2010-yil O'zbekistonda jurnalistlar uchun og'ir davr bo'ldi


2010-yil O'zbekistonda jurnalistlar uchun og'ir davr bo'ldi

2010-yil O'zbekistonda jurnalistlar uchun og'ir davr bo'ldi

Bu yil bir necha jurnalist O'zbekistonda sud qilindi. Davlat televideniyesi xodimlari esa hur fikr uchun ishdan haydaldi.



2010-yil kimlargadir omadli kelgan bo'lsa, aynan jurnalistlar uchun ayanchli davr bo'ldi. Xalqaro tashkilotlar hisobicha, joriy yilda jahon bo'ylab eng ko'p muxbir o'ldi. O'zbekistonda esa mustaqil jurnalistlar sud qilindi. Matbuot erkinligi yoki, aniqrog'i, uning yo'qligi hamon muammoligicha qolmoqda.

2010-yil dunyoda jurnalistlar uchun qonli davr bo'lib, Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi hisobiga ko'ra 44 muxbir, Parijda asoslangan Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti ma'lumotiga qaraganda 57 jurnalist va Matbuot nishonasi kampaniyasi deb nomlanuvchi xalqaro tashkilot hisobicha 105 jurnalist o'lgan. Raqamlar turlicha bo'lgani bilan barchasining xulosasi bir - ketayotgan yilda oldingi yillarga qaraganda ko'proq muxbir hukumatlar ta'qibiga uchragan, mojaro zonalarida nobud bo'lgan, siyosiy qotilliklar qurboniga aylangan.

Hisobotlarga ko'ra, Meksika va Pokiston jurnalistlar uchun eng xavfli davlatlar hisoblanadi. Xitoy bilan Eronda esa eng ko'p muxbir qamoqda. O'zbekistonda jurnalistlar o'ldirilmagani bilan 2010-yilda bir necha qalamkash ustidan sud jarayonlari bo'ldi, jumladan Amerika Ovozi muxbiri Abdumalik Boboyev ustidan.

O'zbekistonda jurnalistlarga qo'yilayotgan eng ommabop ayblov - bu tuhmat va haqorat qilganlik hamda jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallar tayyorlash va tarqatish. Asosan mustaqil jurnalistlar nishonga olinadi. Shu kungacha bir nechtasi tuhmat va haqoratda aybdor deb topilgan.

Jumladan, Rossiyaning "Parlamentskaya gazeta" nashri muxbiri Vladimir Berezovskiy. U Mustaqillik kuni munosabati bilan e'lon qilingan amnistiyaga tushdi. Muxbirimiz Abdumalik Boboyev amnistiyaga tushmadi. Unga salkam 10 ming dollarlik jarima solindi.

Matbuot erkinligi rivojlangan davlatlarda har kuni chiqadigan xabarlarni O'zbekiston qonunlariga ko'ra jamoat tartibiga tahdid soluvchi material deb bemalol baholasa bo'ladi. Odatda bular tanqidiy yoki hukumat pozitsiyasiga qarama-qarshi fikr va faktlarni olg'a surgan reportajlardir. O'zbekiston prezidenti Konstitutsiya kuniga bag'ishlangan chiqishlarida jurnalistlarni dadillikka, tanqidga chaqirsa-da, mulozimlar prezident gapiga parvo qilmaganday aynan shunday muxbirlarni jazolaydi.

Davlat xizmatchilari prezidentga qarshi chiqyaptimi yoki prezident o'z chiqishlarida samimiy emasmi, bunisi qorong'u. Qars ikki qo'ldan chiqadi deganlaridek, ayrim kuzatuvchilar nazarida, mahalliy jurnalistlarning o'zi passiv, ichki senzura kuchli rivojlangan.

Davlat matbuotida ishlovchi jurnalistlarda ichki senzura bo'lsa, mustaqil muxbirlarda bunday to'siq yo'q, biroq bugunda ularning 11 nafari panjara ortida. Davlat matbuoti hur fikr uchun rag'bat emas, jazo bilan siylashini yaqinda ikki jurnalist ayol misolida ko'rdik.

O'zbekiston televideniyesining "Yoshlar" kanalida ishlagan Saodat Omonova va Malohat Eshonqulova senzura va mahalliychilik kabi illatlar haqida bong urgani uchun, o'zgarishlarga da'vat etgani uchun yaqinda televideniyeda bo'lgan maxsus majlisda hamkasblari oldida izza etilib, ishdan haydalgan.

O'zbekiston hukumati respublikada senzura borligi, matbuot bo'g'ilayotganini inkor etib keladi. Bu haqda bong urayotgan xalqaro tashkilotlar va hukumatlarni O'zbekiston ichki ishlariga aralashmaslikka chaqiradi. Mustaqil kuzatuvchilar nazarida O'zbeksitonda hokimiyat tepasida ayni odamlar ekan, bu hol 2011-yilda ham o'zgarmaydi.

XS
SM
MD
LG