1770-yilda asos solingan ko’rkam shahar – imkoniyatlar makoni. Lekin har bir jamiyatning o’z talabi bor, shart-sharoit boshqacha. Muvaffaqiyat qozonish, orzuga yetish va eng muhimi, tirikchilik uchun qattiq mehnat qilasiz. Kuchli iroda zarur. Chikagodagi O’zbek-Amerika jamiyatida faollik ko’rsatib kelayotgan Olimjon Sharipov va uning rafiqasi ana shunday shijoatli insonlardan.





Yangi yurt, yangicha shart-sharoit, yangi hayot, yangi sinovlar, yangi ish, yangi uy-joy. Olimjon Sharipov ilk bor Amerikaga 1993-yilda qarindoshlarini ko’rish uchun safar qilgan. 2002-yilda esa “Green Card”, bu mamlakatda doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjat bilan keldi.

Har bir daqiqa g’animat. Amerikaliklar vaqt bu pul deb yashaydi. Shu bilan birga yosh o’tgan sari insonning til o’rganishi qiyin kechadi. Yangicha sharoitga moslashish, o’zgacha qarash va fikrdagi odamlar bilan til topishish, ayniqsa ishda, ancha qiyin kechadi. Keldingizmi, moslashishga majbursiz. O’zligingizni asrab qolgan holda, shu jamiyatning bir qismiga aylanishingiz kerak, deydi Olimjon Sharipov.

Amerikada katta va kichikka hurmat-ehtirom boshqacha, deydi Olimjon Sharipov. Mehr-oqibat bor, lekin yangi kelganda odamlarning o’zaro munosabati, muomalasi g’alati ko’rinishi tabiiy.

Olimjon Sharipov kasbini yangiladi. Bugun u hisobchilik qiladi, soliq va iqtisod masalalari bilan shug’ullanadi. Bu sohani egallash uchun nafaqat bir necha yil o’qiysiz, balki maxsus imtihonlardan o’tib, litsenziya olmaguncha, ish yo’q. Avvalo til bilishingiz, keyin oliy o’quv yurtlariga kirib, ta’lim olishingiz kerak. Ixlos, qunt va sabr-toqat kerak odamga, deydi Olimjon Sharipov.

Amerikaga kelib o’qish, ishlash, kun kechirish orzusida yurganlar juda ko’p.

Chikago va uning atrofida taxminan 400 o’zbek oila bor. Olimjon Sharipov O’zbek-Amerika Jamiyatida jonbozlik ko’rsatib keladi. Tashkilot rahbari Sirojiddin Nasafiyning ham qarindoshi, ham maslakdoshi. Muhojirlar bir-birining kuniga yarashi kerak, deydi u.

Amerikada ham qo’ni-qo’shnichilik degan narsa bor, deydi Olimjon Sharipov. Mahalla, jamoatchilikning muhojirlarga munosabati iliq.

O’zbek do’ppisi bu muhojirlar uchun o’zgacha faxr, o’zgacha ruhiy dalda bag’ishlaydi.

Muhojir oilalar birdam, ahil bo’lmasa, yangi yurtda yangidan hayot boshlash yanada qiyin kechadi. Ayniqsa, er-xotin bir-birini tushunishi, bir-birining suyangan tog’i bo’lishi kerak. Olimjon Sharipovning ayoli Norjon Umarova ham mana 10 yildan oshibdiki shu yerda. Amerikada yaqin qarindoshlar borligi uchun uncha qiynalmadik, deydi u.

Olti yildirki, Norjon Umarova Chikago yaqinidagi qariyalar uyida mehnat qiladi. Ayolmi, erkak, bu jamiyat mustaqil bo’lishni talab qiladi. Ko’plab sohalarda smena bilan, ertayu kecha, shanba-yakshanba ham ishlashga to’g’ri keladi. Lekin, deydi Norjon Umarova, hayotimiz ko’p jihatdan hamon o’zbekona ko’rinishga ega. O'zbek taomlari pishirishadi, Navro'zda sumalak va ko'k somsa.

Bola tarbiyasi nozik masala, deydi onaxon. O’zbek tili va madaniyatini saqlab qolishga harakat qilasiz, shuningdek, odob-axloq bobida ham ko’proq e’tibor berish kerak.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG