AQShda O'zbekiston fuqarosi terrorchilikda ayblanib hibsga olindi

  • Amerika Ovozi

AQSh rasmiylarining xabar berishicha, Aydaho shtatida 30 yoshli Fazliddin Qurbonov terrorchilikka aloqador ayblovlar bilan hibsga olingan.

U Aydahoning Boyse shahrida qonuniy yashab kelgan O'zbekiston fuqarosi ekani aytilmoqda.

Shtat prokuraturasi e'lon qilgan ma'lumotga ko'ra, Qurbonov 2012-yilning avgustidan beri O'zbekiston islomiy harakatiga pul jo'natib turgan. Shuningdek, terror guruhiga bomba tayyorlash bo'yicha ko'rsatmalar yuborgani ham aytilmoqda. Agar aybdor topilsa, ayblovlarning har biriga 15 yil qamoq jazosi olishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalari xabariga ko'ra, Fazliddin Qurbonov oilasi bian birgalikda O'zbekistonda nasoro dinini qabul qilgan va diniy tazyiqlardan qochib AQShga ko'chib kelgan. Keyinchalik Qurbonovning yana islom diniga qaytib kirgani aytilmoqda.

Xavfsizlik xizmati Qurbonov faoliyatini yaqindan kuzatib borganini va terror xavfining oldini olish uchun uni hibsga olganini aytmoqda.

Qurbonov qo'l granatasini saqlaganlikda ham ayblanmoqda. Ushbu jinoyat uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Bu shaxsga Yuta shtatida ham ayblov qo'yilgan. Bu yerda u internet orqali bomba tayyorlashni o'rgatuvchi video ko'rsatgani, portlovchi modda uchun kerakli qismlarni qayerdan va qanday xarid qilish mumkinligi haqida ma'lumot bergani aytilmoqda. Yuta prokuraturasi tomonidan olg'a surilgan ayblovlar uchun gumondor 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi ehtimoldan xoli emas.

Fazliddin Qurbonov bugun Boyse shahrida bo'lib o'tgan ilk sud tinglovida o'zining aybsiz ekanini aytdi. To'lov evaziga sudgacha ozod etish haqidagi tinglov kelasi hafta seshanba kuni bo'lib o'tadi. Sud kuni 2-iyulga belgilangan.

Aydaho shtatida ayblov rasman e'lon qilingach, so'ng u Yuta shtatiga jo'natilishi mumkin.

O'zbekiston islomiy harakati 1998-yilda tashkil etilgan bo'lib, O'zbekistonda amaldagi rejimni ag'darib, xalifalik qurishni o'zining asosiy maqsadi deb biladi. Afg'onistonda joylashgani aytiladigan bu guruh dunyoning ko'plab davlatlari, jumladan, AQSh tomonidan terrorchi tashkilot sifatida ro'yxatga olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG