"Vatandosh" jamiyati bepul til kurslarini taqdim etmoqda


Nyu-Yorkdagi til markazida

Nyu-Yorkdagi til markazida

“Vatandosh” O’zbek-Amerika federatsiyasi o’zbekistonliklar tomonidan AQShda tashkil etilgan navbatdagi tashkilotlardan biri. Uning o’z oldiga qo’ygan maqsadlari shu kabi boshqa jamiyatlarnikidan ko’p farq qilmaydi. Federatsiya saytida yozilishicha, jamiyat AQShda istiqomat qiluvchi o’zbekistonliklarni ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, o‘zbek milliy qadriyatlari, urf-odatlarini asrab-avaylash, o‘zbek tilini ommalashtirish hamda O‘zbekistonni keng jamoatchilikka tanitishni o’zining asosiy vazifasi deb hisoblaydi.
Yosh tashkilot shu maqsadlarni amalga oshirish yo’lida o’zining ilk qadamlarini ham tashladi. Yaqinda jamiyat qoshida o’zbek, rus va ingliz tillarini o’rgatuvchi kurslar yo’lga qo’yildi. Buning eng ahamiyatli jihati shundaki, AQSh tarixida ilk bor bunday til kurslari o’zbek jamiyati tomonidan bepul taqdim etilmoqda, deydi tashkilot ta’sischilaridan biri Umarxon Zokirxo’jayev.

“Hozir har bir tildan haftada ikki marta dars o’tilyapti. Bolalarga alohida, kattalarga alohida guruh qilingan. Hozirgacha 70 dan ortiq odam yozildi. Ularning soni o‘sib boryapti. Darslar hammaga bepul”, - deydi Amerikada istiqomat qiluvchi Umarxon Zokirxo’jayev.

Uning aytishicha, jimayat, asosan, Nyu-York shahrida yashovchi va turli yosh va toifadagi ziyolilar va faollar tashabbusi bilan dunyo yuzini ko’rgan.

“Qisqa vaqt ichida federatsiya bir necha tadbirlar o’tkazdi, - deydi u. - Sentabr oyining oxirida sayl o’tkazdik. Undan oldin jamiyat faollari yig’ilib, reja va maqsadlarimizni gaplashib oldik. Mana hozir til kurslarini boshladik”.

Federatsiya vakilining aytishicha, jamiyat ishiga O’zbekiston rasmiylari ham ko’mak bermoqda. Xususan, darslarni tashkil etilishda Nyu-Yorkdagi O’zbekiston konsulligi yordam ko’rsatdi, deydi Umarxon Zokirxo’jayev.

“Nyu-Yorkdagi O’zbekiston konsulligi o’zbek tili darsliklari bilan ta’minlashda katta yordam berdi. O’quvchilarga O’zbekistondan olib kelingan kitoblar taqdim etildi”, - deydi u.

“Vatandosh” O’zbek-Amerika federatsiyasi nodavlat-notijorat tashkilot bo’lib, o’z faoliyatini, asosan, xayriya mablag’lari hisobiga moliyalashni maqsad qilgan. Hozircha ishlarimizni fidoyi va faol a’zolarimiz yordami bilan olib boryapmiz, deydi Umarxon aka.
Kelajak rejalari haqida gapirar ekan, Zokirxo’jayev tashkilot faoliyati faqat madaniy tadbirlar va til kurslari tashkil etish bilangina cheklanib qolmasdan, balki ijtimoiy-huquqiy va iqtisodiy jabhalarda ham vatandoshlarga ko’mak ko’rsatuvchi turli yordam loyihalarini boshlash ham rejada borligini ta’kidladi.

“Yangi kelgan hamyurtlarimizning Amerikaga moslashuviga ko’maklashish, lozim bo’lganda, sog’liqqa oid yoki o’lim hollarida, huquqiy masalalarda vatandoshlarga yordam ko’rsatish, iqtisodiy ko’mak berish kabi vazifalarni ham amalga oshirishni reja qilganmiz”, - deydi Zokirxo’jayev.

Jamiyat hozircha faqat Nyu-York shahri atrofidagi o’zbekistonliklar uchun xizmat ko’rsatadi. Kelajakda faoliyat doiralarini kengaytirib, boshqa shahar va shtatlarni ham qamrab olish niyatlari bor.

Suhbatimiz so’ngida Umarxon Zokirxo’jayev AQShdagi barcha o’zbekistonliklarni yangi jamiyatga a’zo bo’lib, u amalga oshirayotgan xayrli ishlarga hissa qo’shishga chaqirdi. Federatsiya haqidagi to’liq ma’lumot va aloqa yo’llarini www.vatandosh.org saytidan topish mumkin.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG