Breaking News

O’zbekiston xalqi siyosatdan mutlaqo chetlatilgan, deydi Namoz Normo'min


Toshkent
Toshkent
Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Rossiyaning qo’shni Ukrainaga doir siyosatidan prezident Vladimir Putinning Sovet Ittifoqini tiklash rejasini ko’rish mumkin. Siyosatda sust o’zbek jamiyatida bunga munosabat qanday? Hamkorimiz Malik Mansur avval o’zbek muxolifati faollaridan bo’lgan, hozirda esa xorijda yashayotgan Namoz Normo’min bilan shu haqda gaplashdi.
O’zbek xalqi siyosatdan mutlaqo chetlatilgan mavhum kuch, deydi Namoz Normo'min
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:01 0:00
Yuklab oling

Rossiyaning Ukraina bo’yicha siyosati sobiq ittifoqni tiklash xavotirini kuchaytirish bilan birga mintaqada o’ziga xos to’lqinni ham boshlab berdi, deydi Namoz Normo’min.

“Bu to’lqin hozir Qozog’istonga yetib keldi. Almatida 500 ga yaqin ziyolilar forum o’tkazishib, Rossiya siyosatiga nisbatan o’z noroziliklarini bildirishdi. Qirg’izistonda esa “Gazprom” mamlakatni gaz sanoati bilan bog’liq shirkatini tamoman sotib oldi. Bu bilan Rusiya sobiq SSSRni qayta tiklash loyihasi bo’yicha harakatini boshladi”.

Sobiq ittifoqda yangi bir davr boshlanmoqda, deydi suhbatdosh.

“Rossiya va Ukraina o’rtasida ixtilof kuchayaversa, albatta bu voqealar Rossiyaning o’zida ham tarqaladi. Rossiya - federatsiya, unda milliy jumhuriyatlar bor. Bu jarayon Rossiyaning o’zi uchun muammo bo’lishidan tashqari bizning mintaqamiz, xususan O’zbekiston uchun ham salbiy holat, chunki O’zbekistonda o’zgarish vaqti yetib keldi, buni hamma bilib turibdi”, - deydi Normo’min.

Lekin yuqorida tasvirlangan to’lqin O’zbekistonda kuzatilyotgani haqida gapirish qiyin. Tuzum va vaziyatda oshkoralikka undovchi biror o’zgarish sezilmaydi. Karimov rahbariyati Ukrainaning hududiy yaxlitligigini hurmat qilish kerak deb bayonot bergan xolos. Ijtimoiy tarmoqlarda ketayotgan bahs va munozaralarga qarab shuni aytish mumkinki, jamoatchilik fikri turlicha. Kimdir Rossiyani olqishlasa, boshqalar G’arb tomonida, boshqalar esa masala juda murakkab deb betaraf.

Namoz Normo’min fikricha, o’zbek xalqi siyosatdan mutlaqo chetlatilgan mavhum kuch va jamiyatda hozirdanoq ochiqlik boshlanmas ekan, to’satdan kelgan to’lqin bu kuchni yanada xavfli qiladi.

“Agar eslasangiz, Gorbachyov zamonida qayta qurish boshlanganida O’zbekiston hech narsa kuzatilmagan edi. 3-4 yil o’tib keyin O’zbekistonga kirib keldi. Hozir ham O’zbekistonda totalitar bir tuzum. Xalqning siyosiy, mafkuraviy va ijtimoiy sohada o’zini ko’rsatish imkoniyati batamom yo’q qilingan. Xalq hozir oldi to’sib qo’yilgan katta bir to’gonga o’xshab qolgan. Biz mana Rog’unni gapiramiz. Agar qurilsa, xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin deyishadi. O’zbekistonda ham ijtimoiy-siyosiy vaziyat shunda bir holatga kelgan, juda tarang. Yo’l ochilgan taqdirda voqealar qaysi tomonga rivojlanib ketishi aytish juda qiyin”, - deydi suhbatdosh.

O’zbekistonda xavfning oldini olishning yagona yo’li hukumatni tinch yo’l bilan almashishi bo’ladi.

“Hozir bu borada bir narsa deyish juda qiyin. Karimov o’z vakolatlarining bir qismini Bosh vazirga o’tkazgan, palament mas’uliyati oshirilgan. Shunchaki qilindi. Karimov ish boshida ekan, bu narsaga amal qilinmaydi. Lekin Karimovdan keyingi davrda prezident diktatorligi o’rnatilmagan, parlament faoliyat olib boradigan, Bosh vazir faol bo’lgan bir sistema yuzaga chiqadigan bo’lsa, tinch yo’l bilan hozirgi rejimni isloh qilish mumkin deb hisoblayman. Lekin buning uchun jamoatchilikka, muxolifatga yo’l ochilishi kerak. Din va dunyoviylik masalasini bir-biriga qarama qarshi qo’ymaslik kerak. Mana shunday siyosat, mo’tadil, o’rta bir yo’l tanlanishi kerak”, - deydi Namoz Normo’min.

Mintaqa davlatlarida mustaqillik harakati SSSRning so’nggi rahbari Mixail Gorbachyov olg’a surgan oshkoralik davri samarasi o’laroq boshlangan edi. Ukraina hodisalari ortidan Rossiyadagi bir guruh deputatlar Gorbachyovni SSSRni noqonuniy tarqatishda ayblab bosh prokuraturaga murojaat bilan ham chiqishdi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG