O'zbekiston BMTga: Barqarorlik birinchi o'rinda

  • Amerika Ovozi

Abdulaziz Komilov, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri

Abdulaziz Komilov, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri

"O'zbekiston BMT tamoyillari va o'z bosh qomusiga sodiq qoladi",- deya ta'kidladi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Bosh Assambleya sessiyasida so'zlar ekan. (VIDEO)

“Muvaqqat Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganidek, biz barcha davlatlar bilan do'stlik va hamkorlik rishtalarini o'zaro hurmat, tenglik va manfaatlarga asoslangan holda davom ettiramiz va mustahkamlab boramiz",- dedi Komilov.

Biroq Mirziyoyevning rahbarlikka tayinlangani konstitutsiyaga zid hol deb ko'riladi, chunki bosh qomusga ko'ra, prezident o'z vakolatlarini bajara olmay qolgan holda Senat raisi vaqtincha uning o'rnini egallashi, uch oy ichida saylov o'tib yangi prezident saylanishi kerak edi.

Prezident Islom Karimov salkam bir oy oldin vafot etdi. Milliy motam tugagach, Oliy Majlis yig'ilib, unda Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev muvaqqat rahbarlik vazifasini bosh vazirga topshirayotganini bayon etdi. Mirziyoyevni u o'zidan ko'ra tajribaliroq arbob deb atadi. Boshqalar ham bosh vazirni quvvatlab chiqdi va Mirziyoyev muvaqqat rahbarlikka tayinlandi.

Bu "tomosha" xalqaro hamjamiyatga Islom Karimovning bosh qomusni chetlab o'tgan holda rahbarlikka ikki bor qayta saylanganini eslatdi. Konstitutsiyaga binoan, bir kishi prezidentlikda ikki muhlat xizmat qilishi mumkin xolos.

Biroq Karimov bu lavozimda 26 yil o'tirdi. Qayta nomzodlikka qo'yilishi va saylanishi konstitutsion tuzatishlar, xususan prezident muddatining besh yildan yetti yilga va keyinroq yetti yildan besh yilga o'zgartirilishi bilan asoslandi.

Tashqi ishlar vaziri BMTga dediki, O'zbekiston boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaydi va har qanday mojaro tinch va siyosiy yo'l bilan hal etilishini istaydi.

Komilov xalqaro hamjamiyatni Afg'onistonga yordam berishda davom etishga chaqirdi. Bu mamlakat tinchligi butun mintaqa uchun nihoyatda muhim, deya urg'u berdi.

O'zbekiston, BMTga oldingi sessiyalarda ham eslatganidek, e'tiborni Orol dengizi fojiasiga qaratdi. Atrof-muhit himoyasi respublika uchun ustuvor masalalardan biri, deya qayd etdi Komilov.

Insoniyat xavfsizligi bilan bog'liq barcha qarorlar va choralarga BMT bosh-qosh bo'lishi kerak, deydi tashqi ishlar vaziri.

Komilov BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va a'zo davlatlarga O'zbekistonning yaqinda vafot etgan uzoq yillik rahbari Islom Karimovni xotirlab bildirilgan so'zlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG