Chikagodagi o'zbeklar: Navro'zi olam muborak!


Chikago - biznes, siyosiy va madaniy markaz. Uch millionga yaqin aholisi bor. Prezident Barak Obama uni ona shahar deb biladi.

Chikago - biznes, siyosiy va madaniy markaz. Uch millionga yaqin aholisi bor. Prezident Barak Obama uni ona shahar deb biladi.

Navro’z Amerikada ham katta bayram. Muhojirlar makoni bo’lmish bu yurtda bahor ayyomini qadimdan nishonlab kelgan elatlarning vakillari yashaydi. Jumladan, o’zbeklar va boshqa markaziy osiyoliklar. Navro’z sayllaridan biri Chikagoda, Buyuk ko’llar bo’yida joylashgan azim shaharda bo’lib o’tdi.

Har bir yurtning o'z qonun-qoidasi, shart-sharoiti bor. Muhojir ularga ko'nikishi va yangi hayot boshlashga tayyor bo'lishi kerak.

Har bir yurtning o'z qonun-qoidasi, shart-sharoiti bor. Muhojir ularga ko'nikishi va yangi hayot boshlashga tayyor bo'lishi kerak.

Chikagoda asoslangan O’zbek-Amerika Uyushmasi (Uzbek American Association of Chicago) 2009-yilda vujudga kelgan. Tashkilot taxminicha, bu shahar va uning atrofida 300 ga yaqin o’zbek yashaydi. Vatandoshlar Navro’z kabi ayyomlarda diydor ko’rishib, bir-birini yaqindan taniydi, deydi Olimjon Sharipov, uyushmada jonbozlik ko’rsatib kelayotgan muhojirlardan biri.

“Amerikaliklarga madaniyatimizni ko’rsatish, xususan yosh bolalar uchun juda foydali. Bir-biri bilan uchrashib, tilimizni eshitib, urf-odatlarimizni o’rganishida Navro’zning roli katta. O’zbekiston bilan qiziqayotgan amerikaliklar o’zlari telefon qilishib, borsak maylimi deb kelishadi”,- deydi suhbatdosh.

Olimjon Sharipov yurtdoshlarini Navro'z bilan tabriklamoqda

Olimjon Sharipov yurtdoshlarini Navro'z bilan tabriklamoqda

Bu yilgi saylga qariyb 150 odam to’plandi. O’zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi konsulligidan diplomatlar tashrif buyurdi.

“Milliy kiyimlarimiz, hunarmandchilik namunalarini namoyishga qo’ydik",- deydi Olimjon Sharipov.

"Navro’z taomlari tanlovini o’tkazdik. Undan keyin “Tilimizni bilamizmi?” mavzusida o’yin o’tkazdik”.

Olimjon Sharipovning asl kasbi quruvchi-muhandis. Amerikaga to’qqiz yil burun kelgan. Bugungi kunda soliq bo’yicha hisobchi. Bu yerda o’qidi, yangicha tizimga o’rgandi.

Navro'z bahona vatandoshlar diydor ko'rishadi

Navro'z bahona vatandoshlar diydor ko'rishadi

O’zga yurtga kelib, hayotni yangidan boshlash, tirikchilik qilib oila boqish, farzand katta qilish va shu bilan birga o’zbeklikni saqlab qolish oson emas, qattiq mehnat talab qiladi, deya tan oladi u.

“Biz o’zbeklar 300 millionlik Amerikada daryodan tomchidek ko’rinamiz... Lekin o’zligimizni, urf-odat, til va qadriyatlarimini saqlab qolish uchun harakat qilayapmiz", deydi suhbatdosh.

"Buning uchun imkoniyat bor. Shu maqsadda mana shu uyushmani tuzganmiz”.

Tashkilot Chikago tomonlarga borgan yangi muhojirlarga yordam ko’rsatadi.

“Biz ularni aeroportda kutib olamiz. Keyin bir joyda joylashtiramiz. Yo’l-yo’riq ko’rsatamiz. Ish topishi uchun yordam beramiz. Haydovchilik guvohnomasi olish juda muhim, bu borada ham ko’maklashamiz”,- deydi Olimjon Sharipov.

Chikagodagi O'zbek-Amerika Uyushmasi raisi Sirojiddin Nasafiy va jamoa farzandlari

Chikagodagi O'zbek-Amerika Uyushmasi raisi Sirojiddin Nasafiy va jamoa farzandlari

O’zbek-Amerika Uyushmasi - xayriya tashkiloti. Moliya a’zolar to’laydigan badaldan keladi. Butun faoliyat shu mablag’ hisobidan.

Amerika sehrli diyor, orzular ushaladigan o’lka deb bu mamlakatga kelish dardida yurganlar juda ko'p.

Muhojirlar orasida keng tarqalgan naql shuki, mehnat qilsang, yo'lingni topib ketasan. Hamma narsa o'zingga bog'liq. Qo'shma Shtatlar jannat deb o'ylasangiz adashasiz.

Navro'z tantanalarida milliy taomlar tanlovi ham o'tkaziladi

Navro'z tantanalarida milliy taomlar tanlovi ham o'tkaziladi

Olimjon Sharipov deydiki:

“Yoshlar uchun Amerika judayam yaxshi, menimcha. Tez ko’nikib ketishadi, o’rganishadi... Yevropa davlatlarida muhojirlar uchun sharoit uncha yaxshi emas deb eshitganman. Nazarimda, Amerikada osonroq. Demokratiya bu yerda kengroq. Biz irqchilikni ko’z his qilmaymiz. Eng muhimi sog’liq. Sog’liq bo’lsa, bu yerda hayot yaxshi, normal yashasa bo’ladi, imkonini topsa bo’ladi”.

Chikagodagi O’zbek-Amerika Uyushmasi faoliyati bilan mana bu link orqali bafurja tanishish mumkin: http://www.uzbekchicago.org/new/

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG