Vatandosh fondi: Amerikadagi o'zbeklar bir-biriga tayanch bo'lsin


Gap shundaki, deydi tashkilotchi Farhod Sulton, Amerikadagi o’zbeklar birdam, kuchli jamoa sifatida oyoqqa turishi kerak. Ko'ngilli, beg'araz xizmatga tayyor muhojirlar bormi?

Bugun Amerikada qancha o’zbek yashayapti degan savolga aniq javob olish qiyin. Jamoa yetakchilari kamida 50 ming deydi, ba’zilar esa bu sonni undanda yuqori qo’yadi, hatto 300 ming deya chamalaydiganlar ham bor. Okean ortiga ular turli yo’llar bilan kelgan, turli sohalarda mehnat qiladi, har birining o’z tirikchiligi, dardi va qissasi bor. Lekin ularni bir narsa birlashtirib turadi – o’zbek madaniyati va yangi yurtdagi sinovlar. Shu kungacha Amerika bo’ylab bir necha jamiyat, uyushma va tashkilotlar tuzildi. Yaqinda Nyu-Yorkda “Vatandosh Fund” jamg’armasi vujudga keldi.


Koni Aylend ko’chasi (Coney Island Avenue) azaldan dunyoning turli burchaklaridan kelgan muhojirlar va ular yuritadigan bizneslar makoni. Bruklinning bu qismida o’zbek restoranlari va kattayu-kichik firmalar ham ko’paygan. Biz hozir "#1 Uzbek Palace" degan tamaddixonadamiz, o’zbek choyxonasi. 30 dan oshiq, turli yoshdagi muhojirlar yig’ilgan. Maqsad – “Vatandosh Fund” tashkiloti nimani ko’zlashi bilan tanishish.

Tashabbus boshida Farhod Sulton va u bilan “Vatandosh” gazetasi faoliyatida hamkorlik qilib, bu nashrni quvvatlab kelayotgan Norxo’ja Eshon va Abdumalik Ahmedov singari bir necha yurtdoshlar turibdi. O’rtani Dilshod Zokirov, o’zbeklar orasida taniqli suxandon, olib bormoqda.

Tashabbuskorlar vatandoshlarni maslahat dasturxoniga chaqirgan. Jo’ra Bo’tako’z, atoqli o’zbek otaxoni, jamoa bir-biridan uzoqlashmasligi kerak, deydi. Muhojirlikda yurtdoshlar bir-biriga yordam qo’lini cho’za olishi uchun sharoit-imkoniyat yaratish lozim, deydi u.

Lutfulla To’ra, Amerikada 1980-yillardan beri yashab kelayotgan tadbirkor va faol nazarida, har bir vatandosh o’ziga xos mas’uliyatga ega. O’zbeklar bir-biriga nisbatan oqibatli bo’lishi kerak. Muhojirlar bir-biriga ishona olsin, izzatda bo’lsin, deydi u.

“Vatandosh” tahririyati a’zolaridan biri, yangi kelayotganlarga yordam berish kerak deya o’zbek jamoasini faolikka va ogohlikka undab kelayotgan Norxo’ja Eshon deydiki, o’zbek tilida gazeta chop etilib, bepul tarqatilayotgani, internetda kun sayin tanilib, butun dunyodan o’zbeklarni o’ziga jalb etayotgani ulkan yutuq va uni asrab-avaylash kerak.

Uzoq yillardan beri o’zbeklar orasida hamjihatlik va o’zaro madadni oshirish kerak deb bong urib kelayotgan, turli tadbirlar o’tkazib, vatandoshlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan faollardan biri Sanobar Sharipova, gapdan ishga o’tish kerak deydi.

“Vatandosh” asoschisi Farhod Sulton va uning maslakdoshlari yangi jamg’arma nizomini tanishtirar ekan, “bu hali xomaki, chernovik” deydi. Niyat shuki, yurtdoshlar orasida muhokama qilinib, ko’pchilik ovoz bilan demokratik ravishda qabul qilinsin va nodavlat notijorat tashkilot sifatida AQSh qonunlari bo’yicha faoliyat yuritsin. Bu siyosiy yoki diniy guruh emas, madaniy tashkilot bo’ladi.

Maqsad va muddao?

Amerikada istiqomat qilayotgan vatandoshlarni ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy qo‘llab-quvvatlash; ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish; o‘zbek milliy qadriyatlari va urf-odatlarini asrab-avaylash; o‘zbek tilini ommalashtirish; O‘zbekiston haqida keng jamoatchilikka axborot tarqatish.

Madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, hamyurtlarni yangi sharoitga moslashishida ko‘maklashish; yosh vatandoshlarning umr yo’ldoshi topishida yordamlashish; tibbiy va huquqiy madadga muhtoj muhojirlarga qo’l cho’zish va buning uchun xayriya mablag‘i yig‘ish; o’lim hollarida oilalarni quvvatlash; Amerikada katta bo’layotgan farzandlar o’zbek tilini o’rganishi uchun maxsus darslar tashkil etish.

Fond Amerika qonunlari asosida, oshkora va o‘zaro hurmat bilan ish olib boradi; o‘z ixtiyoridagi mablag‘ni shaffof tarzda tasarruf etadi; jamg’arma va sarfiyat haqidagi axborotni o‘z rasmiy saytida e’lon qilib boradi, deya tushuntiradi Farhod Sulton. Tashkilot boshqa jamiyat va uyushmalar bilan hamkorlik qilishni istaydi.

Fond qanday boshqariladi? Ta’sis kengashi tuziladi, uning raisi va kotibi bo’ladi. Kengash tasdiqlagan loyihalarni amalga oshirish uchun ijroiya organi zarur. Buning uchun direktor tayinlash kerak va uning qo’li ostida bir necha xodim mehnat qiladi.

Jamg’arma faoliyatini kuzatib borish uchun Taftish komissiyasi tuzilishi ham ko’zda tutilgan.

Amerikada istiqomat qilayotgan vatandoshlarni a’zo bo‘lishga, o’z shtatlarida faollikka undamoqda. Albatta, ulardan ko’ngilli, beg’araz xizmat kutiladi.

Fondning moliyaviy asoslari nimadan iborat?

Ixtiyoriy badal, beg‘araz yordam va a’zolik badali, deya javob beradi tashkilotchilar. Lekin fondning boshqa jihatlari singari bu ham hali muhokamada.

Niyat xolis, deydi Norxo’ja Eshon, vaqt ajratib, imkon qadar moddiy yordam berishga tayyor vatandoshlar bir yoqadan boshqa chiqarib, savob ishlar qila oladi.

Gap shundaki, deydi Farhod Sulton, Amerikadagi o’zbeklar birdam va kuchli jamoa sifatida oyoqqa turishi kerak. Buning uchun esa vatandoshlar avvalo bir-biriga tayana olishi lozim. Jamg’arma shu yo’ldagi qadam, uning qanchalik dadil va shaxdam bo’lishi esa yurtdoshlar irodasi va quvvatiga bog’liq.

Tomosha qiling: Kichik O'zbekiston, Bruklin, Nyu-York - Maxsus dastur

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG