Breaking News

AQSh-Venesuela aloqalari hali-beri iliqlashmaydi, deydi tahlilchilar


Ugo Chavesdan keyingi Venesuela/Venezuela post Chavez
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00

Ugo Chavesdan keyingi Venesuela/Venezuela post Chavez

Venesuela prezidenti Ugo Chavesning o’limi “mamlakat bundan keyin qaysi yo’ldan boradi, AQSh va boshqa davlatlar bilan munosabatlar qanday bo’ladi” degan savollarni keltirib chiqarmoqda. Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Karakas va Vashington o’rtasidagi tarang aloqalarda hali beri iliqlik kuzatilmaydi.

Venesuela rahbarining o’limi uchun motam tutar ekan, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar kelajak qanday bo’lishini bashorat qilishga urinmoqda.

Istarasi issiq, har vaqt o’z so’zini o’tkaza oladigan Chaves jahon sahnasida ko’zga ko’ringan arboblardan edi. U Qo’shma Shtatlarni Lotin Amerikasining iqtisodiy va siyosiy hayotini nazorat etish harakatida ayblab, unga qarshi tura olgani uchun mintaqada hurmati baland edi.

Maykl Shifter Vashingtondagi Amerikalararo Muloqot tashkilotining rahbari.

"Chaves kuchli arbob edi. Uni tushunish qiyin edi. Agar hokimiyatga o’chligini anglay olmasangiz, uning nima qila olishi yoki qila olmasligini tushunish mumkin emas edi. Nafaqat Venesuela, balki Lotin Amerikasida liderlikka intilib, o’z hokimiyati va nufuzidan AQShdek qudratli davlatga qarshi turishda foydalanardi”, - deydi Shifter.

Chaves Qo’shma Shtatlarni uning sotsialistik inqilobini yemirishga harakat qilayotganlikda ayblar edi. 2002-yilda Bush ma’muriyati olqishiga sazovor bo’lgan, biroq mag’lubiyatga uchragan isyon Venesuela rahbari va tarafdorlarining Amerikaga nafratini yanada oshirdi. Va bu nafrat hali beri yo’qolmaydigan ko’rinadi.

Chaves vafot etgan kuni o’tkazilgan majlisda vitse-prezident Nikolas Maduro Vashingtonni Venesuelaga qarshi fitnada ayblab, ikki amerikalik diplomatning mamlakatdan haydalganini ma’lum qildi.

Bunday qadam kelajak munosabatlarni yaxshilashga hissa qo’shmaydi, deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Karl Mixem.

"Bu chaveschilar tomonidan o’tmishda unumli qo’llangan usul – hamisha AQSh yoki boshqa bir davlatni ayblab, aholi diqqatini Venesueladagi muammolardan chalg’itish", - deydi ekspert.

Shunga qaramay Venesuela AQShning neft bobidagi eng asosiy ta’minotchilaridan bo’lib, hatto notijoriy bir tashkilot orqali kambag’al amerikaliklarni uyni isitish uchun ishlatiladigan moy bilan bepul ta’minlab turadi.

Amerika universiteti professori Filip Brennerning aytishicha, agar Qo’shma Shtatlar ayrim omillarni hisobga olsa, ikki davlat munosabatlari iliqlashishi mumkin.

"Muhimi shuki, Venesuela hech vaqt AQShga neft ta’minotini to’xtatishga do’q-po’pisa qilmagan. Chaves Amerikaning mintaqadagi hukmronligini cheklashga intildi, ammo AQSh manfaatlariga zarar yetkazuvchi hech bir ish qilmadi", - deydi siyosatshunos.

Bir oydan so’ng prezident saylovlari o’tkazilgunga qadar Venesuelani vitse-prezident Maduro boshqarib turadi. Tahlilchi Maykl Shifter nazarida Maduro Vashington bilan aloqalarda ancha pragmatik siyosatchi.

"Maduro xalq ko’zi oldida mafkuradan, Amerikaga qarshi kayfiyatdan chekinmasa-da, sahna ortida muloqot uchun imkoniyat yaratishga intiladi deb o’ylayman, jumladan Qo’shma Shtatlar bilan muloqot uchun", - deydi Shifter.

AQSh rasmiylari Maduroning fitna haqidagi da’volarini inkor etib, Venesuela bilan neft savdosi va narkotiklarga qarshi kurashga doir hamkorlik mavzusidan chetga chiqmayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG