“Amerika Ovozi” radiosi bir vaqtlar kemadan efirga chiqqan

  • Amerika Ovozi

1952-yilda prezident Garri Truman fotihasi bilan ishga tushgan kema Amerikaning Sovuq urushdagi muhim axborot vositasi sanalgan.

1952-yil… Sovuq urush davri avj pallada. Bahaybat kema Qo’shma Shtatlarning darakchisi, matbuot vositasi rolini o’tar, undan “Amerika Ovozi”ning dasturlari uzatilar edi.

Sovet Ittifoqining kommunist propagandasiga qarshi o’ndan ziyod tilda axborot berib borilgan. Ayni damda mana shu kema veteranlari va matbuotchilar ishtirokida Konnektikut shtatida ko’rgazma o’tayapti.

Kuryer kemadan xabar, musiqa va umid zarralari efirga chiqar edi.

1952-yilda prezident Garri Truman fotihasi bilan ishga tushgan kema Amerikaning Sovuq urushdagi muhim axborot vositasi sanalgan. Vagabond operatsiyasi (Operation Vagabond) nomi bilan yuritilgan; “Amerika Ovozi” va Qirg’oq mudofaasining qo’shma loyihasi edi.

Richard Xaldi 1958-1961-yillarda kemada xizmat qilgan.

“Qirg’oq mudofaasiga qarashli kemaning vazifasi “Amerika Ovozi” eshittirishlarini Yaqin Sharq, Rossiya janubidagi respublikalarga uzatish edi. Tashqi dunyodagi voqealardan boxabar qilish edi”, - deydi Xaldi.

Qo’shma Shtatlar Temir pardaning ortiga kirishga uringani sari Sovetlar bu to’lqinlarni to’sgan.

Bob Mariott 1952-yilda o’sha birinchi sayohat tarkibida edi. Maxsus xonada qisqa to’lqinlarni kuzatib borgan.

“Bu to’lqinlar ro’yxati juda uzun bo’lardi, chunki ruslar biz chiqqan to’lqinni darrov to’sgan. Ishonasizmi, efir yaxshi ketayotgan bir paytda to’satdan “xir-xir-xir” degan ovozlar aralashardi. O’sha zahoti boshqa to’lqinga o’tardik. Ruslar bilan shunaqa olishganmiz. Hech vaqt yuzma-yuz jang qilishga to’g’ri kelmagan. Lekin shunaqa mushuk-sichqon o’yini bo’lar edi”, - deydi Mariott.

Eshittirishlar kemadan turib 13 tilda har kuni efirga chiqqan. Yerdagi transmitterlardan farqli dengizdagi bu transmitterlar uch barabar kuchliroq edi.

Kema xodimi Richard Shannonning aytishicha, nurlanish shunaqa kuchli ediki, toksiz lampa yoqsa bo’lar edi.

“Radiatsiya juda kuchli edi. Kunduz kuni oddiy semafor chiroqlar bilan signal berganmiz. Kechqurun esa neon chiroqlarni olib, hech narsaga ulamasdan ishlatardik. Lovullab yonib turar edi. Qo’lga qo’lqop kiyib shu chiroqlar bilan signal berganmiz”, - deydi Shannon.

Kemaga avvaliga havo sharlari yordamida antennalar ulangan va bu antenna o’rta to’lqinlarni ushlagan. Lekin “Amerika Ovozi” muhandisi Ayvan Boar yaxshiroq usul o’ylab topgan.

“Antennaning simi doim uzilib ketib, qo’shni Turkiyaga uchib ketar edi. Shu sababli Ayvan Boar “Delda D” nomli yangi sistemani ishlab chiqqan. Mana qarang, yuvilgan kiyimlar osiladigan dorga o’xshaydi. Bu simlar kemaning boshidan oxiriga tortib chiqilgan va uzunligi yetarli edi. Shu tariqa eshittirishlarni efirga uzata boshlaganmiz”, - deydi Shannon.

Kuryer kemada

Kuryer kemada

1964-yilda missiya tugagan. Konnektikut shtatidagi Qirg’oq mudofaasi akademiyasida shunga bag’ishlangan ko’rgazma o’tayapti.

Ekspert Jennifer Gaudio ko’rgazmani “Umid va Erkinlik Ovozi” (A Voice of Hope and Freedom) deya atadi. Temir parda ortida yashagan insonlar “Amerika Ovozi”ga salfetka qog’ozlarda, yashirincha xatlar yozgan, deydi u.

“Amerika Ovozi” erkinlik va haqiqatni yoritgan; Qirg’oq mudofaa xizmati esa odamlar hayotini saqlab qolgan. Sovuq urush davrida ikkisi birlashib, ajoyib loyihani amalga oshirgan”, - deydi Gaudio.

“Amerika Ovozi” havo mavjlarida musiqa-jazz sadolari yangrar edi. Jazz ustasi Charli Parker, rokn roll qiroli Elvis Presli kabining kuy-qo’shig’i efirga uzatilgan. Temir parda orqasidagi insonlarning ko’ngliga kirib, ozodlik, hurriyat haqida fikr paydo qilish edi maqsad.

“Biror marotaba o’q uzmadik, lekin Sovuq urush tugashiga zalvorli hissa qo’shganimiz aniq. Shundan ko’ksim osmon”, - deydi Xaldi.

Ko’rgazma Amerikaning har xil shaharlariga olib boriladi. “Amerika ovozi”, Sovuq urushga taalluqli muhim, lekin kam tanilgan sahifa bu.

"Amerika Ovozi"ning Vashingtondagi idorasida. 1952-yil.

"Amerika Ovozi"ning Vashingtondagi idorasida. 1952-yil.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG