AQShning O'zbekistondagi yangi elchisi ishonch yorlig'ini topshirdi


O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va AQSh elchisi Pamela Spratlen, 22-yanvar, 2014

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va AQSh elchisi Pamela Spratlen, 22-yanvar, 2014

Bungacha mintaqaning eng demokratik davlati sanalgan Qirg’izistonda elchilik qilgan Pamela Spratlen Toshkentda ish boshlar ekan, huquq himoyachilari umidga to'la.

AQShning O’zbekistondagi yangi elchisi Pamela Spratlen ish boshladi. Diplomat 20-dekabr kuni O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi, bir hafta o'tib esa Oqsaroyda davlat rahbari Islom Karimov huzurida bo'ldi. Serqirra hamkorlik xususida gap ketgan.

O’zbekiston rasmiy axborot vositalari xabariga ko’ra, uchrashuvlarda siyosiy, iqtisodiy, savdo va madaniy aloqalarni rivojlantirishga ahamiyat qaratilib, mintaqadagi vaziyat va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Spratlen xonim O’zbekiston-AQSh aloqalari rivojlanishida faollik ko’rsatgan Jorj Krolning o’rnini egallamoqda.

Bungacha mintaqaning eng demokratik davlati sanalgan Qirg’izistonda elchilik qilgan Spratlen O’zbekistonda faoliyat boshlashiga huquq himoyachilari umid bilan qarashmoqda.

“Hozir ish boshlayotgan elchi juda faol, Bishkekda bo’lganimizda huquq himoyachilaridan u haqda ko’p maqtovlar eshitgan edik. Bu kishi inson huquqlari masalasiga diqqat qaratadi, huquq himoyachilarini qo’llab-quvvatlaydi degan umiddaman. Chunki mustaqil bo’libmizki, inson huququlari masalasida AQSh elchiligi muhim o’rin tutib keladi. Lekin aytish kerak, so’nggi yillarda bu narsaga e’tibor susaydi”, - deydi O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov.

Tahlilchi Iskandar Xudoyberganov nazarida, Vashington-Toshkent munosabatlarida inson huquqlari, demokratik islohotlar bo’yicha burilishlar bo’lishini kutish juda qiyin, bu ko’proq AQShga emas, O’zbekistonga bog’liq masala.

“Chunki shu paytgacha bu narsa o’rganildi, siljish bo’lmadi. Eng asosiysi so’z erkinligi, O’zbekistonda esa bu narsa hanuzgacha yo’q. So’z erkinligi yo’q ekan, boshqa huquqlar haqida gapirish ham noo’rin”, - deydi Xudoyberganov.

Surat Ikromov nazarida inson huquqlari, demokratik islohotlar masalasida AQSh elchisi tutgan pozitsiya juda muhim.

“Ko’pchilik bu sohadan uzoqlashdi, tashlab ketdi. Jorj Krol huquq himoyachilarini qo’llash masalasida unchalik faol emas edi”, - deydi Ikromov.

Iskandar Xudoyberganov fikricha, AQSh-O’zbekiston munosabatlarida xavfsizlik masalasi muhimligicha qoladi, geosiyosiy vaziyat bugun o’ta qaltis.

“Shu geopolitik vaziyat O’zbekistonni o’zgarishlarga majbur qilishi mumkin. Mana Ukraina voqeasi hammaga tushunarli. Karimov SSSRga qaytish bo’lmaydi deyapti, bu Moskva siyosatiga ochiqdan ochiq qarshiman degan gap. Hozir bizga qaratilgan xavf asosan Rossiya tarafidan kelib chiqishi mumkin. Men aynan shu og’ir geopilitik vaziyat O’zbekistonni o’zgarishlarni tanlashga majbur qiladi demoqchiman”, - deydi Xudoyberganov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG