ko'chmoqda”, - dedi Mirziyoyev.

Rossiya rahbari savdo-sotiq o'sayotgani, hamkorlikning yangi bosqichi boshlanayotganini qayd etgan.

“Siz prezidentlikka kelgan qisqa fursat ichida savdo-iqtisodiy aloqalarda jiddiy o'sish kuzatildi. Ayrim sohalarda ko'rsatkichlar hayratlanarli tarzda o'smoqda", - degan Putin.

Ma'lumotlarga ko'ra, muzokaralar qiymati 15 milliard dollardan oshiq shartnomalar imzolanishi bilan yakunlanadi. O'zbekistonga mablag' yotqizish istagidagi rossiyalik sarmoyadorlar orasida asli o'zbekistonlik bo'lgan milliarderlar ham bor. Po'lat va tog' konlari biznesi bilan shug'ullanuvchi Iskandar Mahmudov O'zbekistonda qazilma ishlariga sarmoya yotqizishga qaror qilgan.

Mirziyoyev va Putin uchrashuvining tantanali qismida asli o'zbekistonlik tadbirkor Alisher Usmonov ham ishtirok etgan. O'zbekistonga sarmoya olib kirish istagidagi kompaniyalar qatorida Usmonovga tegishli shirkatlar bor-yo'qligi hozircha noma'lum.

Prezidentlar uchrashuvida terrorizmga qarshi kurash alohida tilga olingan. Mirziyoyev O'zbekiston Rossiya ko'tarayotgan tashabbuslarni to'la qo'llashi, 14-aprel kuni Rossiyada Afg'oniston bo'yicha kutilayotgan konferensiyada O'zbekiston ishtirok etishini ta'kidladi.

“Afg'onistonda barqarorlik, ayniqsa biz o'zbekistonliklar uchun ham juda muhim. Biz Rossiyani afg'on masalasidagi barcha tashabbuslarini qo'llaymiz, 14- apreldagi uchrashuvda albatta O'zbekistonning tegishli idoralari ishtirok etadi”, - dedi Mirziyoyev.

“Xavfsizlik bo'yicha hamkorligimiz rivojlanmoqda. Albatta, biz uchun O'zbekistonning pozitsiyasi muhim, mintaqadagi vaziyat, xususan Afg'onistondagi beqarorlikni bevosita Rossiyaga ta'sir etishi nazaridan”, - degan Putin bu borada.

Prezidentlarning xavfsizlik va Afg'oniston masalasiga diqqat qaratayotgani Sankt-Peterburg metrosida sodir etilgan portlash ortidan kuzatilmoqda. Terror hujumida kelib chiqishi asli o'shlik o'zbeklardan bo'lgan Akbarjon Jalilov ayblandi.

Mirziyoyev Rossiya jamoatchiligiga hamdardlik bildirar ekan, terror millat va chegara bilmasligini qayd etdi, ammo bu hujum ortidan Rossiyadagi mehnat muhojirlari, jumladan o'zbek jamoalariga bosim kuchaygani aytiladi.

“Ozodlik” radiosining Rossiyadagi faollarga tayanib xabar berishicha, politsiya tekshiruvlarni kuchaytirgan, terakt ortidan mintaqa fuqarolaridan iborat bir necha kishi “Islomiy davlat” guruhiga odam yollash aybi bilan hibs qilingan.

Mirziyoyevnining tashrifi doirasida mehnat muhojirlari bo'yicha ikki tomonlama bitim imzolanishi kutilgan edi. Bu masala qanchalik muhokama qilingani haqida ma'lumotlar yo'q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG