Breaking News

O'zbeklar: O'sh va Jalololobodda ahvol yaxshilanmayotganida rahbarlar aybdor


O’zbekistondagi huquq faollari nazarida Qirg’iziston hukumati etnik siyosatini qayta ko`rib chiqmas ekan, janubda ahvol
qaltis bo’lib qolaveradi. O`sh va Jaloloboddagi qirg`in, o`zbeklarga tazyiq ortidan yurtni tark etaman deganlar ko’p.

O’zbek va qirg’iz xalqi o’rtasida munosabat hamon tarang, odamlar bir-birining ko’ziga qaray olmaydi. Hukumat odamlarni yarashtira oladimi degan savollar yangramoqda.

Taxminlarga ko'ra, qirg'in ikki mingdan oshiq odamni hayotdan olib ketgan. O`sh va Jalolobodda qurbonlarning qirqi o`tkazilmoqda.

O'zbeklarning aytishicha, har ikki viloyatda huquq-tartibot organlari tazyiqni davom ettirmoqda.

BMT inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Navi Pillay Qirg'izistonda o`zbeklarga nisbatan bosim bas qilinishi kerak deya chaqirmoqda.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra etnik ziddiyatlarni yumshatishga butunjahon islom ulamolari ham jalb qilinmoqda. Ular O`sh va Jalolobod maschitlarida islomdagi bag`rikenglik haqida aholi o`rtasida amru ma'ruf ishlarini olib
borishadi.

O`zbekistonda keng tarqalgan fikr shuki, etnik zo`rovonlik ortida oddiy aholi, mo'min musulmonlar emas, siyosiy kuchlar turibdi.

“Qirg`iziston hukumatida aybni dindorlarga, namozxonlarga to`nkash harakati kuzatiladi. Bu bilan hukumat o`zini olib qochmoqchi. Islom ulamolari kelib tushuntirish ishlari yuritgani albatta yaxshi, tarbiyaviy ahamiyati bo'lishi mumkin. Lekin men qirg'inlarda diniy narsa bor deb aytmagan bo`lardim”, - deydi O`zbekiston inson huquqlari
tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov.

Sharhlovchilar nazarida qirg`inlarni bartaraf eta olmagan va hozirgacha etnik vaziyatni barqarorlashtirish uchun biror effektiv chora ko'rmagan qirg'iz hukumatini noshud ekanini qayta qayta isbotlamoqda.

“Millatlararo birodarlik bo`lishi uchun, birinchidan, xalq orasida emas, tepada o`tirgan hukumat odamlari o`rtasida tushuntirish olib borish kerak. Asosiy aybdorlar o`shalar, ular uchun islom ulamolari va`z oqiydimi yoki nasroniylarmi buning mutlaqo farqi yo`q. O`z maqsadlariga erishish uchun har qanday zulmga tayyor. Ular haligacha o`z xatolarini
tan olsihgani yo`q, bo`lib o`tgan voqealarga farqsiz”, - deydi sharhlovchi Muzaffar Valiyev.

Qirg`iziston prezidenti Roza O`tunbayeva O`sh va Jaloloboddagi vaziyatni barqarorolashtirish uchun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti politsiya kuchlari kiritilishiga rozilik bildirdi. Ma`lumotlarga ko`ra yaqin ikki-uch haftada xalqaro tashkilotni 50 oshiq politsiyachisi O`sh va Jalolobodda bo`lishi kerak. Ular Qirg`izistonda parlament saylovlari o`tgunicha vaziyat yuzasidan qirg`iz militsiyasiga ko`mak ko`rsatadi.

Hukumat idoralarida o`zbeklar deyarli yo`q va qirg`indan keyin ham bu vaziyat o'zgarmagan. Ahvol o`nglanishiga umid kam ekan, ko`plab o`zbeklar mamlakatni tark etish ilinjida.

“O`shda 50 foiz o`zbeklar, qolgan ellik foizi qir`gizlar va boshqa millatlar. Ular o`zbeklar O`zbekistonga ketishsin degan shiorlarni ko`tarishayapti. Hukumat esa bunga faqat qarab turibdi, biror harakat qilayotgani yo`q. Masalan, Ichki ishalr boshqamalari bor. Mayli boshlig'i qirg`iz bo`lib, muovini o`zbek yoki boshqa millat bo'lganda edi. Negadir bu narsaga e`tibor berilmayapti, hech qayerda bu haqda gapirilmayapti”, - deydi Surat Ikromov.

Tahlilchilarga ko`ra bugun Qirg`izistondagi o`zbeklar taqdiri, ular huquqlarini talab qiladigan aniq kuch yo`q. O`zbekiston hukumati qochqinlarni yurtiga qaytarib, chegaralarni yopish bilan cheklangani, deydi faollar, o`zbeklar uchun hayotni yanada og'irlashtirgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG