Milliarder Usmonov O'zbekistonda siyosatga aralashayaptimi?


Asli o'zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov

Asli o'zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov

Dunyoning eng boy kishilaridan biri, asli o'zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov o`z tarixiy vataniga foydasi tegishidan mamnun bo`lishini, ammo mamlakatdagi siyosiy jarayonga aralashmasligini bildirdi. Avvalroq "Reuters" axborot agentligi Usmonov ham Islom Karimov o'limidan keyin hokimiyat uchun boshlangan kurashdan chetda emasligi haqida yozgan edi.

Nafaqat Rossiyada, balki dunyodagi eng badavlat odamlari qatorida muhim o`rin tutuvchi Usmonovning O`zbekistondagi siyosiy, iqtisodiy jarayonlarga aralashishi mumkinligi yuzasidan turli munozarali qarashlar mavjud.

Usmonovning O'zbekistonda biror yirik biznesga egalik qilishi haqida ma`lumot yo`q.

"Reuters"ga ko'ra, O`zbekistonga serqatnov bo`lib qolgan Alisher Usmonovning shaxsiy uchog`i so`nggi bor 28-sentabr kuni Toshkentda qayd etilgan.

Milliarderning o`zi mamlakatdagi guruhlar o`rtasida Karimovdan keyingi hokimiyatga kim voris bo`lishi yuzasidan o`tgan muzokaralarda qatnashgan. Ayni paytda muvaqqat prezidentlik qilayotgan Shavkat Mirziyoyev nomzodi tanlab olingan bu muzokaralarda Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev, Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi Rustam Inoyatov, Bosh vazir o`rinbosari Rustam Azimov yetakchiligidagi guruhlar qatnashgani iddao qilinadi.

Ushbu xabar ortidan Alisher Usmonov o`z matbuot xizmati orqali O`zbekistondagi siyosiy jarayonlarga aloqasi yo`qligini, ammo tarixiy vatanida ko`plab do`stlari, qarindoshlari borligini, mahalliy hukumat biror yordam so`rab murojaat qilgan taqdirda foydasi tegishidan mamnun bo`lishini ma'lum qildi.

Usmonov va Mirziyoyev o`rtasida qarindoshchilik o`rnatilganiga diqqat qaratgan agentlik o`z manbalariga tayanib, muzokaralarda tomonlar hokimiyatni o'zaro kelishgan holda boshqarish to`g`risida sulhga erishganini ta`kidlaydi.

Ekspertlarga ko`ra, bu maqolada olg'a surilgan ma'lumotlar va unga nisbatan keltirilgan raddiya qanday bo'lishidan qat`i nazar, dunyoning eng boy o`zbegi bo`lib qolayotgan Usmonov jamoatchilikka ham, siyosiy jarayonlarga ham ta'sir ko`rsatish qudratiga ega. Faqat bu qudratdan mamlakatga qanday foyda bo`lishini aytish qiyin.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti eksperti Alisher Ilhomov fikricha, dunyoning eng badavlat odamlaridan biri bo`lib qolayotgan Usmonovning boyligi, ayniqsa, MDH miqyosida, shubhasiz, siyosiy ta'sir qudratiga ega.

“MDH davlatlarida boylikning siyosiy ta'sir qudratiga aylanishi juda sezilarli, Rossiyada ham, O`zbekistonda ham shunday. Boshqa tomondan Usmonov Mirziyoyev bilan qarindoshlik aloqasiga ega, bular juda muhim dastak va bundan Kreml ham o`z strategik maqsadlari yo`lida foydalanishni istaydi. Shu ma`noda Putin nazarida Usmonov ma`lum bir missiyadan xoli emasdir. Ammo gap shundaki, uning o`zini maqsadi nimada? U qaysidir ma`noda Kreml yuklagan missiyani oqlashga harakat qilmoqchimi yoki unda o`z tarixiy vataniga bog`liqlik, tug`ilib o`sgan yurti, xalqining hayoti uchun sidqi dildan nimadir qilish istagi kuchlimi? Bunisi mavhum”, - deydi Ilhomov.

Alisher Usmonov nomidan tarqatilgan bayonotda uning O`zbekistondagi siyosiy jarayonlarga aralashayotgani haqidagi xabarlar haqiqatdan uzoq deb baholanadi.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o`zbek yozuvchisi Safar Bekjonga ko`ra, Moskva Usmonovning O`zbekistondagi hokimiyatga yaqinlashishidan o`ta manfaatdor, ayniqsa, yangi hukumat moddiy ko`makka muhtoj turgan dastlabki paytlarda.

“O`zbekistonning yangi hukumati sarmoyaga juda muhtoj, Rossiyada esa katta miqdorda ko`mak berish imkoniyati yo`q. O`zbekistondagi hokimiyat saylov atrofi, undan keyingi vaqtda kiritilishi zarur yirik sarmoyaga umidvor. Usmonov kabi boylar turgan paytda Rossiya o`zining cho`ntagidan pul chiqarish niyatida emas. Shu bilan bir yo`la ikki muammoni hal etmoqchi. Ammo Usmonov O`zbekistonga investitsiya kiritishga jur`at etadimi yo`qmi, bunisi noma`lum”, - deydi Bekjon.

Islom Karimov vafotidan keyin 8-sentaybr kuni o'tgan parlamentning qo`shma majlisida muvaqqat prezidentlikka saylangan Shavkat Mirziyoyev bungacha ham asosiy voris sifatida ko`rilayotgan edi. Uning nomzodi O`zbekiston liberal demokratlar partiyasi tomonidan prezidentlikka ko`rsatilgan, ammo rasman tasdiqlanganicha yo`q. Partiya nomzodini tasdiqlashi kutilgan syezd 14-oktabrdan 19-oktabrga ko`chirilgan. Buning sababi partiya nizomiga kiritilgan o`zgartirishlar bilan bog`liq deb ko`rsatildi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG