O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov BMT minbarida


Abdulaziz Kamilov, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri

Abdulaziz Kamilov, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri

Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda davom etayotgan 68-sessiyasida so'zlagan Abdulaziz Komilov gapni xavfsizlik masalasi va Afg'onistondagi vaziyatdan boshladi.

Sessiyadan tashqari Komilov juma kuni ertalab AQSh Davlat kotibining Siyosiy masalalari bo'yicha muovini Vendi Sherman (Wendy Sherman) va Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk (Robert Blake) bilan muzokara olib bordi. Muloqotdagi asosiy mavzu Afg'oniston bo'ldi. Bleyk lavozimini tark etish arafasida. Uning o'rniga Nisha Bisvol (Nisha Biswal) tayinlangan va diplomat yaqin kunlarda ishga tushishi kutilmoqda.


"Afg'onistonda 30 yildan oshibdiki, urush davom etarkan, bu mintaqaviy va global tinchlikka tahdid solayotgan eng jiddiy muammolardan biri", - dedi Komilov.

Bu o'lkada yaqin kelajakda nima bo'lishini taxmin qilish qiyin, deydi vazir. Shunday ekan, 2014-yilda xalqaro koalitsiya chiqib ketishi ahvolni yanada izdan chiqarishi mumkin.

Terrorizm, ekstremizm, qoradori savdosi va mintaqalararo mojarolar avj olish ehtimoli yuqori, deydi Komilov. Bu albatta Markaziy Osiyodek yirik regionga salbiy ta'sirini ko'rsatadi.

"Afg'onistondagi muammoni harbiy yo'l bilan hal etish mumkin emas. Buni dunyo tushunib yetgan. Yechim - siyosiy muzokaralar va murosada. Xalqaro hamjamiyat va BMT faol harakat qilishi kerak", - deydi O'zbekiston bosh diplomati.

"Mamlakatimiz Afg'onistonga nisbatan ochiq va aniq siyosatga ega. U yaxshi qo'shnichilik va ichki masalalarga aralashmaslik tamoyillariga asoslanadi. Ikki tomonlama aloqalar zaminida o'zaro manfaatlar yotadi va biz afg'on xalqi saylagan hukumat bilan yaqindan ishlashda davom etamiz degan niyatdamiz. Afg'onistonga iqtisodiy jabhada amaliy ko'mak ko'rsatishda ham davom etamiz".

Lekin, deydi vazir, bu yurtning qanchalik tinch va notinch bo'lishi hamkorlikka ham shunchalik ta'sir ko'rsatadi. Barqarorlik asosiy shart axir, deya eslatadi u.

Komilov ko'targan ikkinchi masala bu ekologiya bo'ldi.

Taraqqiyot va ekologik xavfsizlik bir-biriga chambarchas bog'liq, deydi vazir. 2013-2017-yillar orasida amalga oshirilishi rejalangan maxsus dastur uchun O'zbekiston hukumati 2 milliard dollardan oshiq mablag' ajratadi. Maqsad - atrof-muhitni asrab-avaylash, tabiiy boyliklarni ayab ishlatish va iqtisodiyotda ekologiya muhofazasini ta'minlovchi talablarni joriy etish.

Komilov Orol dengizi fojiasiga ham to'xtalib, uning oqibatlari cheksiz ekanini tan oldi. BMT va Bosh kotib Pan Gi Munga shaxsan tashakkur bildirib, bu borada berilayotgan e'tibor uchun rahmat aytdi.

"Fursatdan foydalanib, xalqaro donorlarni Orol dengizbo'yi mintaqasiga yordamni oshirishga undayman", - dedi tashqi ishlar vaziri.

Komilov deydiki, bu ko'mak juda og'ir sinovlar bilan yuzlashayotgan aholi ravnaqi, xususan sog'liqni saqlash, bola va ona salomatligi va yuqumli kasalliklarga qarshi kurash uchun xizmat qiladi hamda tabiatni iloji boricha asrash uchun madad bo'ladi.

Afg'onistondagi muammoni harbiy yo'l bilan hal etish mumkin emas. Buni dunyo tushunib yetgan. Yechim - siyosiy muzokaralar va murosada. Xalqaro hamjamiyat va BMT faol harakat qilishi kerak
Uchinchi masala, deydi O'zbekiston bosh diplomati, suv zaxiralari va ob-hayot ta'minoti.

"Bir narsa hammaga oydek ravshan - Amudaryo va Sirdaryo azaldan Markaziy Osiyodagi asosiy suv yo'nalishlari va butun mintaqa ahli uchun ob-hayot manbai. Orol dengiziga quyiladigan daryolar bular".

"Shunday ekan, Tojikiston va Qirg'iziston ulkan, global hajmdagi gidro-inshootlar qurib, masalan 350 metr balandlikdagi Rog'un GESi Amudaryo bo'yida, 275 metr balandlikdagi Qambarota-1 GESi esa Sirdaryo suvini olishi mumkinligi bizni kuchli xavotirga solmoqda", - deydi Komilov.

Olimlar va mutaxassislar tahlilicha, deydi vazir, yuqorida tilga olingan loyihalar amaliyoti o'ta salbiy oqibatlarga yetaklashi mumkin, xususan mintaqaga suv yetishmay qolishi, buning natijasida iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat halokat yoqasiga borishi mumkin. GESlar seysmologik jihatdan xavfli hududlarda qurilayapti, Rixter shkalasida 9-10 balgacha zilzila tahdidi mavjud joylarda, deydi Komilov.

O'zbekiston pozitsiyasi qat'iy: bunday GESlar tegishli davlatlarning roziligisiz bunyod etilmasligi kerak. Xalqaro ekspertlar har ikkala loyihani BMT boshchiligida o'rganib chiqib, xolis hisobot berishi, suv tizimlari, ekologiya, flora va faunaga salbiy ta'siri bo'lmasligini kafolatlashi shart.

O'zbekiston pozitsiyasi xalqaro qonun va normalarga asoslanadi, deydi Komilov, jumladan, 1992 va 1997-yillarda qabul qilingan BMT konvensiyalariga. Bu hujjatlar mintaqaviy suvlar himoyasi va ulardan qanday foydalanish xususidadir.

O'zbekiston pozitsiyasi qat'iy: bunday GESlar tegishli davlatlarning roziligisiz bunyod etilmasligi kerak.
Komilov BMT minbarida to'xtalgan to'rtinchi masala Mingyillik maqsadlari bo'ldi, ya'ni BMT 2015-yilgacha erishishni ko'zlagan taraqqiyot ko'lami.

"O'zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon iqtisodiy-ijtimoiy sohada, aholi turmush darajasini ko'tarish, ta'lim sifatini yaxshilash, sog'liqni saqlash saviyasini mustahkamlash va ekologiyani muhofaza qilish bobida ulkan yutuqlarga erishdi", - deydi tashqi ishlar vaziri.

"2000-yildan beri mamlakat yalpi milliy mahsuloti 3,1 marotaba, kishi boshiga esa 2,6 marotaba o'sdi. Nominal oylik [inflyatsiya hisobga olinmagan maosh] 22 hissa, nafaqalar 12,7 hissa, kishi boshiga o'rtacha daromad esa [inflyatsiya hisobga olinganda] 8,4 hissa ko'tarildi. O'tgan olti yil mobaynida iqtisodiy o'sish 8 foizdan ham oshib ketdi. Biz bu yutuq bilan faxrlanamiz".

"O'zbekiston hukumati bugun ijtimoiy himoya uchun 5 barobardan ham ziyod mablag' ajratmoqda. Davlat xarajatlarining 60 foizga yaqini ijtimoiy taraqqiyot, jumladan 34 foizdan oshig'i ta'lim va 15 foizdan ko'pi sog'liqni saqlash uchun ishlatilmoqda".

"O'rtacha umr bugun 73,5 yilni tashkil etmoqda, avvallari 66 edi. Onalar orasidagi o'lim hollari 3,2, bolalar orasidagi esa 3,4 hissa kamaydi. Bu O'zbekistonda hayot tobora yaxshilanib borayotganidan dalolat beradi",- deydi Komilov.

Vazir deydiki, respublika BMT agentliklari bilan taraqqiyot va tinchlikni mustahkamlash borasida yaqindan ishlashga shay va tashkilot doirasida faol harakat qilishni maqsad qilgan.

Komilov ma'ruzasini original holda tomosha qiling:

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG