Oregon shtatidagi o'zbeklar: Navro'z dasturxoni atrofida birgamiz


Navro’z yurtdoshlarni bir joyga to’playdigan ulug’ ayyom. Amerikaning Vashington shtati Sietl shahrida yuzlab o’zbeklar va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan muhojirlar yig'ilib, do’stlari va hamkasblari bilan bahor bayramini tantana qiladi.

Yillik tadbir Sietl-Toshkent Birodarlik Uyushmasi va Vashington Universiteti bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Tinch okeani bo’yida joylashgan Oregon va Vashington shtatlarida Markaziy Osiyodan taxminan bir ming muhojir yashaydi.

Shuhrat Orifjonov (Шухрат Арифджанов) – Xorazm farzandi. Amerikada bir necha yildan beri yashasa-da, kundalik ishi uni ona yurt bilan chambarchas bog’lab turadi.

“Muruvvat tashkiloti, Medical Teams International, shu yerda ishlayman. Markaziy Osiyo, qo’shni mintaqalar va Afrika davlatlariga dori-darmon yetkazamiz va tibbiy yordam ko’rsatamiz”, - deydi mutaxassis.

Sietl shahri har yili Navro'z ayyomini nishonlaydi

Sietl shahri har yili Navro'z ayyomini nishonlaydi

Shuhrat Orifjonov Sietl-Toshkent Birodarlik Uyushmasining faol a’zosi.

Maqsad, deydi u, nafaqat ikki shahar orasidagi hamkorlikni oshirish, balki Amerika va O’zbekiston xalqini bir-biriga yaqinlashtirish.

Madaniy rishtalarni yaxshilashda Navro’z muhim rol o’ynaydi, deydi u.

“Navro’z ayyomi nafaqat O’zbekiston yoki boshqa markaziy osiyolik oilalar bazmi, balki amerikaliklarga o’z urf-odatlarimiz, madaniyatimiz, ayniqsa raqslarimizni namoyish etish uchun imkoniyat deb o’ylayman”.

Dan Peterson, Sietl-Toshkent Birodarlik Uyushmasi rahbarlaridan biri

Dan Peterson, Sietl-Toshkent Birodarlik Uyushmasi rahbarlaridan biri

Amerikada katta bo’layotgan farzandlar, deydi Shuhrat Orifjonov, O’zbekistondan uzoqlashib ketmasligi kerak.

“Vashington Universitetida o’qiyotgan o’zbek talabalar kichkintoylar uchun qo’g’irchoq teatri qo’yib beradi",- deydi u.

"Navro’z ne’matlari – sumalak, xalim va boshqa milliy taomlar tayyorlanib dasturxonga tortiladi”.

Yurtdoshlar diydor ko’rishadi, yangilari bir-birini tanib do’st-birodar orttiradi.

Muhojirlarni bu yerga olib kelayotgan asosiy sabab ham shu – ularning iqtidori.

Shuhrat Orifjonov (Шухрат Арифджанов) tibbiy ko'mak ko'rsatadigan xalqaro tashkilotning yetakchi mutaxassislaridan

Shuhrat Orifjonov (Шухрат Арифджанов) tibbiy ko'mak ko'rsatadigan xalqaro tashkilotning yetakchi mutaxassislaridan

Oregon va Vashington shtatlari – Amerikaning texnologiya o’choqlari sanaladi. Shuningdek, yirik oliygohlar, tadqiqot markazlari va dunyo bo’ylab ishlaydigan nohukumat, notijoriy va insonparvar tashkilotlar shu yerda asoslangan.

Grin karta, AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjat olib kelganlar ham talaygina.

Sietl-Toshkent Birodarlik Uyushmasi yangi kelganlar va tirikchilik qilishga qiynalib qolgan oilalarga imkon qadar yordam qo’lini cho’zadi.

Uzoqda bo’lsak-da, deydi Shuhrat Orifjonov, vatandan uzilib qolmaganmiz. U o’zi olib borayotgan loyihalar haqida shunday deydi:

“O’zbekiston klinika va kasalxonalarida shifokorlar malakasini oshirish dasturlarimiz bor. O’zbekistondan kelgan mutaxassislar bu yerga kelib ham o’qib ketishadi”.

Shuhrat Orifjonov Portland shahridan turib o’z xalqiga shunday tilaklar yo’llaydi:

“Navro’z ayyomi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Oregon va Vashington shtatlarida yashayotgan oilalar nomidan yurtdoshlarimizga sihat-salomatlik tilayman”.

Sietl-Toshkent orasidagi o’ziga xos aloqalar va muhojirlar hayoti bilan bog’liq xilma-xil mavzularda saytimizdan ko’plab maqolalar, lavha va reportajlar topasiz. "Sietl" deb qidirsangiz bas.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG