Xorijdagi tergov va sud ishlari O'zbekiston hukumatiga zarbami?


Prezident Islom Karimov, Samarqand, 1-noyabr, 2015

Prezident Islom Karimov, Samarqand, 1-noyabr, 2015

Shvetsiyada taniqli imom Obidxon qori Nazarovga suiqasdda aybdor topilgan Yuriy Jukovskiy bir umrga ozodlikdan mahrum qilindi. Hukm, huquq faollari nazarida, tarixiy voqea. Muxolifatchilar fikricha, bunday jinoyatlar bilan bog'liq ishlarda faqat ijrochilar javobgarlikka tortilishi kifoya emas. Aslida Jukovskiy 18 yillik qamoq jazosiga loyiq topilgan edi.

Sud ayblov va jabrlanuvchilar tomonidan kiritilgan shikoyatni inobatga olib jazoni qayta ko’rib chiqqan. Bir umr ozodlikdan mahrum etilish - Shvetsiyada eng og’ir jazo.

Hukmda Nazarovni otish uchun xorijdan buyurtma bo’lganligi ta’kidlangan, ammo bu buyurtma kim tomonidan qilingani ko’rsatilmagan. Prokuratura Nazarovni o’ldrishga O’zbekiston tomon buyurtma bergan deb hisoblaydi.

Ayni paytda Turkiyada 2014-yilda Istanbulda otib ketilgan o’zbek imomi Abdulloh Buxoriy ishi bo’yicha mahkama davom etmoqda.

Turk matbuotining yoritishicha, imomni o’ldirish buyurtmasi o’zbek maxsus xizmatlari tomonidan olingani ehtimoldan xoli emas, buning uchun qotilga 200 ming dollar to’langan.

Shvetsiyada yashayotgan o’zbek faollaridan biri To’lqin Qorayev fikricha, mahkama qarorida buyurtmachi kimligi yaqqol ko’rsatilmagan bo’lsa-da, bu ish jamoatchilikda o’zbek rejimi haqidagi tasavvurlarni ancha kengaytirgan.

“Bitta ish ikki marta ko’rildi. Yakuniy qaror esa adolatli bo’ldi - Jukovskiy bir umrlik qamoqqa hukm qilindi. Albatta bu - unda qamoqda chiqish uchun boshqa imkoniyat bo’lmaydi degani emas. Shved qonunchiligiga ko’ra, ma’lum vaqtdan keyin unga shunday huquq beriladi. Albatta bu mahkama O’zbekiston hukumati obrosiga o’z ta’sirini ko’rstadi ”, - deydi u.

Irlandiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan huquq himoyachisi Abdujalil Boymatov nazarida, o’zbek rejimi aloqador ko’rilayotgan mahkama Turkiyada ham davom etayotgani xorijdagi o’zbek muxolifatini xavfsizroq qiladi.

“Biz Nazarov otilganidan boshlab, sudning yakuniy qarorigacha hammasini kuzatdik. Bu mahkama o’zbek fuqarolik jamiyati uchun katta g’alaba bo’lmasa ham kelajakka umid beradi. Bu ikki jinoyat misolida o’zbek rejimi qanaqaligi butun dunyoga ko’rsatildi. Suiqasdda rejimning qo’li borligi fosh qilindi, Shevtsiyada ham, Turkiyada ham. Abdulloh Buxoriy, Umarali Quvvatov (Turkiyada otib ketilgan tojik muxolifatchisi) mahakamasi Turkiyada katta sensasiya bo’ldi. Ko’p narsalar fosh bo’ldi”, - deydi Boymatov.

Karimov ma’muriyati dunyoga sharmanda bo’layapti, deydi faollar.

“Men o’ylashimcha, O’zbekiston hukumati uchun so’ngi paytda uchta katta zarba bo’ldi, Birinchisi, so’mning qadrsizlanishi. Ikkinchisi, Gulnora Karimova mojarosi. Uchinchisi esa Yevropadagi mahkama ishlari”, - deydi Boymatov.

To’lqin Qorayev ta’biricha esa bu mahkamalar asosan ulamolarni nishonga olayotgan rejimga uncha ta’sir qilmaydi.

“Hozir o’zbek rejimi uchun juda yaxshi sharoit. Rejimning o’zi islom diniga qarshi turibdi. Yaqish Sharq yonib yotibdi. Butun Yevropa islomlashmaymiz deb oyoqqa turgan. Shunday bir sharoitda O’zbekiston rejimiga nisbatan biror chora ko’rilmaydi. Aksincha bu rejimni qo’llaydigan siyosatchilar yaqin kelajakda Amerikadan ham,Yevropada ham paydo bo’ladi. Chunki hozirgi sharoitning o’zi shunga qarab borayapti”, - deydi Qorayev.

O’zbekiston hukumatining keskin tanqidchisi bo’lgan imom Obidxon Nazarov 2012-yilda Shvetsiyadagi uyi yonida otib ketilgan edi. Suiqasddan omon chiqqan imom uzoq vaqt koma holatida yotdi. Radikal qarashdagi ma’ruzalari bilan tanilgan Abdulla Buxoriy esa 2014-yilda Istanbulda o’ldirilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG