Breaking News

Video o'yinlar miyaga foydami yoki zarar?


Shifokor maslahati shuki, yosh bolalar kompyuter va televizor oldida kuniga 1 soat, maktab yoshdagilar esa 2 soatdan ko'p o'tirmasin.
Shifokor maslahati shuki, yosh bolalar kompyuter va televizor oldida kuniga 1 soat, maktab yoshdagilar esa 2 soatdan ko'p o'tirmasin.

Texnologiya asrida internet kirib bormagan jamiyatning o’zi yo’q. Global tarmoq kim uchundir axborot manbai, yana kimdir undan do’st orttirish, ish qidirish uchun foydalanadi.

Soatlab video o’yinlar o’ynash ayrim yoshlarning sevimli mashg’uloti. Buning salomatlikka ta’sirini o’rgangan olimlar ruhiy xastaliklar haqida ogohlantirmoqda.

Pediatriya jurnalida chop etilgan izlanish natijalariga ko’ra, video o’yinlarga mukkasidan ketgan yosh bolalarda bu odatga aylanib, ruhiy xastalikka yetaklashi mumkin.

Dunyoda video o'yinlar yetib bormagan joy yo'q
Dunyoda video o'yinlar yetib bormagan joy yo'q

Xalqaro mutaxassislardan iborat guruh ikki yil davomida uch mingga yaqin o’quvchini kuzatgan.

Eng ko’p o’yin o’ynaydigan yoshlarda kasallik alomatlari ham yaqqolroq ekan.

"Shu aniqlandiki, o’zini video o’yinlardan uza olmaydigan bolalarda depressiya va bezovtalanish kuchayadi", - deydi nufuzli Klivlend Klinikasi doktori Maykl Manos.

"Jonsarak va boshqalardan hadiksiraydigan bo’lib qoladi. Ammo o’yinlarni ancha vaqt yig’ishtirib qo’ysangiz, bu simptomlar o’z-o’zidan yo’qolib boradi".

Amerikada video o'yinlar - oilaviy mashg'ulot
Amerikada video o'yinlar - oilaviy mashg'ulot

Olimlar kompyuter o’yinlariga mukkasidan ketgan yoshlarni “patologik o’yinchilar” deb ta’riflaydi. Ushbu kategoriya haftasiga 31 soatini shunga sarflaydi.

Yana bir guruhda haftasiga 19 soat o’yin o’ynaydiganlar.

Ikkisini solishtirganda xulosa shuki, birinchi kategoriyadagi o’smirlarda ijtimoiy fobiya, begonalashuv, boshqalardan ajralib yurishga moyillik kuchli.

Qarangki, salga asabiylashadigan, tengdoshlari bilan uncha kelisha olmaydigan bolalar video o’yinlardan taskin topar ekan.

"Bola depressiya holatida bo’lsa, o’zini panaga olishi, boshqalardan ajralib qolishi tabiiy hol. O’yin o’ynab, ular o’ziga xavfsiz, orom bir joy qidiradi", - deydi doktor Manos.

Bolalar sog'lom bo'lishi uchun ularning hayotida muvozanatni ta'minlash kerak
Bolalar sog'lom bo'lishi uchun ularning hayotida muvozanatni ta'minlash kerak

Depressiyani kamaytirishning bir yo’li, deydi shifokor, bolaga bu odatdan qutulishga yordam berish kerak.

"Ota-onaga maslahat: farzandingiz kompyuterda necha soat sarflayapti, kuzating. Norma belgilang", - deydi doktor Manos.

"Ashaddiy ishqibozlar qarshilik ko’rsatishi tabiiy. Lekin me’yor bo’lishi kerak".

Amerika Pediatrlar Akademiyasining maslahati ham shuki, kichkina bolalar kompyuter va televizor oldida bir soatdan ko’p vaqt sarflashiga hojat yo’q.

Maktab yoshdagilar uchun esa norma ikkiga soatgacha deb belgilangan. Ota-onalar bola hayotida muvozanat zarur ekanini tushunib yetishi, usiz uzoq muddatda farzandning ruhiy salomatligi tahdid ostida ekanini anglay olishi kerak, deydi shifokorlar.

Video o’yinlar sanoati bu xulosalarga qo’shilmaydi va tadqiqot natijalarini inkor etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG