2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar


2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

O’zbekiston mustaqilligining 20 yilligi katta tantana bilan nishonlanar ekan, hukumat joriy yilda, har doimgidek, qator yutuqlarga erishilgani haqida axborot berdi.

Aksariyat aholi orasida 2012-yilga nisbatan umidlar ham shunday. Bu orzular ushalgani yoki ushalmaganidan qat’iy nazar, 2011-yil yurt hayoti, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, siyosatda o’ziga xos iz qoldirdi.

O’zbekistonda 2012-yil ko’tarilgan oylik maoshlarni olish bilan boshlanadi. Prezidentning bu boradagi farmoni maoshlarni bir baravar oshirishni nazarda tutsada, odatga ko’ra aholi yangi yildan narx-navo yana sapchiy boshlashidan tashvishda turibdi.

Bir so'm berib, ikki so'm olishadi

Jahon banki va Yevrosiyo Taraqqiyot bankining O’zbekistondagi inflyatsiyaga oid 2012-yil ko’rsatkichlarida narx-navo o’sishi 12-13 foizni tashkil etishi taxmin qilinadi.

Hukumat yangi yil arafasida inflyatsiya darajasini jilovlay olgandek ko’rinadi: bozorlarda narx-navo ko’tarilishi unchalik sezilmagan. Biroq bozordagi vaziyatni keskin nazorat ostida ushlay olish shubhali baholanadi.

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

“Bayram kayfiyati yaxshi, bozorda odamlar ko’p, har kim imkoniga yarasha yangi yilni kutishga harakat qilyapti. Bozorda banan 4 ming, uzum besh ming so’m. Hokimiyat tarafidan tashkil qilingan shaxobchalar orqali narx-navo ushlab turilibdi. Lekin maoshlar ko’tarilishi bilan inflyatsiya ham oshadi, O’zbekistonda bu juda kuchli, ayrim mahsulotlarni narxi 100 foizga ham chiqishi mumkin”, - deydi mahalliy faollardan biri Abdulla Tojiboy o’g’li.

Gaz eksportga bor, o'zimizda yo'q

Tuman va qishloqlarda esa yangi yil arafasidagi xavotir birinchi galda bayramni yorug’ va issiq bir sharoitda o’tkazish imkoniyati bilan bog’liq. Bu yil qishning erta va sovuq kelishi, gaz va elektr yetishmovchiligi aholi turmushini qiyinlashtirmoqda.

2011-yil energiya taqchilligini keskinlashtirdi. O’zbekistonda avval kuzatilmagan holat - viloyat hokimlarining gaz va chiroq masalasida aholi bilan muloqotga chiqishi kuzatildi. Viloyatlarda tashkil etilgan telemuloqotlarda hokimlar vaziyat yaxshilanishi haqida va’da berishgan bo’lsada, muammo yechilmagan.

Qahqadaryoda bu borada aholi huquqlari ta’minlanishini talab qilgan faollardan bir nechtasi 15 sutkalik qamoq jazosini ham o’tab chiqishdi.

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

“Gaz, chiroq masalasi Buxoroda ham juda og’ir. Shifoxonami, bog’chami, shaxsiy uylarmi, hammasida gaz tanqisligi bu yil ayniqsa juda bilinayapti. O’ylashimcha, bu narsa bizdagi zaxiralarni kamayib borayotgani bilan bog’liq”, - deydi buxorilik faollardan, huquqshunos Shuhrat G’aniyev.

Kuzatuvchilarning aytishicha, 2011-yilda hukumat korrupsiyaga qarshi kurashda muhim amaliyotlar o’tkazdi. Prezident devonidan tortib mahalliy hokimiyatdagi amaldorlargacha, bir necha rasmiy korrupsiyaga aloqadorlik aybi bilan hibsga olingan yoki ishdan bo’shatilgan. Bu qadamlarning so’nggisi esa yangi yil arafasida Buxoro viloyati hokimining ishdan chetlatilishi bo’ldi.

"Kuchli o'ntalik"

“Aksilkorrupsiya kurashi natijasida Samoydin Husenovning lavozimidan olinishi muhim voqealardan bo’ldi. Chunki biz buxorolik huquq himoyachilari buning uchun ancha yillardan buyon kurash olib borar edik. Korrupsiyaga qarshi bu kurash davomli bo’ladimi yoki yo’qmi, aytish qiyin. Lekin umid qilamizki, 2012-yilda ham hukumat miqyosida korrupsiyaga qarshi kurash davom etadi”, - deydi Shuhrat G’aniyev.

O’zbekiston dunyoda korrupsiyaga chuqur botgan davlatlardan biri sanaladi. Xalqaro tashkilotlarning hisobotlarida muntazam ravishda “kuchli o’ntalik” dan joy olib keladi.

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

Hukumat tomonidan poraxo’rlikka qarshi olib borilayotgan amaliyotlar odatda xo’jako’rsinga qilinayotgani ta’kidlanadi. O’zbekistonda korrupsiya uchun muhit o’ta qulay, chunki hukumatda o’tirgan rahbarlar bundan manfaatdor, deydi tahlilchilar.

2011-yilda mustaqillikning 20 yilligini sarhisob qilgan prezident Islom Karimovning aytishicha, O’zbekiston aniq va havas qilsa arziydigan yutuqlarga erishgan.

“20 yil davomida yurtimizda bir yoshgacha bo’lgan go’daklar o’limi uch barobarga kamaydi, odamlarni o’rtacha umr ko’rish darajasi yetti yilga uzayib, erkaklar orasida 73 yoshga, ayollar o’rtasida 75 yoshga yetgani, bugun aholimiz soni 29,5 milliondan oshgani buni yana bir bor tasdiqlamoqda”, - deydi prezident.

Inson huquqlari va demokratiya

2011-yil O’zbekistonda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish shiori ostida o’tdi deyish mumkin. Prezident olg’a surgan bu konsepsiyaga muvofiq, qonunchilikda bir qator o’zgarishlar qilindi.

Prezident muddati bilan bog’liq so’nggi o’zgarish esa hamon munozara ostida. Chunku bu qachon kuchga kirishi mavhum. Qonunchilikka kiritilgan o’zgarish yetti yillik vakolatga ega amaldagi prezidentga taalluqlimi yoki yo’qmi, bu ham noma’lum.

“Prezidentlik muddatining besh yilga tushirilishi biron jiddiy o’zgarishdan darak bermaydi. Bu Karimov tafakkuri bilan emas, vaziyat o’zgarayotgani bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Karimov so’nggi jismoniy resurslarigacha hokimiyatda o’tiradi. Rejimning avtoritar tabiatida ham mutlaqo o’zgarish bo’lmaydi. Agar rejim jamoatchilik ta’sir etishi mumkin darajada o’zgaradigan bo’lsa, O’zbekistonda katta o’zgarishlar bo’lib ketadi, lekin rejim buni aslo xohlamaydi,” - deydi sharhlovchi Kamoliddin Rabbimov.

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

So’nggi payt mamlakatda eng ko’p muhokama qilinayotgan mavzular - prezident vakolatlarining ortiqcha shov-shuvsiz qisqartirilishi, bosh vazir nomzodining partiyalar tomonidan ko’rsatilishi, shuningdek, O’zbekistonda Habeas Corpus tizimining joriy etilishidir. Biroq islohotlar faqat qog’ozda qilinayotgani tanqid ostiga olinadi.

Qamoqqa olish sanksiyasining sudlar vakolatiga o’tkazilishi bo’yicha tadqiqot o’tkazgan Xyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) tashkiloti vakili Stiv Sverdlovga ko’ra, bu o’zgarish mamlakatda qiynoqlar qo’llanilishiga barham bermagan.

“O’zbekistonda joriy etilgan Habeas Corpus mutlaqo xalqaro standartlarga mos emas, chunki bu tizim hibsga olishning naqadar asosli ekanini, shu bilan birga sudlar tomonidan qiynoqlar muammosi ko’tarilishini nazarda tutadi. Sudlar hibsga olingan kishiga nisbatan munosabatni o’rganishi kerak, unga qanday munosabatda bo’lishgan, qancha hibsda saqlangan”, - deydi Xyuman Rayts Votchning O’zbekiston bo’yicha direktori Stiv Sverdlov.

Uning qo’lidagi ma’lumotga ko’ra, mamlakatda qiynoqlarning sistematik ravishda qo’llanilishi davom etmoqda.

Prezidentning islohot konsepsiyasida sud mustaqilligi, so’z erkinligini ta’minlash va fuqarolik jamiyatini kuchaytirish maqsadlari ifodalangan. Biroq fuqaro jamiyati faollari konsepsiyani faqat qog’ozdagi demokratiya sifatida izohlashadi.

“O’zbekiston hozir shunday bir og’ir iqtisodiy sharoitga keldi - ijtimoiy vaziyat ancha yomon. Shunday bir sharoitda xalqqa islohotlar qilinayotgani haqida bir umid berish kerak”, - deydi mahalliy faollardan biri Abdurahmon Tashanov.

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

Prezident Karimovning o’zi demokratik islohotlar, ayniqsa inson huquqlari masalasida erishilgan yutuqlarni yuqori baholaydi.

“Ijtimoiy soha uchun davlat xarajatlari besh barobarga ko’paygani, byudjetning 60 foizdan ko’prog’i sog’liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalovchi boshqa sohalarga sarflanayotgani dunyo bo’yicha kamdan kam uchraydigan holat bo’lib, bizning bosh maqsadimiz avvalo inson hayoti, manfaatlarini ta’minlash va himoya qilish ekanligini yaqqol ko’rsatib beradi”, - deb ta’kidlaydi prezident.

O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat og’ir. Hukumat inson haq-huquqi eng ezgu qadriyat ekanini ta’kidlashiga qaramasdan, mustaqil, muxolif qarashdagi fikrlar ta’qib ostida. Fuqarolarning siyosiy huquqlari cheklangan, mavjud muammolarni ko’targan huquq himoyachilari, mustaqil jurnalistlarning ko’pi qamoqda.

Huquqshunos Shuhrat G’aniyev fikricha, 2011-yilda qamoqqa tashlangan faollardan bir nechtasi ozod etilgani bu yil huquq himoyachilari uchun bir qadar samarali kechganidan darak beradi.

O’zbekiston va dunyo

2011-yil dunyoda diktatorlar va avtoritar tuzumlarga qarshi boshlangan global o’zgarishlar davri sifatida yodda qoladi. “Time” jurnali isyonkor fuqaroni yil ramzi sifatida tanlagan. Qator diktatorlarni hokimiyatdan ag’dargan 2011-yil to’lqinlari O’zbekistondagi rejimga nisbatan qarshilikni kuchaytirdi.

Mamlakatdan quvilgan o’zbek muxolifati faollari birlasha boshlashdi. O’zbekiston Xalq harakati tashkil topdi. Harakat o’z maqsadini diktator Islom Karimovni hokimiyatdan ketkazish sifatida belgiladi.

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

“Harakat o’z faoliyati, norozilik aksiyalari bilan O’zbekistondagi avtoritar tuzumning obro’siga anchagina putur yetkazdi. Ayniqsa bolalar mehnatiga qarshi aksiyalar natijasida Yevropada, Amerikada o’zbek paxtasiga nisbatan boykot kuchaydi. Albatta, harakat hali o’z maqsadiga erisha olgani yo’q. Hali maqsadga ham erishamiz, gazetalarimiz kirib borayapti O’zbekiston ichkarisiga. Harakatning asosiy maqsadi xalqdagi qo’rquvni yo’qotish. Bu yo’qolmas ekan, “Arab bahori” ni O’zbekistonda takrorlab bo’lmaydi”, - deydi harakat faoli, jurnalist To’lqin Qorayev.

O’tayotgan yil O’zbekiston va G’arb o’rtasida iliqlashuv davri bo’ldi. Yevropa Ittifoqi va AQSh O’zbekistonga qo’yilgan sanksiyalardan butkul voz kechdi. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton O’zbekiston inson huquqlarini ta’minlash bobida ijobiy qadamlar tashlaganini e’tirof etdi. Klinton Toshkentga ikki bor safar qildi.

Anchadan buyon muzlatilgan harbiy hamkorlik ham tiklandi. AQSh mudofaa vazirligi rasmiylari bir necha bor Toshkentda bo’lib, harbiy aslahalardan iborat yordam ajratishga qaror qilindi. Yangi yilda AQSh va O’zbekiston o’rtasidagi harbiy hamkorlik yanada kuchayishi kutilmoqda.

“Bu yog’iga G’arb, ayniqsa AQSh doirasiga kirib ketishimiz aniq. Ayniqsa 2012-yillarda bu narsa yana yaqqolroq ko’rinadi. Rossiya bilan, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi (KXSh) va Yevrosiyo ittifoqi kabi tashkilotlar bilan uzoqlashish davom etaveradi”, - deydi Shuhrat G’aniyev.

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

2011-yil xulosalari: O’zbekistonda gaz, korrupsiya, huquq va jahon bilan aloqalar

2011-yil O’zbekiston va Rossiya aloqalari mo’tadillashganini ham ko’rsatdi. Moskvada o’tgan KXSh sammitida prezident Islom Karimov qatnashdi. Sammitda imzolangan bitimga ko’ra, a’zo davlatlar hududida xorijiy harbiy baza joylashishiga faqat o’zaro konsensus orqali ruxsat beriladi. Islom Karimov to’satdan Yevrosiyo ittifoqini tuzish tashabbusini qo’llab-quvvatladi.

“O’zbekiston Moskva loyihalari, KXSh bilan aloqalarni butunlay uzish niyatida emas, lekin ayni paytda bor energiyasi bilan bu loyihalarda ishtirok etishni ham xohlamaydi. O’zbekiston, Karimov uchun shunday bir vakant joyga ehtiyoj bor, bu joy shunday sovutilgan holatda ushlab turiladi”, - deydi tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

2012-yilda O’zbekiston va G’arb aloqalari mustahkamlanishi kutilmoqda. Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlarning O’zbekiston orqali chiqishi ehtimoli juda yaqin. Bu esa G’arbdan O’zbekiston bilan munosabatlarni mo’tadil ushlab turishni talab etadi.

Shu bilan bir qatorda, 2011-yilda dunyo bo’ylab kechgan global inqiloblar to’lqini O’zbekistonda ham bilina boshlashi ehtimoldan soqit qilinmaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG