Dunyo o'zbeklari uyushmasi yaratilmoqda


Dunyo o'zbeklari uyushmasi yaratilmoqda

Dunyo o'zbeklari uyushmasi yaratilmoqda

Dunyo o'zbeklari uyushmasi nodavlat tashkilot sifatida Niderlandiyada ro'yxatdan o'tkaziladi. Internetdagi sahifasi manzili - www.uzbekplace.com



Qirg'iziston janubida o'zbeklarga qarshi zo'ravonliklar jahonning turli chekkalarida yashovchi o'zbeklar uchun kutilmagan hol bo'ldi, ularni larzaga soldi. O'zbeklar birlashmasa, jipslashmasa, millat sifatida obro'si to'kiladi, deydi ba'zilar. Ana shu maqsadda ayni kunlarda Dunyo o'zbeklari uyushmasini tuzish ustida ish ketmoqda.

Yangi tashkilot nizomi muallifi, ayni damda Gollandiyada yashayotgan asli o'zbekistonlik Bahodir Uzoqovning aytishicha, o'zbek xalqi boshiga navbatdagi kulfat tushganda uning himoyasiga tura oladigan, manfaatlarini himoya qila oladigan guruh kerak.

Dunyo o'zbeklari uyushmasi tashabbuskorlari bir-birini shaxsan tanimasa-da, maqsadi bir - millatdoshlarini jipslashtirish. Mavzu muhokamasi Internet orqali olib boriladi.

Bahodir Uzoqovning aytishicha, uyushma siyosiy maqsadlarni ko'zlamaydi va nizomida siyosiy tortishuvlarga berilish taqiqlanadi.

"Hokimiyat uchun kurashish maqsadimiz yo'q. Muayyan bir lider atrofida birlashayotganimiz yo'q, aksincha g'oya atrofida birlashyapmiz. Asosiy maqsadimiz - ma'naviy, ma'rifiy va gumanitar", - deydi u.

Dunyo o'zbeklari uyushmasini tuzish tashabbus guruhining yana bir a'zosi, Kanadada Turkiston jamiyati asoschilaridan biri Faxriddin Xudoyqulovning aytishicha, siyosat bilan siyosiy partiyalar shug'ullanishi kerak.

"Biz O'zbekiston hukumati bilan yaxshi aloqada bo'lishni istaymiz. Maorif vazirligidan kitoblar, o'qituvchilar so'rash rejamiz bor. Bizni qo'llab-quvvatlashsa, o'shaning o'zi kifoya".

Jahonda globalizatsiya jarayoni rivojlanib, so'nggi yillarda xorijda o'zbeklar soni oshib borar ekan, o'zbek jamoalari ham ko'paymoqda. AQSh, Kanada, Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarda o'zbeklar uyushib, madaniyati, o'zligi, urf-odatlarini saqlab, targ'ib qilishga bel bog'lagan.

Dunyo o'zbeklari uyushmasining asosiy vazifasi, deydi tashkilotchilar, mavjud o'zbek jamoa-diasporalarini aniqlab, ular bilan hamkorlik qilish, uyushma orqali umumiy maqsad sari faoliyatlarini muvofiqlashtirish.

Tashkilot tuzishga ehtiyoj iyun oyida Qirg'iziston janubidagi qirg'indan so'ng tug'ildi, deydi Bahodir Uzoqov.

"Bu masalada Dunyo o'zbeklari uyushmasi xalqaro tashkilotlarga ma'lumot yetkazib berishda yordam berib, xalqaro politsiya kuchlarining Qirg'iziston janubiga tezroq kiritilishini, xalqaro mustaqil tergov tezroq boshlanishini, o'zbeklarga huquqiy va gumanitar yordam berilishi so'raymiz. Ba'zilarda bu millatchi tashkilot degan noto'g'ri tushuncha paydo bo'lishi mumkin, ammo biz terrorizm, separatizm va ekstremizm kabi illatlarga qarshimiz".

Dunyo o'zbeklari uyushmasi nodavlat tashkilot sifatida Niderlandiyada ro'yxatdan o'tkaziladi. Internetdagi sahifasi manzili - www.uzbekplace.com

XS
SM
MD
LG