Qonli ekstremizmga qarshi qancha kurashish kerak?

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun

7-8-aprel kunlari Jenevada Zo’ravon ekstremizmning oldini olish mavzusida xalqaro konferensiya bo’ladi. Unda butun dunyodan 800 dan ortiq odam qatnashishi kutilyapti. Anjumanga BMT va Shveysariya hukumati mezbonlik qiladi.

Konferensiya 11-sentabr xurujidan beri global miqyosda terrorizmning oldini olishga bag’ishlangan birinchi yirik anjuman bo’ladi. Shu paytgacha zo’ravonlikka qarshi, asosan, harbiy va kuch ishlatish yo’llari bilan javob berib kelingan bo’lsa, endi kurashning nozo’ravon usullariga ham e’tiborni oshirish maqsad qilinmoqda.

BMTning terrorizmga qarshi kurash markazi rahbari Jahongir Xonning aytishicha, “Islomiy davlat”, Boko Haram kabi terrorchi guruhlar solayotgan tahdidlarga qarshi kuch ishlatish choralari davom etadi, ammo bundan buyon zo’ravonlikning oldini olish yo’llarini topish ham muhim. Unga ko’ra, BMT Bosh kotibi rahnamoligida islomofobiya, ksenofobiya va ayirmachilikning barcha turlarini yo’q qilishga qaratilgan to’rt muhim maqsadni o’z ichiga oluvchi reja ishlab chiqilgan.

“Bosh kotib bu rejada zo’ravon ekstremizm din, millat va madaniyat tanlamasligini, balki global yovuzlik ekanini aniq qilib aytdi. Konferensiya oldiga qo’yilgan maqsadlardan biri ham dunyoda ekstremizmning har qanday shakliga qarshi kurashish”, - deydi u.

BMT rejasida yoshlarga alohida e’tibor qaratilgan. Dunyoda 1,8 milliard yosh, agar o’z holiga tashlab qo’yilsa, terrorchi guruhlar o’ljasiga aylanishi mumkin, deydi Xon.

“Bu yoshlar katta boyligimiz, ayni paytda ular tez ta’sirga berilishadi. Terrorchilar safiga jalb etilib, o’zini portlatayotgan yosh bolalarni bilamiz. Yoshlar bilan aloqador bu muammoni men yangi Molotov kokteyli deb atagan bo’lardim”, - deydi BMT rasmiysi.

Jahongir Xon qo’lidagi telefonini ko’rsatib, mobil qurilma va ijtimoiy tarmoqlar ekstremist guruhlar tomonidan yoshlarni yollashda ustamonlik bilan foydalanilayotganini aytadi.

Uning ta’kidlashicha, BMT rejasida yoshlardan va ijtimoiy tarmoqlardan ijobiy maqsadlar yo’lida, xususan, ekstremizmga qarshi kurashda foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG