Sudning ikkinchi kuni: Advokat monitoring markazi ekspertlari bilan gaplashmoqchi, lekin bu talab rad etilmoqda


Abdumalik Bobayev bugungi sud majlisi oldidan tashqarida huquq himoyachisi Surat Ikromov bilan gaplashmoqda. Muxbirimiz materiallari bilan shu saytda tanishishingiz mumkin. Malik Mansur deb qidirsangiz bas.

Abdumalik Bobayev bugungi sud majlisi oldidan tashqarida huquq himoyachisi Surat Ikromov bilan gaplashmoqda. Muxbirimiz materiallari bilan shu saytda tanishishingiz mumkin. Malik Mansur deb qidirsangiz bas.

Bugun Toshkent shahar Mirzo Ulug’bek tumani jinoiy sudida jamoatchi muxbirimiz Abdumalik Bobayev ustidan jarayonning ikkinchi kuni o’tdi. Sud zaliga birinchi kunga qaraganda ko’proq odam qo’yilgan. AQSh elchixonasidan ikki diplomat va tarjimon ham kiritilgan.

Sud binosi oldida huquq faollari norozilik namoyishi o’tkazgan. Kuzatuvchilar bu ishni soxta ayblovlarga asoslangan tomosha deya ta’riflar ekan, sud muhokamasi bir necha kunga cho’zilishi mumkin.

Hamkasbimiz va uning uzoq yillik professional faoliyati bilan yaxshi tanish “Amerika Ovozi” bu ishni adolatsiz bir hol deb hisoblaydi.

Tashkilotimiz direktori Den Ostin qayd etib kelayotganidek, “Abdumalik Bobayev “Amerika Ovozi” jurnalistik prinsiplari va qoidalari ostida ishlagan va o’z kasbini ado etgani uchun jazolanmasligi kerak.

Muxbirimizning aytishicha, sud uning “Amerika Ovozi”ga uzatgan va prokuratura nazarida O’zbekiston davlat siyosati va sha’niga qarshi tayyorlangan lavhalarini tinglashga qaror qilgan.

Vijdonli, o’qimishli odam mening materiallarim oddiy tanqiddan iborat va asosli ekanini tushunib yetadi, deydi Abdumalik Bobayev.

“Har holda sudya ham o’qimishli, ziyoli odam. Ayblov xulosalasini o’qib, o’zi ham o’ylasa kerak deb o’ylayman. Monitoring markazi ekspertlari bergan xulosa mutlaqo o’rinsiz. Bu yerda na tuhmat, na haqorat bor. Jamoatchilik xavfsizligiga raxna soluvchi material degan ayb ham asossiz. Umuman ayblov xulosasi bilan tanishgan har qanday odam shunday xulosaga kelishi mumkin”,- deydi Bobayev.

Bugun sudda bojxona va chegara xizmati xodimlari tinglangan. Abdumalik Bobayev Qozog’istonga noqonuniy ravishda borib kelgan, ya’ni pasportida zarur shtamp yo’q degan ayblarni rad etib, buni rasmiylarning xatosi deb biladi. Unda bojxonadan o’tgani haqida hujjat bor, lekin deya tushuntiradi u, bu dalilga prokuratura ko’z yummoqchi.

“Chegara punktini aylanib o’tib bojxonaga kirish mumkinmi degan savolni muhokama qilishdi bugun. Aslida bu mantiqqa to’g’ri kelmaydigan narsa. Bugun sudda bojxonadan chaqirilgan guvoh ko’rsatma berdi. Chegara xizmatidan chaqirilgan guvoh ham gapirdi. Ularning fikri ham shunga yaqin bo’ldi, ya’ni chegara punktini chetlab o’tib bojxona nazoratida o’tish mumkin emas”,- deydi muxbirimiz.

Abdumalik Bobayevning reportaj va maqolalari amerikaovozi.com, amerikaovozi.org, voanews.com/uzbek degan saytlarimiz, qolaversa Internetda boshqa sahifalarda ham turibdi.

“Ularning mazmuni hech kimga sir emas, O’zbekistondagi bor haqiqatni yoritishga harakat qilganman, ochiq ishlaganman, bu jinoyat emas”, - deydi jurnalist.

“Oddiy bir tanqidiy maqolalardan bu darajada vahimali bir ayblov yasash, nazarimda, qo’rqitish va bosimni oshirish uchun amalga oshirilayotgan harakat deb bilaman”.

Sergey Mayorov, Abdumalik Bobayevning advokati, ayblov xulosalari taqdim etgan eksperlar bilan, ya'ni O'zbekiston ommaviy axborot vositalari monitoring markazi xodimlari bilan gaplashmoqchi. Lekin sudya yo'q deb javob bergan.

Sergey Mayorov, Abdumalik Bobayevning advokati, ayblov xulosalari taqdim etgan eksperlar bilan, ya'ni O'zbekiston ommaviy axborot vositalari monitoring markazi xodimlari bilan gaplashmoqchi. Lekin sudya yo'q deb javob bergan.

Abdumalik Bobayevning advokati Sergey Mayorov bu jinoiy ishni tayyorlashda hissa qo’shgan, o’z ekspert xulosalarini taqdim etgan O’zbekiston ommaviy axborot vositalari monitoring markazining uch xodimini so’roq qilmoqchi. Sudga bu talabni bir necha bor eslatsa-da, rad javobi olmoqda.

“Ezgulik” Inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov, sud jarayonini kuzatib kelayotgan faolning aytishicha:

“Abdumalik Boboyevning efirga berilgan materiallarini davlat siyosatiga qarshi, davlat obro’sini tushiradigan, hukumat rahbarlariga haqorat deb baholagan ekspertlarni chaqirish kerak deb talab bo’ldi, advokat tomonidan. O’tgan safar ham rad etilgan edi bu iltimos, bu safar ham rad qilishdi”.

Bunday “buyurtma” xulosalar bergan odamlar, Abdurahmon Tashanov ta’biricha, jamoatchilik ko’ziga ko’rinmoqchi emas.

“Haqiqatdan ham keyingi paytlarda sud jarayonlarida shunday xulosalar berilmoqda, lekin ularning tagida faqat ism-sharif bor xolos. Bu odamlarning shaxsi qanaqa, qanday malakaga ega yoki ekspertlik darajasi qanday? Bu narsalarni bilish imkoniyati yo’q”,- deya Tashanov.

Hukumat ekspertlarning mavhumligini saqlab qolmoqchi, deydi huquq faoli, chunki kelgusi majlislarda ham bunday hodisalar oshkor bo’ladigan bo’lsa, ularga nisbatan jamoatchilik bosimi bo’lishi yoki suddagi so’rovlardan keyin vijdoni qiynalib, bunday xulosalar bermay qo’yishi mumkin degan xavotir bor.

Kuzatuvchi Amerika hukumatini nafaqat “Amerika Ovozi” muxbirini himoya qilish uchun balki O’zbekistonda huquq ahvolini yaxshilash uchun effektiv choralar ko’rmayotganlikda, aniq va oydin bir siyosat yuritmayotganlikda tanqid qiladi.

Parda ortida kechayotgan muzokaralar o’z yo’liga, ammo xalqimiz Amerika bu borada nima qilayotganini bilishi kerak, deydi Abdurahmon Tashanov.

“Albatta men fuqarolik jamiyati vakili sifatida doimo oshkora siyosat bo’lishini xohlayman. Amerikaning hozirgi tutayotgan pozitsiyasi juda ham o’rinsiz, noto’g’ri. Chunki bu parda ortidagi muloqot O’zbekistonga o’xshagan hukumatlarga nisbatan mos kelmaydigan siyosat”,- deydi faol.

Sababi, deya tushuntiradi u, Abdumalik Bobayevning ishi hozir jurnalistlarga nisbatan qo’zg’atilgan boshqa ishlardan ajratib olingan. O’zbekistonda erkin fikrlovchilar, ayniqsa journalist va huquq himoyachilariga bosim tobora oshib bormoqda. Gap faqat ulardan birining ishi emas, deydi u, butun jamiyatdagi erkinlik haqida ketmoqda.

“Masalan boshqa jurnalistlarning taqdiriga ham Amerikaning qanday pozitsiyada turishi muhim. Amerika Davlat departamenti agar yopiq eshiklar ortida kechayotgan muloqot samarali deb hisoblasa, ular tajribali siyosatchilar, ular o’zlari bilishadi, lekin mening nazarimda o’sha Eronda (amerikalik jurnalist) Roksana Sobiriy qo’lga olinganida yuritilgan siyosatni qo’llash kerak, ya’ni Davlat kotibi va prezident darajasida keskin tanqid bilan chiqishi kerak deb hisoblayman”.

AQSh Davlat departamenti va Toshkentdagi elchixona jurnalist sudga tortilayotganidan xavotir bildirib, Abdumalik Bobayev ishini yaqindan kuzatib borayotganini bildiradi.

O’zbekiston hukumati bilan bu borada gaplashilgani, bu ishning aloqalarga salbiy ta’sir qilishi va huquq va demokratiya Amerika uchun oliy qadriyatlar ekani eslatilgan.

“O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bizning pozitsiyamizni yaxshi biladi”, - deydi Vashington rasmiylari.

Muxbirimizning sudi 13 oktabr kuni davom etadi. Ushbu jinoiy ish tafsilotlari, ayblovlar, Abdumalik Bobayevning Malik Mansur taxallusi ostida uzatgan materiallari bilan saytimizda tanishishingiz mumkin. Malik Mansur deb qidirsangiz bas.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG