Breaking News

AQShda Gulnora Karimova bilan bog'liq tergov ishi davom etmoqda


Gulnora Karimova va uning biznes hamkori Gayane Avakyan. Avakyan 2014-yilda O'zbekistonda sudlangan va qamoqda.
Gulnora Karimova va uning biznes hamkori Gayane Avakyan. Avakyan 2014-yilda O'zbekistonda sudlangan va qamoqda.

AQSh Adliya vazirligi xalqaro poraxo'rlikni tekshirar ekan, ikki xorijiy mobil kompaniyasiga tegishli 300 million dollarni musodara qilmoqchi va bu boradagi iltimosnoma Nyu-York shahridagi federal sudga uzatilgan.

Bu kompaniyalar anchadan beri Yevropa Ittifoqida tergov ostida - rossiyalik milliarder Mixail Fridman qisman egalik qiluvchi VimpelCom Ltd (Beeline) va MTS (UMS), yaqinda O'zbekistonda qayta biznes boshlagan operator. Har ikkisi O'zbekiston rahbari Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimovaga ulkan miqdorda pora berib, respublika bozoriga kirgani gumon qilinadi.

Yuqorida qayd etilgan 300 million dollar AQShga tegishli bankning (Bank of New York Mellon Corp) Irlandiya, Lyuksemburg va Belgiyadagi filiallarida turgani ma'lum.

Tergov ishi markazida Takilant Ltd, Gulnora Karimova boshqa odamlar nomi ostida yuritgani aytiladigan firma turibdi. AQSh rasmiylari ko'p ma'lumot bermasa-da, bu katta ish ekani va tekshiruv hamon davom etayotganini yashirmaydi. Tegishli kompaniyalar tintuv qilingan va oldin ham katta miqdordagi moliya muzlatilgan edi.

Amerikaning "Bloomberg News" yangilik xizmati yoritishicha, Takilant 2007-2009-yillar orasida VimpelCom aksiyalariga egalik qilgan va bu kompaniya O'zbekistonda ish boshlay olishi uchun yordamlashgan. Lekin bu yordam pora olishdan iborat bo'lgan, deya aytiladi Nyu-York sudiga berilgan hujjatlarda.

VimpelCom tergov ishida AQSh bilan hamkorlik qilayotganini bildirmoqda. MTSdan esa sado yo'q.

Gulnora Karimova bizneslari vatanda va G'arbda 2013-yildan boshlab nishonga olina boshladi. Prezident qizi oxirgi marta matbuotda chiqish qilganida uy qamog'ida ekanini da'vo qilgan. O'zbekistondagi tashkilotlari yopilgan. Yaqin biznes hamkorlari qamalgan. Respublika hukumati bu jarayonlar haqida lom-mim demaydi.

Bir necha oy oldin fosh etilgan tekshiruv xulosalarida Gulnora Karimova zamonning eng ochko'z poraxo'rlaridan biri sifatida ko'rsatiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG