O'zbekiston prezidentiga muqobil tarzda ovoz berasizmi?


Virtual saylov komissiyasi ortida chet eldagi siyosiy faollar turibdi

Virtual saylov komissiyasi ortida chet eldagi siyosiy faollar turibdi

O'zbekistonda 29-martga belgilangan prezident saylovlari oldidan davlat matbuotida targ'ibot ishlari davom etmoqda. Aksariyati xorijda bo'lgan muxolifatchilar esa internet orqali kampaniya olib borishga urinmoqda. Virtual saylov komissiyasi tuzildi.

O’zbekiston Markaziy saylov komissiyasidan farqli bu onlayn organning qarorlari biror qonuniy kuchga ega emas.

Ammo tashkilotchilarga ko’ra, bu tashabbus chorak asrdan buyon adolatli saylov nimaligini bilmay kelayotgan o’zbekistonliklar uchun ham, bu jarayonda ishtirok eta olmaydigan muxolif siyosiy liderlar uchun ham o’z dasturlarini jamoatchilikka taqdim etuvchi imkoniyat.

Virtual saylov komissiyasi tarkibi xorijdagi taniqli o’zbek faollaridan tashkil topgan. U ayni paytda O’zbekiston prezidentligiga da‘vogar nomzodlarni ro’yxatga olmoqda.

Virtual komissiya Islom Karimov to’rtinchi bor o’z nomzodini surayotganini noqonuniy hisoblaydi va bu borada O’zbekiston prokuraturasiga shikoyat qilgan.

"Karimov 4-5 marta o’z nomzodini qo’yayapti. Biz uni olib tashladik, bu haqda e’lon ham qildik, bu bizning bir tomonimiz. Hozir buni O’zbekiston ichkarisidagi tashkilotlar davom ettirayapti. Mana Huquq himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayeva prokuraturaga shikoyat bilan chiqdi. Huquq faoli Surat Ikromov saylovda Karimovni boykot qilish tashabbusi bilan chiqmoqda. Aytmoqchimizki, xorijdagi ish vatan ichkarisida ham aks sado berayapti“, - deydi Virtual saylov komissiyasi muvofiqlashtiruvchisi, Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan faol Muhammadsolih Abutov.

Virtual saylov komissuyasi 10-fevralgacha O’zbekiston prezidentligiga nomzodlarni ro’yxatga oladi. Ovoz berish internet orqali amalga oshiriladi. Natijalar O’zbekistonda prezidentlik saylovlari o’tishi ortidan e’lon qilinadi.

Muhammadsolih Abutov deydiki, komissiya avvalo o’zbekistonliklarga virtual tarzda bo’lsa-da tanlash imkoniyatini beruvchi siyosiy tashabbus, qolaversa, bugungi tuzumga muqobil takliflarni olg’a surayotgan siyosiy liderlar haqida jamoatchilikka darak beradi.

"O’zbekistonda siyosiy jarayonlar o’zgarishsiz, turg’un holatda... Sovet davrini qo’yavering, mustaqillik davrida ham adolatli saylov bo’lmadi. Bizning bu tashabbusimizdan maqsad tashqarida nisbatan erkinroq vaziyatda bo’lgan fuqarolarimizni siyosiy jarayonlarga jalb qilish. Qancha odam bo’lsin, bizda cheklov yo’q, o’z nomzodini qo’yish imkoniyatiga ega. Bu bir tajriba, muxolifat tarixidagi birinchi jarayon. Karimov darajasida bo’lmasa ham, siyosiy ambitsiyalarga ega yangi shaxslar maydonga chiqishini kutayapmiz, hali o’zbek xalqiga yaxshi tanish bo’lmagan yoshlar paydo bo’lishiga umid qilayapmiz “, - deydi Abutov.

Virtual saylov komissiyasi vositasida o’z nomzodini sinovdan o’tkazishga qaror qilgan muxolifat faollari hozircha kam.

Ayni paytda tashkilot ro’yxatidan “Adolat” partiyasi nomzodi Narimon Umarov, XDP nomzodi Hotamjon Ketmonov, “Milliy tiklanish” dan Akmal Saidov va “Qiynoqlarsiz hayot” nodavlat tashkiloti rahbari Mohira Ortiqovalar nomzodi o’rin olgan.

10-fevralga qadar nomzodlar ro’yxati kengayishi kutilmoqda.

“Biz ham muxolifat yagona nomzod bilan chiqishini orzu qilgan edik, lekin afsus, bu imkonsiz, bilasiz, o’zbek muxolfati o’rtasida ittifoq yo’q. Shu hafta ichida yana taxminan beshta nomzoddan ariza berilishi kutilmoqda”, - deydi Abutov.

Virtual saylov komissiyasi tashkil qilinishiga O’zbekiston Markaziy saylov komissiyasi hozircha biror munosabat bildirmagan.

Tashabbuschilarning aytishicha, komissiya sayti O’zbekistonda dastlab bloklanmadi, ammo sahifaga kiruvchilar soni oshishi ortidan Virtual saylov komissiyasi sahifasi to’sib qo’yilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG