Obidxon qoriga hujum yuzasidan ikki o’zbekistonlikka rasman ayblov qo’yildi


Shvetsiyada Obidxon qori Nazarovga uyushtirilgan suiqasd bo’yicha ushlangan shaxslarga rasman ayblov qo’yilgan. Prokuratura buning ortida siyosiy sabablar borligini taxmin qiladi.


Yollanma qotilga yordam berganligi gumon qilinayotgan ikki o’zbekistonlik aybdor topilsa, uzoq yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Nazarovga bevosita hujum qilgan odam esa, taxminlarga ko’ra, ayni paytda Rossiyada.

Hibsga olinganlar - Bahodir Po’latov va Nodira Aminova Obidxon Nazarovni otgan shaxsga yaqindan ko’mak ko’rsatgani gumon qilinadi. Voqea shved matbuotida muntazam yoritib kelinmoqda. Bu davlatda yashovchi o’zbek jurnalisti To’lqin Qorayev so’zlariga ko’ra, prokuratura suiqasdning siyosiy buyurtma ekaniga ishonch hosil qilmoqda.

“Bugungi ma’lumotga ko’ra, bu ishni yuritayotgan bosh prokuror Kristor Piterson suiqasd motivlari siyosiy bo’lishi mumkinligini aytgan. Faqat siyosiy motiv deyildi, demak, bu qotillik ortida O’zbekiston hukumati turgan bo’lishi mumkin. Qo’lga olingan er-xotin ustidan ham jarayon boshlanadi, ular hozirgacha ayblarini tan olishmagan”, - deydi jurnalist.

O’zbekistonliklar ustidan sud keyingi hafta boshlanishi kutilmoqda. Nazarovni o’qqa tutib, so’ng darhol Shvetsiyani tark etishga ulgurgan shaxs O’zbekiston fuqarosi ekani aniqlangan. Biroq tergovchilar uning ismini hozircha ma’lum qilmayapti. Matbuotda bu odamning turli video-kameralarda olingan suratini ko’rish mumkin.

“Qoriga o’q uzgan odam Daniyaga o’tgan va Moskvaga uchib ketgan. Er-xotinlar esa shu vaqt unga yordam bergan. Shved matbuoti ularning turli ma’lumot to’plash bilan shug’ullangani haqida ham yozmoqda ”, - deydi Qorayev.
Qoriga o’q uzgan odam Daniyaga o’tgan va Moskvaga uchib ketgan. Er-xotinlar esa shu vaqt unga yordam bergan.


Qori shu yilning fevralida Shvetsiya shimolida uyi oldida otib ketilgan edi. Og’ir jarohat natijasida komaga tushib, hamon o’ziga kelmagan.

Toshkentdagi taniqli imomlardan sanalmish Nazarov hukumat siquvidan so’ng mamlakatdan chiqib ketgan edi. Rahbariyatning keskin tanqidchilaridan bo’lgan qori 2006-yilda Shvetsiyadan siyosiy boshpana oldi.

Rasmiy Toshkent uni diniy ekstremistik guruhlarga yetakchilik qilishda ayblab keladi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG