AQSh qonunchilari Venesuelaga sanksiya qo'yib, Kubani ham zaiflashtirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Venesuelada namoyishlar, Karakas, 17-mart, 2014-yil

Venesuelada namoyishlar, Karakas, 17-mart, 2014-yil

AQShda kubalik amerikaliklar Venesuela hukumatining namoyishchilarga qarshi bosimini keskin tanqid qilib chiqmoqda. Ular nazarida rasmiy Karakas repressiya yordamida tanqidchilar unini o’chirmoqchi. Kelib chiqishi Kubadan bo’lgan qonunchilar Venesuela rahbariyatiga sanksiya qo’ymoqchi, Kubadagi kommunistik tuzumni ham ag’darmoqchi.

Florida shtatidan saylangan respublikachi senator Marko Rubio, Nyu-Jersidan demokrat senator Robert Menendez va floridalik kongressmen ayol Ileana Ros-Leytinen – Kubadan chiqqan uch nafar bu qonunchi Venesuela hukumatini jazolash choralarini olg’a surmoqda.

Viza cheklovlari joriy etish, Venesuela rahbarlarining Amerikadagi hisob raqamlari va mulklarini muzlatish shular jumlasidan.

Vashingtondagi Amerika universitetida Lotin Amerikasi siyosati bo’yicha mutaxassis Uilyam Leograndening aytishicha, bu qonunchilar kattaroq maqsadni ko’zlamoqda.

"Ular Venesuela hukumatiga bosim qo’yib, Kuba bilan orasiga nizo solmoqchi va Gavanani Karakasning arzon neftidan mahrum qilmoqchi", - deydi u.

Unga ko'ra, agar Venesuela hukumati ag’darilsa va hokimiyatga konservativ kuchlar kelsa, ular Kubaga yordamni to’xtatib qo’yishi mumkin.

"Bu esa oroldagi siyosiy vaziyatni keskinlashtirishadi. Konservativ kubalik amerikaliklarning maqsadi shu", - deydi professor Leogrande.

Oziq-ovqat va boshqa mollar kamomadi, inflyatsiyaning yuqoriligi, jinoyatchilikning kuchaygani neftga boy Venesuelada namoyishlarga turtki berdi.

Bu mamlakat rahbarlari Qo’shma Shtatlarni chiqishlar ortida turganlikda ayblamoqda. AQSh bu ishga aloqasi borligini inkor etmoqda.

Venesuelada namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishni Kuba maslahat bergan, deydi senator Rubio.

"Venesuela hukumati Gavananing qo’g’irchog’idir. Kubaning tashqi siyosat va mudofaa bo’yicha xizmatchilari bu hukumat ichiga kirib olib, uni boshqarmoqda", - deydi u.

Vashingtonlik tahlilchi Karl Michem nazarida bu yanglish tasavvur. Ikki sotsialistik tuzum o’rtasidagi ittifoq Ugo Chaves prezidentligi paytida boshlangan, deydi u.

"Ikki mamlakat orasidagi aloqalar oydek ravshan va o’zaro manfaatli bo’lsa-da, har holda aynan Venesuelani yetakchi rolda ko’rish mumkin", - deydi ekspert.

Karakasga sanksiya kiritish uchun ayrim qonunchilar uning Kuba bilan yaqinligini sabab sifatida ko’rsatayotgan bo’lsa, aksariyat kongressmenlar sanksiya yordamida Venesueladagi mojaroga barham berib, uning mintaqaga yoyilishining oldini olmoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG