Ekspert: Yechim Karimov va Rahmon qo'lida


Almati, 28-aprel, 2013

Almati, 28-aprel, 2013

Suv bu hayot. U - eng tabiiy talablardan biri. Bu hafta Tojikiston poytaxti Dushanbeda kechgan xalqaro anjumanda shu borada xitoblar yangradi. Qay davlat vakili so’zlamasin, shu jumladan, mezbon davlat rahbari Emomali Rahmon, aholini suv va quvvat bilan ta’minlash asosiy vazifa deya qayd etdi. Zaxiralarni ayab ishlatish, ta’minot va irrigatsiya tizimlarini yangilash darkor degan chaqiriqlar bo’ldi. Koshki edi bu gaplar bilan kunning dolzarb muammolari hal qilina boshlasa, deydi kuzatuvchilar. Anjumanlarda berilgan va’dayu, jarangdor bayonotlar suv kabi oqadi ketadi.

Tojikiston qo’shnisi O’zbekiston bilan bir necha yildan beri o’z GES loyihasi ustida tortishib keladi. Rog’un gidro-inshooti, rasmiy Dushanbe nazarida, Tojikistonni energetik mustaqillikka yetaklaydi. Rasmiy Toshkent ta’biricha, bu proyekt amalga oshsa, turgan bitgani zarar bo’ladi, nafaqat unga balki butun mintaqaga, ham ekologik, ham iqtisodiy jihatdan. Qizig’i, Tojikistonda rejalangan GESni qurish uchun moliya yo’q. Loyiha anchadan beri Jahon banki tomonidan tekshiruv ostida, ekspertlar uni o’rganib chiqmoqda. Hisobot 2014-yilning boshida e’lon qilinishi kutilmoqda. Xalqaro hamjamiyat, xususan BMT, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi pozitsiyasi shuki, Jahon banki nima desa, davlatlar shu yo’ldan borishi kerak. Dushanbedagi anjumanda O’zbekiston delegatsiyasi rahbari, Qishloq xo’jaligi va suv resurslari vaziri o’rinbosari Shavkat Hamroyev xalqaro qonunlarni eslatib, Tojikistonni ularga rioya qilishga chaqirdi.

G’arblik ekspert Voker Jakobi (Volker Jacoby) taxminicha, masala Jahon banki hisoboti bilan o’z yechimini topmaydi.

“Jahon banki xulosalari har ikki tomonni ham xursand qilmasligi mumkin. Hujjat albatta muhokamaga qo’yiladi. Bilishimcha, hisobot bir necha qismdan iborat bo’lib, nafaqat Rog’un balki mintaqaviy vaziyat, suv boyliklari bilan bog’liq masalalarni o’z ichiga oladi. Tomonlarni murosaga chorlaydi, ammo konkret yechim taklif qilmaydi”,- deydi olim.

Yechim – davlatlar qo’lida, ularning irodasiga bog’liq, deydi Jakobi. Suv kelishmovchiligi, afsuski, O’zbekiston va Tojikiston orasidagi ko’plab muammolardan biri. Tomonlar gaz va tok ta’minoti, temiryo’l harakati, chegara xavfsizligi va demilitatsiya, kirib-chiqish, savdo va sanoat bobida tortishib keladi. Siyosiy qarama-qarshilik bois har ikki tarafda etnik kamsitishlar kuchaygan. Bir-biriga bog’lanib ketgan nozik masalalar bular, deydi Voker Jakobi.



O’zbekiston va Tojikiston rahbarlari bir-birini yoqtirmasligi ham hammaga ayon, deydi tahlilchi. Prezidentlar nimaga qodir ekanini ko’rsatib qo’yish, o’zini qo’shnisidan kuchliroq qilib namoyon etish uchun ham murosa yo’lini tanlamayapti. Shunisi aniqki, Tojikiston ancha kichik va qashshoq mamlakat. O’zbekiston esa Sovet davrida ham unga nisbatan yaxshiroq yashagan. Bugun esa har ikkisi mustaqil davlat, suveren tuzumlar. Murosa qilishni bir-biriga bosh egish deb tushunadi. Aks holda masala allaqachon yechilgan bo’lardi, deydi Voker Jakobi. Rahbarlar o’zicha mag’rur, o’z millati va mamlakati sha’ni uchun turib berishga harakat qilayotgandek, vaholanki nizolar qanchalik uzoqqa cho’zilsa, ziddiyat qanchalik chuqur ildiz otsa, yonma-yon yashaydigan ikki xalq shunchalik ko’p aziyat chekadi.

Tojikiston va O’zbekiston bir-biriga har jihatdan kerak, deydi Voker Jakobi.

Qo’shnichilik murosadan boshlanadi, deydi ekspert. Dunyoda qayerga qaramang, yonma-yon davlatlar bir-biri bilan suv bo’lishadi. Ob-hayot chegaralar osha oqib, milliardlarni boqadi. Markaziy Osiyoda suv taqsimotini liderlar bir yoqadan bosh chiqargan holda hal etishi mumkin, agar buni sidqidildan istashsa, deydi Jakobi.

Shaxsiy manfaatlar va shaxsiy raqobat, etnik kamsitish va mantiqsiz hatti-harakatlar chetga surilishi kerak. Afsuski, deydi tahlilchi, siyosatni bulardan tozalash qiyin. Shunday ekan, ziddiyatlar ham barham topmaydi.

Tashqaridan kuzatayotganlar nazarida bu davlatlar chiqishsa, faqat foyda ko’radi. Lekin O’zbekiston va Tojikiston rahbariyatlariga buni tushuntirish qiyin, tuzumlar tushunishga moyil emasdek.

Mahalliy ziyolilar fikricha ham masala yechimi Islom Karimov va Emomali Rahmon qo’lida. Ular kelishmovchiliklarni bir piyola choy ustida muzokara va murosa bilan bartaraf etishi mumkin. Murakkab masalalar vaqt o’tgan sari yanada murakkab tus oladi, mayda muammolar ham ularga qo’shilib, eplab bo’lmaydigan holga yetishi mumkin.

"Muammo borki, ularning yechimi kuchli iroda talab qiladi. Shunday ekan, bu holatda, vazifa Karimov va Rahmon, ikki prezident zimmasida",- deydi Jakobi.

O’tgan yillar ichida xalqaro matbuotda, shu jumladan rus va ingliz tillarida chop etilgan qator maqolalarda O’zbekiston va Tojikiston suv talashib hatto urushga ham borishi mumkin degan vahimali bashoratlar tarqaldi.

Shuningdek, Tojikistonda O’zbekistonga qarshi, O’zbekistonda esa Tojikistonga qarshi kayfiyat kuchaydi. Hozirga kelib, bu keskin propaganda biroz yumshagandek. Lekin xavotir o’sha o’sha.

Voker Jakobi (Volker Jacoby) Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, shuningdek, BMTda ishlagan. Bugungi kunda Vashingtondan turib tahlilchilik qiladi.

Voker Jakobi (Volker Jacoby) Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, shuningdek, BMTda ishlagan. Bugungi kunda Vashingtondan turib tahlilchilik qiladi.

Urush bo’ladi deb vahima ko’tarish ahmoqlik, deydi Voker Jakobi. Birodar xalqlar bir-biriga qarshi qurolli hujum boshlaydi deb o’ylashning o’zi tasavvurga sig’maydi, deydi har ikkala mamlakatda yashagan, ishlagan mutaxassis.

Tojikistonda bir milliondan ortiq o’zbek bo’lsa, O’zbekistonda bir milliondan oshiq tojik bor. Qizig’i ularning ko’pi bu yerlarni asl vatan deb biladi, ya’ni bugungi O’zbekistondagi tojiklarning ko’pi hech qachon Tojikistonda, bugungi Tojikistondagi o’zbeklarning ko’pi esa hech qachon O’zbekistonda yashamagan. Chegarani sovetlar chizgan, odamlar o’z yerida.

Siyosiy kelishmovchiliklar uchun esa ikki o’jar rahbar javobgar. Ikki xalq yonma-yon farovonlikda yashasin desa ular manmanlikni sal chetga surib, bir-biriga qo’l berib, ikki davlat orasidagi qatnovni, chegara osha savdoni, gaz va energetika ta’minotini joyiga qo’ysin. Bu zamon talabi, qolaversa suv singari tabiiy talab ekani nafaqat mahalliy aholiga balki chet eldagi kuzatuvchiga ham oydek ravshan.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG