Amerika urush qurbonlarini yodga olib, faxriylarga rahmat aytmoqda

  • Amerika Ovozi

Jang maydonidan tobutda qaytayotganlar

Jang maydonidan tobutda qaytayotganlar

Qo’shma Shtatlarda bugun Faxriylar kunini nishonlamoqda. Barcha urushlarda qatnashgan harbiylarni ulug’laydigan bayram bu.

Ma’lumki, ikki oydan so’ng AQSh qo’shinlari Iroqni butunlay tark etadi. Afg’onistonda esa qariyb 100 ming askar xizmatda.

Shu kungacha olti mingdan oshiq amerikalik bu urushlardan tobutda qaytdi.

Urushda o'lgan minglab askarlar Virjiniya shtatidagi Arlington qabristoniga dafn etilgan

Urushda o'lgan minglab askarlar Virjiniya shtatidagi Arlington qabristoniga dafn etilgan

Prezident Barak Obama bugun Virjiniya shtatidagi Arlington qabristonini ziyorat qildi. Bu yer - XIX asrdan beri jang maydonida halok bo'lgan minglab amerikaliklar uchun so'nggi manzil.

"Iroq va Afg'onistondagi urushlarni tugatamiz. Amerika xalqi bu mojarolardan to'ygan va kelajakda biror harbiy harakat boshlashdan oldin yetti o'lchab bir kesishni odat qilishimiz kerak",- dedi prezident urush faxriylari oldida so'zlar ekan.

"Amerika erkinlik va hurlikni targ'ib qilishda davom etadi. Dushmanlarimizni yer tishlatish - oliy vazifa. Lekin farzandlarimizni jang maydoniga yuborishdan oldin boshqa barcha yo'llarni izchil ko'rib chiqamiz",- deydi prezident.

“Amerika Ovozi” urush dahshatini o’z ko’zi bilan ko’rgan, u yerdan omon qaytgan faxriylar bilan suhbatda bo’ldi.

Amerika urush qurbonlarini yodga olib, faxriylarga rahmat aytmoqda

Amerika urush qurbonlarini yodga olib, faxriylarga rahmat aytmoqda

Kaliforniya shtatining Santa-Monika kolleji talabalarni bir-biriga bog’lab turadigan omil – urush.

Faxriylar bu yerda har hafta yig’ilib dardlashadi, tinch hayotga moslashish qanday kechayotgani bilan o’rtoqlashadi.

“Uyga qaytganimdan keyin uch yil davomida nima qilarimni bilmay, gangirab yurdim”, deydi veteran Monika Skeyts.

“Bizni normal hayotga qaytarish uchun qandaydir treyninglar ham o’tkazilmadi”.

Koreya va Vyetnam urushi faxriylari

Koreya va Vyetnam urushi faxriylari

Monika Skeyts bundan 20 yil oldin Fors ko’rfazi urushida qatnashgan.

Ko’plab safdoshlari singari jang maydonidan ruhiy xastalik bilan qaytdi.

Oilasi barbod bo’ldi. Uy-joyidan ayrildi.

Monika terapiya-muolajaga qatnab, o’zini ancha tiklab oldi, o’qishga kirdi.

Daniel Anderson ham Iroq va Afg’onistonda xizmat qilgan. Universitetni tashlab o’z xohishi bilan qurolli kuchlar safiga qo’shilgan.

Afg'onistonda 100 mingga yaqin askar bor

Afg'onistonda 100 mingga yaqin askar bor

Afg’onistonda jang qilgan yana bir faxriy – Kristofer Bellingem. Armiya o’qishimni to’lab beradi deb urushga ketgan.

AQSh o’g’il-qizlarini o’zga yurtlarga yuborib nimaga erishdi?

Iroq va Afg’onistonda bu yog’i nima bo’ladi?

Monika Skeyts Iroqni hozirgi ahvolda tashlab ketib bo’lmaydi deydi.

“Rostini aytsam, Vyetnamdagi xatolarni yana takrorlaymizmi deb qo’rqaman. Iroq xalqi o’zini boshqarishga tayyor emas. Hukumat tilka-pora bo’lib yotibdi. Mamlakat armiyasi ham shu”,- deydi u.

Afg'oniston

Afg'oniston

Daniel Anderson bunga qo’shilmaydi.

“Iroqda ishni bitkazib, ularning o’zlariga topshirish kerak. U yerda ortiq qolishning hojati yo’q”, - deydi u.

2003-yilda boshlangan mojaro minglab odamning yostig’ini quritdi. Shunga arzirmidi?

“Saddam Husayn hokimiyatdan ag’darilgani yaxshi. Lekin korrupsiya kirmagan soha qolmadi, buni darhol sezadi kishi. Iroq urushi ortida, menimcha, siyosiy va strategik sabablar bo’lgan. Uni boshlash zarur edi demagan bo’lardim”.

Afg'oniston

Afg'oniston

Kris Bellingem fikricha Afg’onistonni ham tark etish kerak.

“Maqsad degan narsa qolmadi. Afg’oniston iqtisodiyotiga shunchalik ko’p pul kiritganmizki, bizga butunlay suyanib qolishgan. Yana bir necha yil qoladigan bo’lsak ham o’zgarish bo’lmaydi”, - deydi zobit.

Yana bir qarash shuki, Tolibonni yengishda AQSh yordami zarur.

“Afg’onlar Tolibon dastidan juda ko’p aziyat chekdi. Shu ma’noda ularga yordam bermasak bo’lmaydi”,- deydi Daniel Anderson.

Faxriylar deydiki, aksar amerikaliklar Iroq va Afg’onistonda nimalar bo’layotgani haqida to’liq tasavvurga ega emas. Bunda qisman ommaviy axborot vositalarini ayblashadi.

"Faktlarni berish o’rniga nuqul gap sotish…",- deydi Anderson.

Kelasi 3-4 yil ichida AQSh barcha urushlarni yakunlashga bel bog’lagan.

Harbiylar uyga qaytib yangi hayot boshlaydi. Skeyt va Bellingem faxriylarni quvvatlovchi tashkilot tuzmoqchi. Anderson esa urush kechinmalari haqida film ishlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG