Zamon va vatandoshlar: O'zbek yoshlari Nyu-Yorkdagi jinoiy ishlar haqida nima deydi?


25-fevral kuni Nyu-York shahri va Florida shtatida uch o'zbek "Islomiy davlat" ga qo'shilishga uringanlikda gumon qilinib hibsga olingan edi. Bruklin tumanida yashagan 24 yoshli Abdurasul Jo'raboyev, 19 yoshli Ahror Saidahmetov va 30 yoshli Abror Habibov terror tashkilotiga kirishni, buning uddasidan chiqa olmagan taqdirda, AQSh prezidentini o'ldirish, bomba xurujlari qilish, politsiya va rasmiylarni o'ldirishni ko'zlagan, deya bildiradi Federal qidiruv byurosi. 13-mart kuni ular federal sud huzuriga olib borilgan va uchalasi ham o'zini begunoh deb bilishini aytgan.

Dilorom Abdullaeva, o'zbekistonlik huquqshunos, "Tashabbus" nohukumat tashkilotini boshqaradi. “Tashabbus” ommaning huquqiy ongini oshirish va qonun ustuvorligini targ'ib qilishni maqsad qilgan. Tashkilot internetda uch tilda ma'lumot tarqatadi va dunyoning turli burchaklarida yurgan o'zbekistonliklardan tushgan savollarga javob beradi.

O'zbekistonlik yana bir huquqshunos Dilshod Zokirov Jorj Vashington universiteti talabasi. Nyu-Yorkdagi o'zbeklar orasida faol, "Vatandosh" O'zbek-Amerika federatsiyasi a'zosi, "Vatandosh" gazetasi muxbiri. Hamyurtlari dardini yaxshi biladi. Ijtimoiy masalalar, madaniy hayot bilan yaqindan tanish.

Dilorom Abdullaeva va Dilshod Zokirovning Nyu-Yorkdagi jinoiy ish yuzasidan fikrlari bilan yuqoridagi videoda tanishing.

Ohayo shtatidan Mirrahmat Mo'minov, huquq himoyachisi va O'zbekiston prezidentligiga muqobil nomzodlardan biri, "Amerika Ovozi" bilan muloqotda quyidagilarni bildiradi:

"Vatandoshlarimni bunday xavfli ayblob bilan ayblanishida asosiy muammo bu yoshlarning O'zbekiston ichida diniy bilimga ega bo'lmagani va Amerikadagi erkinliklarni mutlaq erkinlik deb qabul qilishi oqibatidir. O'z navbatida xorijdagi diniy ulamolar ham yoshlar bilan ishlashi, bu xatarli yo'l ekanligidan ogohlantirishi lozim. Men bu yoshlarning harakatini katta xato deb hisoblayman va boshqa yoshlarga dars bo'ladi degan umiddaman.

Yoshlarning bu qarmoqlarga ilinganining asosiy sababi ularning hissiyotlari oqibati deb o'ylayman, ya'ni dunyodagi nohaqliklar va "Islomiy davlat" ga odam yollashni kasb qilgan kimsalarning propagandasi ta'sirida hissiyotlar oqibatlarni ko'ra bilishga to'siq bo'lgan deb hisoblayman. Biz o'zbeklarda "Osmon qo'lingda bo'lsa tashlab yubor" qabilida qaror chiqarish keng tarqalgan. Bu insonlar ham shunday emotsional zo'riqish oqibatida bu fitnaga aralashib qolgan. O'rtada qurbon bo'lishdi, deb aytsak bo'ladi. Bir tomondan Federal qidiruv byurosi, boshqa tomondan esa "Islomiy davlat" qarmog'iga oson ilingan.

Mirrahhmat Mo'minov Ohayo shtatida yashaydi

Mirrahhmat Mo'minov Ohayo shtatida yashaydi

Bizning shtatda hozir 30 dan ortiq o'zbek oilasi istiqomat qiladi. Bu oilalarning farzandlari bilan ham, ularning ota-onalari bilan kundalik suhbatdaman va biz dunyodagi siyosiy-ijtimoiy voqealar tahlili bilan tanishib, fikr almashib turamiz. Ko'pchilik "Islomiy davlat" ni fitnachi va terror tashkiloti deb biladi. Masjidlarga qatnaydigan o'zbeklar bunday jamoatlar faoliyatini qattiq qoralaydi. Ayniqsa O'zbekistonda diniy-siyosiy tayziqqa uchrab, Amerikadan siyosiy boshpana olgan bu insonlarning o'zlari hukumat tomonidan nohaq ayblar bilan yuzlashgan kishilardir. Allohga shukurki, biz tomonda yoshlar bilan ishlash keng yo'lga qo'yilgan va hozirgacha oramizda "Islomiy davlat" ga xayrixoh kishilar mutlaq yo'q!"

Vayoming shtatidan Ahad Abdurahmon, siyosatshunoslik bo'yicha magistrlik darajasiga ega o'zbekistonlik, masalani quyidagicha tahlil qiladi:

"Meni bu xabar juda tashvishga soldi. Yo'q, ko'pchilikka o'xshab "o'zbeklarning, musulmonlarning yuzini yerga qaratdi" tarzidagi tashvishga emas, bu yosh yigitlarning o'z kelajaklarini o'z soddaliklari bilan jarohatlaganlari qayg'uga soldi meni. Axir bular yoshku juda, ne ne umidlar bilan kelgan bu yerlarga. Orqasida zor bo'lib kutgan yaqinlari bordir. Shuning uchun kelganmidi bu yerlarga? Shaxsiy munosabatim: menimcha, qanday bo'lishidan qat'i nazar, jinoyatni "qilmoqchi bo'lgani" uchun qo'lga olish sal qattiqqo'l choradek tuyuldi. Buning ustiga bu jinoyat qilish "maqsadi" yashirin agent tomonidan shunga moyil suhbatlarga tortish orqali "fosh etilgan".

Ahad Abdurahmon Vayoming shtatida yashaydi

Ahad Abdurahmon Vayoming shtatida yashaydi

Menimcha, buning o'zi bu yoshlarni terrorist deb e'lon qilishga kamlik qiladi. Menimcha, bular begona yurtda oq-qorani farqiga bormay g'arazli odamlarning ta'sirlariga uchragan sodda yigitlar. Ularga to'g'ri tushuncha bera olmaganimiz uchun biz, Amerikadagi musulmonlar, xususan o'zbeklar aybdormiz... Bilmadim axborot almashinuvi tezlashgan sari axborotning sifati ham, odamlardagi mustaqil fikrlash ham pasayib ketyapti. Bir narsa internetda paydo bo'lsa son-sanoqsiz odamlar tominidan tarqatiladi hamma yoqqa. Hech kim o'ylab ko'rmaydi, bu axborot o'zi to'g'rimi, uni targ'ib qilayotganning asl maqsadi nima deb. Afsuski, bu narsaning ta'siri diniy ma'lumotlar to'plashda, o'rganishda juda ayanchli natijalar keltirib chiqaryapti. Ishonchli, manbalari sifatli joylardan olish kerak dinga oid bo'lgan tushunchalarni.

Yoshlarning bunday qarmoqlarga ilinishiga sabab, Amerikada, o'zini yolg'iz his qilishi, diniy bilimlari ozligi, soddaligi, va asosiysi mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega emasligi deb o'ylayman. Cholni ko'rsa bobom deb ergashib ketadigan darajada diniy bilimlar past bo'lganlar bor. Shaxsan men uchun ishonchli manbalar bu, masalan, islom.uz portali, Shimoliy Amerika Musulmonlari Uyushmasi kabilardir. Juda endi inglizchaga qiziqib shu tilda ma'ruzalar tinglamoqchi bo'lishsa Hamza Yusuf, Yosir Qozi, Toriq Ramazonlarning ma'ruzalarini tinglab ko'rsinlar. Islom bu faqat nomusulmonlarni yomon ko'rish uchun qo'llaniladigan g'oyaviy qurol emas. Islom bu mashaqqat, o'z nafsi, yalqovligiga qarshi kuniga kamida besh mahal kurashiladigan pok va mukammal Ilohiy din. O'zlari muntazam ibodatga kirganlariga hech qancha bo'lmay o'zidan katta da'volar qiladigan dovdir odamlar nafaqat o'zlarini balki boshqalarni ham botil yo'llarga boshlayaptilar.

Hammamiz avvalo insonmiz, oldin inson bo'lishni qoyillatish kerak.

Men yashayotgan shtatda ko'pchilik musulmonlar haqida asosan televizorda ko'rgan xolos. Ular bizni uncha bilmaydilar va shunga yarasha begonasirashlari ham tabiiy. Matbuotda ularga biz haqimizda nima desa o'shanga ishonishlari normal. Lekin bunday "mahalliychi" fikrlar ham faqat internetda uchragan xolos. Real hayotda birov menga qo'pollik qilmadi. Aksincha, hamkasblar, tanishlar, qo'shnilar qo'lidan kelganicha hurmat ko'rsatishga intiladilar. Masalan, biron yig'ilish bo'lsa albatta cho'chqa go'shtisiz taom ham bo'lishini ta'minlaydilar. Hammamiz avvalo insonmiz, oldin inson bo'lishni qoyillatish kerak. Bundan tashqari bizni bu yerga hech kim chaqirgani yo'q. O'z xohish-ixtiyorimiz bilan kelganmiz. Bu yerda bizga imkoniyatlar berildi, erkinliklar bor qancha. Bulardan to'g'ri maqsadda, insoniy tarzda, musulmonlarga xos odob va shukronalik bilan foydalanishimiz kerak. Bu mamlakatning ham kamchiliklari ko'p, yaxshi-yomon odamlari ko'p. Lekin hech qayerda hamma birdek yaxshi yoki yomon emas. Bunday moral dualizmdan ehtiyot bo'lish kerak. Buning ustiga, ichi qoralik bilan tanqid qilarkan, o'zimiz bu yerga o'z xohishimiz bilan kelgan bo'lsak, ayniqsa mana aslida adolatli jamiyat qanday bo'ladi, ko'rib qo'y deydigan porloq namunamiz bo'lmasa. Ayniqsa musulmonlar ko'pchilikni tashkil etadigan mamlakatlarda ahvol bundan ham battar bo'lgan bir paytda bunday qilish yaramaydi."

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG