Afg'onistondagi tinchlikdan avvalo O'zbekiston va qo'shnilar manfaatdor


Qo'shni Afg'onistondagi vaizyatni o'nglash bo'yicha hamkorlik O'zbekistonga o'ziga xos ta'sir kuchi va G'arb bilan aloqalarni yaxshilash uchun imkoniyat bermoqda

Qo'shni Afg'onistondagi vaizyatni o'nglash bo'yicha hamkorlik O'zbekistonga o'ziga xos ta'sir kuchi va G'arb bilan aloqalarni yaxshilash uchun imkoniyat bermoqda

AQSh va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlashga harakat qilmoqda. Hamkorlik asosan Afg’oniston bilan bog’liq.

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov kecha Toshkentda AQSh va Germaniyaning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakillari bilan uchrashgan. Respublika xalqaro koalitsiyaga yuk tashiladigan Shimoliy Ta’minot Tizimining bir qismi.

AQSh vakili Mark Grossman va Germaniya diplomati Mixael Shtayner, mahalliy axborot vositalariga bergan intervyisida, Afg’onistonda tinchlikka erishishdan O’zbekiston va butun Markaziy Osiyo manfaatdor ekanini eslatgan.

Islom Karimov

Islom Karimov

Rasmiy Toshkent Afg’oniston kelajagi bilan bog’liq xalqaro anjumanlarda qatnashishga tayyor. Yil oxirigacha Istanbul va Bonnda konferensiyalar o’tishi kutilmoqda.

O’zbekistonlik tahlilchi Farhod Tolipov fikricha kecha Toshkentda kechgan muloqot katta ahamiyat kasb etadi.

“Burhoniddin Rabboniyning o’ldirilishi Afg’onistondagi vaziyat yanada keskinlasha boshlaganini ko’rsatmoqda. Shu bois ko’pchilikda xalqaro qo’shinlarni olib chiqish shoshilinch tarzda qabul qilingan qaror degan xavotir bor. Hozirgi vaziyatdan ko’p tomonlar tashvishda, shu jumladan, albatta Afg’oniston bilan chegaradosh davlatlar ham. Demak, qanday bo’lmasin, qo’shinlar olib chiqilar ekan, baribir Shimoliy Ta’minot Tizimi ishlashi kerak. Uning ishlashi kafolatlanishi kerak. Bu murakkab masala va diplomatik uchrashuvlar, muzokaralarni talab etadi”, - deydi Tolipov.

Mark Grossman, AQSh maxsus vakili

Mark Grossman, AQSh maxsus vakili

Obama ma’muriyatiga rejasiga ko’ra, 2014-yil oxirigacha Amerika qo’shinlari Afg’onistonni butunlay tark etadi. Xavfsizlikni ta’minlash mas’uliyati mahalliy kuchlar zimmasiga yuklatiladi. Bu jarayon boshlanib ketgan. Bir necha tumanlar hozir afg’on zobitlari qo’lida.

Biroq prezident Hamid Karzay va umuman bugungi hukumatga ishonch past. Tolibonning mo’tadil qatlami bilan murosa qilish umidi ham puchga chiqqan.

Shimolda, masalan, bunday muzokara samara bermaydi degan fikr keng tarqalgan.

“Toliblar insoniy qadriyatlarni, sulhni tan olmaydi. Ular bilan mojaroga faqat urush yo’li bilangina xotima berish mumkin”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan bir afg’on.

Rus matbuotida yangrayotgan qarashlardan biri shuki, Afg’onistondan AQSh qo’shinlarining chiqarilishi mintaqada geosiyosiy kurashni avj oldiradi.

Afg’oniston tahdid o’chog’i bo’lib qolar ekan, region yagona bir xavfsizlik tashkilot atrofida jipslashishi kerak degan takliflar bor. Bundan Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti nazarda tutiladi.

O’zbekiston unga a’zo, lekin rasmiy Toshkent undan xafsalasi pir bo’lganini qayd etib keladi.

Farhod Tolipov kabi olimlar nazarida respublika va qo’shnilar qo’shimcha choralar ko’rishga majbur bo’lishi mumkin, lekin Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti shu kungacha nimaga qodir ekanini isbotlay olmagan.

“Afg’onistonda xavf cho’qqiga chiqqan paytlarda, toliblar chegaramizda turgan paytda ham, bu tashkilotdan biror amaliy yordam bo’lmagan. Demak, janubdan xavf kuchayib, terror xurujlari ehtimoli oshgan taqdirda ham, O’zbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlar o’z kuchlariga tayangan holda, uni bartaraf etishi mumkin deb hisoblayman”, - deydi Farxod Tolipov.

Afg’onistondagi 10 yillik urush boshida turgan Amerika va NATO bu zaif davlat va jamiyatni tashlab qo’ymasligini, uning taraqqiyoti va tinchligi uchun yordamni ayamasligini ta’kidlaydi. Qo’shni davlatlar, jumladan O’zbekiston bilan hamkorlikni oshirish, aynan shu maqsadni ko’zlayapmiz, deydi diplomatlar.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG