O'zbekiston turk bizneslari mamlakatga qaytishini istaydi


Istanbulda o'tgan biznes forumda hamkorlik bitimlari imzolandi

Istanbulda o'tgan biznes forumda hamkorlik bitimlari imzolandi

O'zbekiston Turkiya bilan iqtisodiy manfaatlar asosida aloqalarni rivojlantirish niyatida, ammo o'rtada ochiq siyosiy muloqot o'rnatilmas ekan, iqtisodiy hamkorlik uzoqqa bormasligi aytilmoqda.

Istanbuldagi o'zbek-turk biznes forumida 10 dan ortiq sohalarda hamkorlik loyihalari muhokama qilingan, o'zbek tomoni turk ishbilarmonlarini mamlakatga qayta taklif qilgan. Prezident Rajab Toyib Erdog'an O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Rustam Azimov boshliq delegatsiya bilan muloqot o'tkazgan.

Turkiya matbuotiga ko'ra, Erdog'an va Azimov o'rtasida bir soatdan oshiq davom etgan uchrashuv yopiq eshiklar ortida o'tgan.

Rustam Azimovni Turkiyaga safaridan asosiy maqsad o'zbek-turk biznes forumini o'tkazish bo'lgan. Istanbulda o'tgan bu forumda O'zbekiston tomoni turkiyalik tadbirkorlarni mamlakatga sarmoya yotqizishga chaqirgan, ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish muhokama qilingan, bir nechta bitimlar imzolangani ham xabar qilinadi.

O'zbekiston-Turkiya neft va gaz, qazilma boyliklari, to'qimachilik sanoati, sayyohlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirishi mumkinligi e'tirof etilgan.

Turkiya biznesi O'zbekistonda sarmoya qilish bobida achchiq tajribaga ega. Islom Karimov davrida o'ta sovuq bo'lgan aloqalar ko'plab turkiyalik tadbirkorlarning mol-mulki musodara qilinishi bilan tugadi. Erdog'anning O'zbekistonga tashrifi ham Karimovning o'limi ortidan kuzatildi.

Ammo Turkiya rahbarining Samarqandga qilgan tashrifi ham, Istanbulda o'tgan biznes forum ham uzoq yillar tarang qolgan munosabatlarni iliqlashtirish uchun yetarli deb ko'rilmaydi.

Turkiyada yashayotgan o'zbekistonlik siyosatshunos Namoz Normo'minga ko'ra, o'zaro iqtisodiy hamkorlik kelajagi siyosiy munosabatlarning qanday rivojlanishiga bog'liq.

“Nega deganda ikki tomon ham to'siqlar borligini, ehtiyotkorlik borligini tushunadi. Zotan Karimov davrida Turkiya bilan hech bir sohada jiddiy aloqalar yo'q edi. Biznes forumda turli sohalarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga kelishilgani haqida ma'lumot berilayapti, lekin bular umumiy ma'lumotlar. Aslida Turkiyada siyosat shundayki, bunday hamkorlik, masalan, davlat rahbari Erdog'anni yirik tadbirkorlar guruhi bilan amalga oshirilgan shov-shuvli tashrifi va turli shartnomalarning imzolanishidan so'ng bunga kirishiladi. O'zbekiston misolida esa Erdog'anning Samarqandga tashrifi, kechagi bisnes forumni inobatga olmasa, bunday yirik siyosiy uchrashuvlar amalga oshmadi. Hozir Erdog'anni qayta O'zbekistonga borishi yoki Mirziyoyevni Turkiyaga kelishi kun tartibida turishi kerak”, - deydi Normo'min.

Toyib Erdag'on o'tgan yilning noyabrida Karimov qarbini ziyorat qlish uchun Samarqandga borganida Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan, uni saylov g'olibi sifatida qutlab, Turkiyaga taklif qilgan.

Bu ushrashuv natijasida tomonlar aloqalarda yangi davr boshlanishi haqida bayonot qilishgan edi. O'zbekiston Turkiya bilan vizali tartibni bekor qilishi haqida ma'lumotlar chiqdi, ko'p o'tmasdan bu inkor ham etildi.

O'zbekiston bosh vaziri muovini Rustam Azimov

O'zbekiston bosh vaziri muovini Rustam Azimov

Siyosiy aloqalarning uzoq yillar muzlatilishi o'zbek muxolifatining Turkiyada boshpana topgani bilan bog'liq. Hukumatlar uchun bu to'siq bo'lishi mumkinmi?
“Bu narsa faqat O'zbekiston tomonidan iddao qilib kelingan. 2000-yildan keyin ham Turkiyadagi o'zbekistonliklar soni 100 mingdan oshdi. Ular orasida har xil toifadagi odamlar bor, faqat muxolifat emas. Qolaversa, muxolifatning boshqa boradigan joyi ham yo'q. Turkiyada nafaqat O'zbekistondan, balki butun musulmon dunyosidan muhojirlar, muxoliflar bor. Shuning uchun O'zbekistonni bunday iddao qilishi noto'g'ri, buni hisobga olmaslik kerak. Men bir muxolifatchi sifatida aytaman, biz Turkiya bilan aloqalarni rivojlanishiga hissa qo'shishga tayyormiz. Turkiya bo'yicha mutaxassismiz, bu yerdagi ichki siyosatni, umumiy ahvolni yaxshi bilamiz. Agar o'zbek hukumati bu borada muxolifat bilan hamkorlik qilmoqchi bo'lsa. Endi 21-asrga kelib, muxolifatchilarga bunday qil, unday qil, deyish bilmadim qanchalik to'g'ri”, - deydi Namoz Normo'min.

Ayni damda Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy islohotlarga urg'u bermoqda, u tadbirkorlarga yengillik beruvchi bir qancha qarorlar imzoladi. Konvertatsiya muammsoni hal etishga ham va'da bergan. Ammo hozircha xorij sarmoyasi, jumladan turkiyalik tadbirkorlar O'zbekistonga kirishga shoshmayapti.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG