O'zbekiston Tojikistonning yuk vagonlarini nega ushlab turganini bayon qildi


O’zbekiston hukumati Tojikiston yuk vagonlari yuzasidan o’z pozitsiyasini e'lon qilgan. Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko’ra, tojikiston vagonlarining O’zbekiston hududida turib qolishi Afg’onistonga noharbiy yuklar o’tkazish bo’yicha olingan xalqaro majburiyat va boshqa texnik sabablar bilan bog’liq.

Hozircha Tojikiston bu bayonotga munosabat bildirmagan. Vaziyatni kuzatayotgan mutaxassislar fikricha, mintaqadagi ahvol shundog'am ancha keskinlashgan bir paytda O’zbekiston-Tojikiston mojarosining davom etishi vaziyatni yanada chigal qilishi mumkin.

Rasmiy Toshkent Tojikistonni masalani siyosiylashtirib, ikki o'rtada hal qilinadigan masalani xalqaro miqyosga olib chiqayotganlikda tanqid qilmoqda.

Tojikiston esa yuk vagonlarining O’zbekistonda ushlanib qolishi natijasida iqtisodi katta zarar ko’rayotganini da’vo qilmoqda.

Emomali Rahmon ma'muriyati bu borada yordam so’rab, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va xalqaro moliyaviy tashkilotlarga murojaat qilgan, mojaroni xalqaro sudga olib chiqishini aytib, ogohlantirgan edi.

Tahlilchilar kelishmovchilik sabablarini suv muammosiga bog’laydi.

Shu bilan birga, Tojikiston “Rog’un” GESini qurishda davom etmoqda, O’zbekiston bunga qarshi. Ziddiyat bayonot, bosim va targ’ibotlar ko’rinishini olgan.

“Agarda Tojikistonga yuk vagonlari o’tkazilmayotgani texnik muammolar bilan bog’liq deyilayotgan ekan, demak, ularni tezroq yechish kerak. Texnik bo’lsa, yechish oson, mutaxasislar yechimini topadi. Bu siyosiy bosim. Tojikiston pozitsiyasini o’zgartirmasa, O’zbekiston qandaydir chora ko’rishiga ishora qilmoqda. Lekin bunday bosim yo’li bilan Tojikistonni O’zbekiston yo'rig'iga yurgizib bo’lmaydi”,- deydi sharhlovchi Farxod Tolipov.

Tojikiston qurilish mollari ortilgan yuk vagonlarining O’zbekistonda ushlab qolinayotganini “Rog’un” GESi qurishni to’xtatish uchun qilinayotgan harakat deb hisoblaydi. O’zbekiston nazarida “Rog’un” qurilishi suv oqimiga va ekologiyaga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligiga asoslangan mamlakat suv kamayishidan xavotirda.

“Gap mintaqa xavfsizligi, barqarorligi haqida ketmoqda. “Rog'un” kabi suv to'g’onlarini qurishda davlatlar faqat o’z siyosiy pozitsiyalarini emas, balki ekologiyani ham nazardan qochirmasligi kerak. “Rog’un” seysmik jihatdan juda xavfli hududda joylashgan”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Mintaqa rahbarlari uchrashganida suvdan foydalanish bo’yicha o’zaro manfaatli, yagona qarorga kela olmagan. Jahon Banki “Rog’un” qurilishi bo’yicha tekshiruv boshlagan.

“O’zbekiston xalqaro ekspertiza talabini qo’ydi. Tojikiston ham bunga rozi. Demak, ekspertiza natijalarini kutish kerak. Busiz Tojikistonga nisbatan chora ko’rishga zarurat yo’q”, - deydi Farxod Tolipov.

Tojikiston va Qirg’iziston elektr energiyasiga bo’lgan ehtiyojni yirik suv to’g’onlarini qurish orqali hal etmoqchi. O’zbekiston esa Amudaryo va Sirdaryo quyida joylashgan. Oqim kamaysa, bu davlat hayotiga katta zarar yetishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG