Breaking News

Virtual voqelik texnologiyasi jurnalistikaga kirib kelmoqda


Virtual texnologiya kinoijodkor va jurnalistlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ijtimoiy masalalar va kundalik voqealarni o'quvchi va tomoshabinga yetkazishda undan foydalanish yo'lga qo'yilmoqda.

Bu yolg'iz mahkumlar saqlanadigan qamoqxona. Tasvirlar va ovoz haqiqatga yaqin. "Guardian" nashri va "Mill" nomli virtual voqelik kompaniyasi birgalikda ishlab chiqqan loyiha tomoshabinlar uchun qamoqxonaga sayohat uyushtiradi.

"Siz odatda duch kelmaydigan muhit va joyga kirish imkonini beradi bu", - deydi "Guardian" nashri muharriri.

Virtual bu loyihada tomoshabin voqealar markaziga qo'yiladi. "New York Times" va "USA Today" kabi nashrlar buni hodisalarni so'zlab berishning kuchli yo'li sifatida baholamoqda.

"U an'anaviy kinoshunoslikni yangi bosqichga olib chiqadi. Tomoshabinda yangicha rahmdillik va hamdardlik hissini uyg'otadi", - deydi vizual effektlar mutaxassisi Jared Vladich.

"Ajoyib tajriba bo'ldi. Terlab ketdim, yuragim urishi tezlashdi. Mahzun qiladigan manzara", - deydi tomoshabinlardan biri.

Bu texnologiya politsiya shafqatsizligi kabi sahnalarni ishonarli aks ettiradi. Masalan, tomoshabinlar politsiyachi yoki u bilan yuzlashgan fuqaro sifatida voqeani kuzatishi mumkin.

"Hodisaga kimningdir ko'zi bilan qaralsa, o'sha shaxsni tushunish osonroq bo'ladi. So'ng unga boshqa odam ko'zi bilan qaraysiz. Ya'ni narsalarni har doim o'z ko'zimiz bilan ko'rganimiz uchun voqeaning boshqa tafsilotlarini his qila olmaymiz. Ikkita odam uni ikki xil ko'rishi mumkin", - deydi kinoshunos Moris Mey.

Videoni tayyorlashda uni imkon qadar haqiqat qilib ko'rsatishga harakat qilinmoqda.

"Odamlar rostdan ham bu voqea ro'y berdi, deb telefonlarida suratga olishni boshlab yuborishdi. Biz film ishlayotganimizni sezishmadi, chunki kameralar yashirin edi", - deydi Mey.

Bunday filmlarni yaratish xarajatlari ham katta.

"Jurnalistika uchun bu qimmat. Gazetalar, bilasiz, moliyaviy ahvoli savol ostiga olinayotgan soha. Shuning uchun ularga qimmatga tushadi", - deydi "Guardian" muharriri.

"New York Times" gazetasi loyihani reklama beruvchilar bilan birga moliyalamoqchi.

"Bu yerda yaxshi biznes qilish imkoniyati bor. Virtual voqelik jurnalistlar uchun mavzuni yaxshi ochib berishning kuchli quroli. Brendlar uchun ham o'zini tanitishga yaxshi vosita. Uni pulli xizmatga aylantirish mumkin. Obunani yo'lga qo'yish, ko'rishni pulli qilish kabi imkoniyatlarni hozir o'rganyapmiz", - deydi gazeta muharrirlaridan biri Sem Dolnik.

Virtual voqelik biznesining daromad keltirishi uning tomoshabinni jalb qila olishiga bog'liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG