Prezident Obama "Amerika Ovozi" jurnalistlariga tabrik yo'lladi


“Amerika Ovozi” efirga chiqa boshlaganiga shu kunlarda 70 yil bo’ldi. 1942- yilda havo to’lqinlarida ilk bor yangraganida, bu tashkilot jurnalistlari “xush xabarmi, shum xabarmi sizga haqiqatni aytamiz” deya va’da bergan.

“Amerika Ovozi” 43 tilda axborot uzatadi. Mustaqil informatsiya manbalariga ega bo’lmagan, matbuot va so’z erkinligi cheklangan jamiyatlarni dunyo yangiliklari va atrofdagi o’zgarishlardan boxabar qilish, mahalliy teleradio va nashrlar yoritmayotgan masalalarni ko’tarib chiqish – asosiy vazifamiz. AQSh Kongressi aynan shu missiya uchun har yili byudjetdan mablag’ ajratadi.

“Amerika Ovozi” AQSh Teleradio Kengashi degan agentlikning bir qismi. Pragada asoslangan “Ozodlik” radiosi, Kuba uchun mo’ljallangan “Marti” teleradiosi, arab tilidagi televizion kanal va radio hamda “Ozod Osiyo” radiolari ham shu kengash tomonidan boshqariladi.

“Amerika Ovozi” 70 yillik faoliyatini sarhisob qilar ekan, prezident Barak Obama jurnalistlarga shunday tabrik yo’lladi:

“Ikkinchi jahon urushi davridan bugungacha, “Amerika Ovozi” erkinlik ovozi sifatida xizmat qilib kelmoqda. … Siz Amerika xalqini dunyo ahli bilan bog’lab kelmoqdasiz. Siz Amerika qanday jamiyat ekani, xalqimiz qadriyatlari va bizga xos ne’matlarni jahonga tanishtirib kelasiz… Chet davlatlar o’z axborot vositalarini senzura qilar, cheklar ekan, siz bu jamiyatlarga xolis va haqqoniy ma’lumot olib kirasiz. Tuzumlar o’z fuqarolarini umumbashariy huquqlardan mahrum etar ekan, siz erkinlik va demokratiya yo’lida xizmat qilasiz. Ishingizda katta xavf bilan yuzlashasiz.

Prezident Barak Obama

Prezident Barak Obama

Bugun biz “Amerika Ovozi” ning o’z kasbiy burchini ado etayotib halok bo’lgan jurnalistlarini xotirlamoqdamiz. Sizning ovozingizni o’chirishga harakat qilayotgan kuchlar bor. To’lqinlarni bo’g’ishadi, axborot oqimiga to’siqlar qo’yishadi. Lekin hech kim, hech narsa siz yoritayotgan yangilik yo’lini to’sa olmaydi.

Temir parda ortida tiqilib qolgan oilalarmi, elektronik parda ortida axborotga chanqoq talabalarmi, maxfiy xizmat bosimi ostidagi muxolifatchilarmi, imkoniyat va hurmat talab qilib ko’chaga chiqqan yoshlarmi, siz ularga umid va ilhom bag’ishlaysiz, siz erkinlik ovozisiz. Siz ularga “yolg’iz emassiz, Amerika siz tomonda” deya eslatib turasiz.

Yaqinda, jahon ahli demokratiya mash’alini baland ko’targan insonlardan biri bilan vidolashdi. 20 yil oldin, prezident sifatida ilk bor Amerikaga kelganida, chex rahbari Vatslav Xavel darhol “Amerika Ovozi”ga borgan. Yurtdoshlarini erkinlik tomon yetaklab, butun dunyoni diktaturalarga qarshi kurashga chorlagan bu inson “Amerika Ovozi”, sizga, rahmat aytgan. Chunki, degan u, siz unga quvvat bergansiz, siz unga haqiqatni yetkazgansiz.

Davlatimiz sizning xizmatingiz bilan kuchliroq, dunyo sizning xizmatingiz bilan adolatliroq. Shunday ekan, Amerika xalqi va dunyodagi millionlab muxlislar, sizdan har kuni ruhiy madad oladigan insonlar nomidan sizga minnatdorchilik bildiraman. Biz siz bilan faxrlanamiz. Siz – Amerikaning mag’rur va ishonchli ovozisiz”.

Davlat kotibasi Xillari Klinton ham tashkilotimizni yubiley bilan qutlar ekan, jumladan shunday dedi:

Xillari Klinton, AQSh Davlat kotibasi

Xillari Klinton, AQSh Davlat kotibasi

“70 yildirki, “Amerika Ovozi” dunyo bo’ylab millionlab insonlar uchun ishonchli va xolis axborot manbai. Vujudga kelibdiki, bu tashkilot o’zini zamon talablariga moslab kelmoqda. Radio sifatida ish boshlagan edingiz, bugun ko’p tarmoqli, multimedia (radio, televideniye va internet) tizimisiz… Biz siz bilan faxrlanamiz va xizmatingizdan minnatdormiz. Hukumatlar axborot oqimini qanchalik to’smasin, radio to’lqinlari yoki boshqa elektron vositalarni, siz erkinlik va demokratiya yo’lida odamlarga zarur axborotni uzatishdan qaytmaysiz. Buni qayta-qayta isbotlagansiz”.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG