Vyetnam AQShdan yadroviy texnologiyalar xarid qiladi

  • Amerika Ovozi

Yaqin orada AQSh kompaniyalari Vyetnamga yadro texnologiyalarini sota boshlashi mumkin. Ikki mamlakat o’rtasida kelishuv imzolangan, Kongress uni ratifikatsiya qilishi kerak.

Vyetnam – yadro sanoati jadal rivojlanayotgan davlatlardan. 2030-yilga borib bu sohaga 50 milliard dollar sarmoya yotqizilishi kutilmoqda. Osiyo bilan rishtalarni mustahkamlayotgan Qo’shma Shtatlar bu davlat bozoriga ertaroq kirish harakatida.

O’zining ko’mir, neft va suv manbalariga ega bo’lsa-da, Vyetnam o’sib borayotgan iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish uchun 2015-yilga qolmay energiya import qilishga majbur bo’ladi, deydi mutaxassislar. Hukumat hozirdan harakat boshlab, kelasi 20 yilda 13 ta atom zavodi qurilishini e’lon qildi, Rossiya va Yaponiya bilan hamkorlik bitimlari imzoladi.

Tadqiqotchi olim Murrey Xaybert izohicha, bu loyihalar uzoq muddatli sarmoya talab qiladi. Ammo AQSh bilan erishilgan bitim faqatgina iqtisodiy manfaatlar bilan cheklanmaydi.

“AQSh, albatta, bozor va ish o’rinlari haqida o’ylayapti, lekin Vyetnam bilan qisqa vaqt ichida umum aloqalarni yaxshilashga ham erishdi. Yozda Vyetnam prezidenti Vashingtonda mehmon bo’ldi. AQSh bilan hamkorlik qilayotgan bir qancha tashkilotlarga a’zo”, - deydi olim.

Xanoyning ulkan rejalari hammaga ham ma’qul emas. O’lka seysmik jihatdan xatarli hududda joylashgan. Italyan olimlari xulosasiga ko’ra, birinchi reaktor uchun ajratilgan joy – Nin Tuan provinsiyasida zilzila va sunamilar xavfi bor.

Tadqiqotchi Murrey Xaybert fikricha, hozircha bu masalaga e’tibor sust, lekin yadroviy sohada ishlar ildamlagan sari tabiatparvar guruhlar hukumat qarorlarini savolga tutishi muqarrar.

Ayrimlar nazarida esa hukumat tuzib qo’ygan rejalar hali uzil-kesil hal qilinmagan, xom. Vyetnamning Dalat yadroviy tadqiqotlar institutini boshqargan Fam Duy Hienning aytishicha, Rossiyaning moliyaviy quvvatlovida ikki reaktor barpo etish ishlari kechiktirilgani haqida xabarlar tarqalmoqda, ammo rahbariyat buni tasdiqlamaydi.

Vyetnam energiyaga muhtoj, biroq 2020-yilgacha yadroviy zavodlarni ishga tushiramiz deb hovliqishga hojat yo’q, deydi suhbatdosh.

Vashington-Xanoy shartnomasining muhim jihati shundaki, Vyetnam yadroviy energiyani faqat tinch maqsadda qo’llashi mumkin. Plutoniy yoki uran boyitishi man etilgan. Bu o’lka kelajakda yadroviy qurollar ishlab chiqarishga harakat qilmasin, deb shunday qilingan.

Ekspertlar deydiki, hujjatga ushbu mazmundagi band kiritilgani ehtiyot chora xolos. Shartnoma imzolangani AQSh va Vyetnam o’rtasida strategik ishonch shakllanayotganidan dalolat.

AQSh Kongressi uni ratifikatsiya qiladimi, yo’qmi, aytish qiyin. Vyetnam yadro energiyasi xavfsizligini ta’minlaymiz va undan iqtisodiy taraqqiyot yo’lida foydalanamiz, deb kafolat bersa, kelishuv ovozdan o’tishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG