Breaking News

"VimpelCom" O'zbekistonda biznes qilish uchun pora berganini tan oldi


O'zbekistonda "Bilayn" (Beeline) sifatida tanilgan mobil kompaniyasi respublika bozoriga kirish uchun millionlab dollar pora berganini nihoyat tan oldi. Ulkan tovon to'lanadi.

"VimpelCom" Gollandiyada asoslangan va asosan rus boylari egalik qiluvchi yirik biznes bo'lib, xalqaro maydonda tekshiruv ostida.

Kompaniya AQSh va Gollandiya adliya vazirliklari bilan murosaga kelgan va katta miqdorda jarima to'lashi kutilmoqda. Aniq raqam ma'lum emas.

Aksiyalari Nyu-Yorkdagi global birjalarda sotiladigan "VimpelCom" Amerikaning korrupsiyaga qarshi qonunlarini buzgnanini, shuningdek, Gollandiya qonunlariga qarshi ish tutganini tan oldi. O'tgan yilning noyabr oyida bu ishni tinchitish uchun 900 million dollar ajratgani ayon bo'lgan edi.

"VimpelCom" aksiyadori "Telenor" bu masalaga jiddiy e'tibor berayotganini bildirmoqda. Bu kompaniya ham bosim ostida.

Qimmatbaho qog'ozlarning 33 foiziga ega "Telenor" ularni sotishga shay. Aksiyalar jami 3 milliard dollardan oshiq deya baholanadi.

Porani "Vimpelcom" O'zbekistonda Prezident Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimovaga xorijda ro'yxatdan o'tgan "Takilant" firmasi orqali uzatgan, deydi tergovchilar. Gulnora Karimova Toshkentda uy qamog'ida deya taxmin qilinadi, u bilan yaqindan ishlagan shaxslar, xususan norasmiy eri Rustam Madumarov va dugonasi Gayane Avakyan 6-8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O'zbekiston hukumati bu ish yuzasidan lom-mim demaydi, lekin Yevropa banklarida muzlatilgan 1 milliard dollarga yaqin mablag'ni unga qaytarishni so'rab AQSh federal sudiga murojaat qilgan. Javobdan hozircha darak yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG