Breaking News

Lukpan Ahmedyarov: "Qozog'istonda korrupsiya chuqur ildiz otgan"


Lukpan Ahmedyarov, "Ural Haftaligi" (Uralskaya Nedelya) gazetasi muxbiri, Qozog'iston.
Lukpan Ahmedyarov, "Ural Haftaligi" (Uralskaya Nedelya) gazetasi muxbiri, Qozog'iston.
Qozog’istonlik jurnalist Lukpan Ahmedyarov hukumatda korrupsiya hollarini fosh qilib, chop etilgan maqolalari uchun AQShda Piter Makler nomidagi sovringa munosib ko’rildi. Mukofotni qabul qilish hamda AQSh rasmiylari, huquq tashkilotlari va matbuoti bilan uchrashish uchun Vashingtonga kelgan muxbirning aytishicha, Qozog’istonda kundan-kunga korrupsiya kuchayib, inson huquqlariga doir ahvol yomonlashmoqda.

Piter Makler tajribali jurnalist bo’lib, 2008-yilda vafot etgan. U asos solgan Global media forum Makler o’limidan so’ng uning sharafiga mukofot ta’sis etib, korrupsiya va inson huquqlarining poymol etilish hollari haqida haqiqatni yozgan dovyurak, shijoatli jurnalistga topshiriladi. Lukpan Ahmedyarov sovrinning to’rtinchi sohibi.

Jurnalist Qozog’iston g’arbida, Ural daryosi bo’yida joylashgan Uralsk shahridan. 11 yildan beri “Uralsk haftaligi” ("Uralskaya Nedelya") gazetasida ishlaydi. Lukpan 36 yoshda. Markaziy va mahalliy hukumatdagi korrupsiyani fosh qilib keladi. Buning uchun bir necha bor kaltaklangan, do’q-po’pisa qilingan, uch bor tuhmatda ayblangan, hatto otilgan. Shunga qaramay kasbini tashlamadi, prinsiplaridan voz kechmadi.

"Korrupsiya hollarini qidirishga hojat yo’q. Ular har qadamda bor. Rasmiylar doim nimanidir yashirishga harakat qiladi. Masalan, bu yili Uralskda maktab qurilib, unga Nazarboyevning nomi berildi. Hozir har bir shaharda shunaqa moda. Qurilish uchun sarflangan xarajatlarni bilish maqsadida bu ishning tagini kovlaganimda korrupsiyaga doir shunaqa ko’p axborot chiqdiki, Amerikada shov-shuvga sabab bo’lar edi, ammo Qozog’istonda bunday emas. Jamiyat korrupsiyaga o’rganib ketgan", - deydi jurnalist.

Lukpan Ahmedyarovning aytishicha, chekka shaharda jurnalist bo’lib ishlash oson bo’lmasa-da, juda qiziq. So’nggi yillarda ahvol yanada yomonlashdi, deydi u.

"Masalan, 10 yil oldin rasmiylardan ma’lumot olish, hokimiyatga borib, hokimning o’zi yoki o’rinbosari bilan uchrashish juda oson edi. Hozir esa nima savolimiz bo’lsa, yozma ravishda murojaat qilishni so’rashadi. Sudlar va prokuratura ham so’z erkinligi, axborot olish huquqini0020cheklashga hissasini qo’shmoqda", - deydi jurnalist.

Lukpan Ahmedyarov nazarida mamlakatda mustaqillik yillaridan so’nggi iqtisodiy yuksalish va nisbiy siyosiy ochiqlik ketidan avtokratik tuzum tomir otdi. Muxolif partiyalar yo’qqa chiqarildi, parlamentda yakkahokimlik, Nazarboyevga sig’inish kuchaydi, nomaqbul siyosatchilar va rejim tanqdichilari qamaldi yoki o’ldirildi.

O’tgan yil dekabrida Janaozen shahrida ishdan nohaq haydalgan yuzlab konchilar namoyishi shafqatsiz bostirildi. Rasmiy hisoblarga ko’ra, 15 kishi o’ldi. Huquq himoyachilarining da’vo qilishicha, ba’zi namoyishchilar qamoqqa olinib, sudda yolg’on ko’rsatmaga majburlandi, ayrimlari qiynoqqa solindi.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko’ra, Qozog’iston matbuot erkinligi bobida 179 davlat ichida 154-o’rinda.

"So’nggi 20 yilda na O’zbekistonda, na Qozog’istonda davlat rahbari almashdi. Nursulton Nazarboyev ham, Islom Karimov ham ularning tijoriy, biznes, shaxsiy manfaatlari xalqnikidan ustun ekanini va bu manfaatlarni tish-tirnog’i bilan himoya qilishini namoyish etdi. Karimov Andijonda, Nazarboyev esa Janaozenda", - deydi Ahmedyarov.

Uning aytishicha, Qozog’iston 2010-yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotida raislikdan zarracha ham saboq olmadi. Barcha harakatlar demokratiyadan dars olib, uni mamlakatda hayotga tadbiq etish emas, balki quruq savlat to’kib, obro’-e’tibor qozonishga sarflandi. Qozoq jurnalistiga ko’ra, Amerikada ham aynan shu maqsadda Nazarboyev hukumati mo’maygina pul evaziga lobbichilarni yollab, mahalliy gazetalarda qasidalar buyurtiradi. Natijada AQShda aholi va siyosatchilarning aksariyati Qozog’istondagi asl ahvolni bilmaydi, deydi Ahmedyarov.

"AQSh hukumati bilan xalqini bir-biridan ajrata bilish kerak. Jurnalistikada fakt va fikr o’rtasida naqadar katta farq bo’lsa, hukumat va xalq o’rtasida ham shunday. Meni Amerikada Piter Makler mukofoti bilan taqdirlashdi, ammo bunga na hukumatning, na Davlat departamentining aloqasi bor. Piter Maklerning oilasi berayotgan sovrin bu".

Qo’shma Shtatlar hukumatining Markaziy Osiyoga doir siyosatida, deydi jurnalist, ikki yoqlama yondashuvni ko’rish mumkin.

"Bir tomondan Amerika inson huquqlari va demokratiya – bizning qadriyatlarimiz, deya bong uradi. Shu bilan birga Amerikaning Markaziy Osiyoda energetik, siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik manfaatlari borligini ko’rsa bo’ladi va ko’p hollarda aynan shu manfaatlar qadriyatlardan ustun keladi", - deydi Ahmedyarov.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG