Amerikada yashang, ishlang, turmush quring, lekin qonunni buzmang, deydi rasmiylar


Prokuror Den Braun deydiki, muhojir yaxshi hayot istab, intilib yashashga haqli, lekin bu qonunni buzavering degani emas.

Prokuror Den Braun deydiki, muhojir yaxshi hayot istab, intilib yashashga haqli, lekin bu qonunni buzavering degani emas.

Qo’shma Shtatlarga har yili minglab sayyoh, mehmon, ishchi-muhojir kelib ketadi. Ba’zilar shu yurtda qolaman, deb o’zini o’tga va cho’qqa uradi.

Kimdir jinoyatga qo’l urishdan, soxta nikohga kirishdan ham tap tortmaydi. Amerika rasmiylari qonunga amal qiling, har qanday mushkul vaziyatning qonuniy yechimi bor, deya eslatadi.

Oila, nikoh odatda pok rishtani nazarda tutadi. Ikki dilni bog’laydi, yangi hayotga boshlaydi. Ammo soxta nikohlar borki, ham daromad manbai, ham hayot uchun kurash.

Rasmiy hisoblarga ko’ra, 2006 yildan beri Qo’shma Shtatlarda taxminan 800 kishi mana shu jinoyat bilan qamalgan. Ogayo shtati prokurori Den Braun joriy yilning yozida ko’rilgan ishni misol qilib keltiradi.

“11 kishi, jumladan estoniyalik, belarus va besh o’zbek ustidan hukm o’qildi. Ba’zilari deportatsiya qilindi, qolgani qamoq jazosini o’tab, vataniga jo’natiladi. Bu jinoiy to’da taxminan 15000 dollar evaziga qalbaki nikohlarni uyushtirib turgan. To’da 30, 40, 50 dan ziyod soxta nikoh uyushtirgan bo’lishi mumkin. Buni aniq bilmaymiz. Tergov davom etmoqda”.

Jonatan Bartel hibsdagi Jafar Sobirovning advokati. Jafar Amerikadan boshpana so’ramoqda, vatanida ta’qibdan hayiqmoqda.

Jonatan Bartel hibsdagi Jafar Sobirovning advokati. Jafar Amerikadan boshpana so’ramoqda, vatanida ta’qibdan hayiqmoqda.

Soxta nikoh – jinoyat, ammo ba’zilar uchun bu AQShda qolishning eng oson va tez yo’llaridan biri. Odatda vizasi tugab borayotgan muhojir tanishlar orqali Amerika fuqarosini topib, kelishib oladi. Faloncha pul to’laydi va ular turmush quradi. Maqsad esa bir – 2 yildan keyin orziqib kutilgan bir parcha qog’oz, grin kartani qo’lga kiritish. Qarabsizki, keyinroq fuqarolik ham karmonda.

Prokuror Den Braun deydiki, muhojir yaxshi hayot istab, intilib yashashga haqli, lekin bu qonunni buzavering degani emas.

“Har bir ishning to’g’ri va qing’ir yo’li bor. Bizning yurtga kelgan shaxs qonunlarimizni hurmat qilsa, xursand bo’lar edik. Advokat toping. Ishonchim komil, har bir xalq, har bir madaniyatda nikoh muqaddas sanaladi. Uni xor qilish yaramaydi. Siz qonunni aldayapmiz, bizni behurmat qilayapsiz”.

Prokuror Braun Ogayo shtatida sudlangan o’zbeklar haqida gapirib berar ekan, “bari mehnatkash yigitlar ekanini darrov ko’rdim”, deydi. Biri Katrina to’foni paytida odamlarga yordam ulashgan; uylarni tozalab, tiklash ishlariga hissa qo’shgan. Ammo qing’ir usulni tanlagani pand bergan.

Prokurorning aytishicha, bir necha muhojir, jumladan Hasan Salohiddinov, Elbek Saidjonov, Iskandar Toirov, Sobitxon Mirzayev va Jafar Sobirovlar soxta oila qurgan. Yoshi 20-29 orasidagi yigitlar. Ba’zilari student sifatida, boshqalari esa sayyoh bo’lib kelgan. Ishning boshida Hasan Salohiddinov va uning sherigi, estoniyalik Dmitriy Pani turgani aytiladi.

Bu kabi ishlarda jabrlanuvchi kim? Imkoniyat izlab, Qo’shma Shtatlarda qolaman deb jinoyatga aralashgan muhojirmi yoki soxta nikohga rozi bo’lib, buning uchun pul olgan Amerika fuqarosimi?

Rasmiy hisoblarga ko’ra, 2006 yildan beri Qo’shma Shtatlarda taxminan 800 kishi mana shu jinoyat bilan qamalgan.

Rasmiy hisoblarga ko’ra, 2006 yildan beri Qo’shma Shtatlarda taxminan 800 kishi mana shu jinoyat bilan qamalgan.

“Qonunga ko’ra, soxta nikoh qurib, buning uchun yuzsizlarcha pul olgan Amerika fuqarosiga keskinroq jazo berish lozim. Bu yurtda yashab, ishlashning, vizani uzaytirishning qonunga mos yo’lini qila olmagan immigrantga munosabat boshqacha – moyillik, hamdardlik bor. Albatta, aslida bu ishda jabr tortgan Amerika jamiyatidir”.

Jonatan Bartel hibsdagi Jafar Sobirovning advokati. Jafar Amerikadan boshpana so’ramoqda, vatanida ta’qibdan hayiqmoqda.

“Immigratsiya qonunlari yil-sayin qat’iylashib bormoqda va bu yerda yashab, ishlashga ruxsat olish osonmas. Odamlar esa har narsaga tayyor. Albatta, vatandagi og’ir iqtisodiy-ijtimoiy sharoit majbur qiladi ularni. Qabih jinoyatchi emas bu yigitlar. Jafar kelib, AQShdagi hayotga oshiq bo’lgan, vatanida bunday imkoniyatlari yo’q edi-da. Oilasini boqib turgan-da Jafar. Sal ko’proq vaqt, sal ko’proq kuch sarflab, AQShga kelishning, bu yerda ishlashning qonuniy chorasini topsa bo’ladi. Jafar to’g’ri qaror qabul qilganida edi, hozir bu ahvolda bo’lmasdi”.

Sud hozirda Jafar Sobirovga boshpana berish-bermaslik ustida o’ylanmoqda. Lekin Amerikaga kelib, jinoyat sodir etib, endi panoh bering deb so’rash ishni sudrashi mumkin.

G’alayon, siyosiy tanazzul, iqtisodiy sharoit noqonuniy immigratsiyaga hissa qo’shuvchi omillardan. Bu esa o’z navbatida odam savdosi, fohishalik, soxta nikohlar kabi jinoyatlar uchun muhit hozirlaydi. Prokuror Den Braun “Qirg’izistonda yozda ro’y bergan qirg’indan xabarim bor”, deydi. Minglab odamlar jon saqlab boshqa yurtlarga bosh olib ketgan.

“Hukumatlar, diplomatlar krizisning oldini olish yo’llari ustida tinimsiz ishlashi lozim. Hozir mavjud yechimlar – boshpana, vaqtinchalik panoh xolos. Adliya vakili sifatida mening vazifam qonun ijrosini ta’minlash. Bu yurtni yurt qilgan mana shu qonunlar”, - deydi prokuror Braun.


XS
SM
MD
LG