AQSh: O'zbekistonda pora bilan biznes qilgan ikki kompaniyaga 795 million dollardan oshiq jarima

  • Amerika Ovozi

Prezident qizi Gulnora Karimova 2012-yilda Toshkentda Mustaqillik tantanalarini suratga olmoqda

Prezident qizi Gulnora Karimova 2012-yilda Toshkentda Mustaqillik tantanalarini suratga olmoqda

Gollandiyada asoslangan “VimpelCom” va uning hamkori “Unitel” O’zbekistonda biznes qilish uchun hukumatning yuqori lavozimli rasmiysiga katta miqdorda pora berganini tan olib, AQSh Adliya vazirligi bilan murosaga kelgan. Ikkala kompaniya korrupsiyaga qarshi qonunlarni buzgani uchun 795 million dollardan ortiq jarima to’laydi. Tarixda hali bunaqasi bo’lmagan, deydi rasmiylar. Qolaversa, bu hammasi emas. Qo’shma Shtatlar yana 850 million dollarga teng mablag’ni musodara qilmoqchi. Bu ish markazida O'zbekiston rahbari Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova turibdi, lekin uning nomi biror hujjatda tilga olinmaydi. Rahbariyatga juda yaqin yuqori lavozimli shaxs deya qayd etiladi.

Bosh idorasi Amsterdamda joylashganVimpelCom” jahonda oltinchi eng yirik telekommunikatsiya biznesidir. O’zbekiston va boshqa davlatlarda “Bilayn” (Beeline) brendi bilan ma’lum.

Aksiyalari Nyu-Yorkdagi qimmatbaho qog’ozlar bozorida pullanadigan kompaniyaning O’zbekistondagi biznesi “Unitel” 2006-2012 yillar orasida faoliyatni boy bermaslik uchun 114 million dollar pora uzatgan. Gulnora Karimova o'sha paytda Jenevada O'zbekisonning BMTdagi maxsus vakili, diplomati edi.

Bu pul va yana boshqa ikki telekommunikatsiya kompaniyasidan olingan pora - 550 million dollardan oshiq mablag’ Shveytsariya bank hisobida saqlangan, hozirda muzlatilgan va AQSh ularni konfiskatsiya qilmoqchi.

O’tgan yilning yozida Amerika hukumati Belgiya, Lyuksemburg va Irlandiya banklarida turgan 300 million dollardan ziyod pulni ham musodara qilishni boshlagan edi. Bu ham O’zbekiston rasmiysiga berilgan pora, deya bildiradi Adliya vazirligi.

Vazir muovini Lezli Koldvellning qayd etishicha, kleptokratiya va poraxo’rlikka qarshi aniq qonunlar bor, yulg’ichlik - qabih jinoyat. O’zbekiston bilan bog’liq bu korrupsiya ishi fosh etilishi, tegishli ayblar qo’yilib, jazo belgilanishi adolat tomon qadamdir.

Hech kim AQSh moliya tizimidan o’zining qora maqsadlari yo’lida foydalana olmaydi, deydi tergov boshida turgan rasmiylar. Poraxo'rlar Amerika banklari va sistemasidan qo'llangan.

“VimpelCom” va “Unitel” qora ishlarini tan olgan, lekin masala hali tinchigani yo’q. Jinoiy javobgarlikka tortilgan bizneslar mavjud qonunlarning turli bandlarini buzgani uchun jami 835 million dollar to’lashi kerak edi. Biroq barcha ayblovlarni bo’yniga olgani uchun bu miqdor pasaytirilgan: 795 million 326 ming 398 dollar va 40 sent. Bu - global maydonda poraxo’rlik uchun to’langan eng ulkan tovonlardan biri.

“VimpelCom” va “Unitel” porani O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga aloqador “Takilant” firmasiga to’lagan. Pul pora ekani yashirilgan. Bizneslar uning aynan kimga ketayotgani va bu jinoyat ekanini bila turib, shunday ish tutgan.

“VimpelCom” va “Unitel” 2013-yilda ham pora berish niyatida bo’lgan, ammo tekshiruv boshlanishi bilan bu harakat to’xtagan.

AQSh Adliya vazirligi Yevropa banklarida muzlab yotgan 850 million dollarni musodara qilmoqchi ekan, O’zbekiston hukumati unga da’vogar. Toshkent Amerikadan hamkorlik so’rab murojaat qilgan. Federal sud arizani ko’rib chiqmoqda. Boshqa hech kim bir tomondan bu borada da’vo qabul qilinmaydi. O'zbekistonning iddaosi shuki, o'marilgan mablag' davlatniki va javobgar shaxslar jazosini olmoqda.

Tergov shuni ko’rsatganki, pora pullari Latviya, Britaniya, Gonkong, Irlandiya, Belgiya, Lyuksemburg va Shveytsariyada yashirilgan. Bu davlatlarning hammasi, shuningek, Shvetsiya va Gollandiya tekshiruvda hamkorlik qildi va qilmoqda, deya bildiradi AQSh Adliya vazirligi.

O’zbekiston mobil bozoridagi ikki kompaniya qattiq bosim ostida –“TeliaSonera” va “MTS”. Yaqin orada ular bilan bog’liq tergov ishlari va ularning natijasi e’lon qilinishi kutilmoqda.

2013-yil oxirida martabasidan ayrilgan Gulnora Karimova 2014-yilning bahoridan beri uy qamog'ida ekani aytiladi. Unga yaqin ikki kishi, norasmiy eri Rustam Madumarov va dugonasi Gayane Avakyan moliyaviy va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilgan. Avakyan olti, Madumarov esa olti yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O'zbekiston hukumati jahon e'tiboridagi bu masala yuzasidan biror izoh bermaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG