Sudning uchinchi kunida ko'rilgan masalalar va Toshkentda AQShga nisbatan yangrayotgan fikrlar


Abdumalik Bobayev O’zbekistondagi juda oz sonli mustaqil tahlilchilar, fuqaro jamiyati vakillari va faollar bilan muloqot qilib turar edi. Bugun mana shu ziyolilar Abdumalik Bobayevni himoya qilib, uning materiallarida “bizning ham fikr va xulosalarimiz b

Abdumalik Bobayev O’zbekistondagi juda oz sonli mustaqil tahlilchilar, fuqaro jamiyati vakillari va faollar bilan muloqot qilib turar edi. Bugun mana shu ziyolilar Abdumalik Bobayevni himoya qilib, uning materiallarida “bizning ham fikr va xulosalarimiz b

Toshkentda “Amerika Ovozi” jamoatchi muxbiri, Malik Mansur taxallusi bilan tanilgan Abdumalik Bobayevga nisbatan sud muhokamasi davom etmoqda. Hamkasbimizga to’rt ayb qo’yilmoqda: chegaradan noqonuniy o’tganlik, tuhmat, haqorat va jamoat xavfsizligi va tartibiga raxna soluvchi materiallar tayyorlab, ularni tarqatganlik.

Abdumalik Bobayev bu ayblovlarni asossiz deb biladi va sudning uchinchi kunida ham shunday deb, o’z maqola va reportajlarini himoya qilgan.

Bugun "Amerika Ovozi" kundalik dasturlarida efirga ketgan reportajlaridan parchalar, 10 ga yaqin materialdan qisqa-qisqa gaplar tinglangan. Prokuratura tomonidan montaj qilingan ashyoviy dalilda jurnalistning tahlilchi va sharhlovchilar bilan qilgan suhbatlari, davlat ekspertlari tomonidan “xavfli” va “bo’htona” deb baholangan fikrlar keltirilgan.

Abdumalik Bobayev “Ularni sud zalida eshitib o’tirib, materiallarim qanchalik asosli va har qanday tuhmat, haqoratdan yiroq va hech kimga nisbatan tahdid emasligiga yana bir bor iqror bo’ldim”, - deydi.

Ayblanuvchi sudga bir necha iltimos bilan murojaat qilgan, jumladan:

“Maqolalar yuzasidan guvohlarni chaqirish. Gap shu ekspert xulosasida keltirilgan maqolalar haqida ketayapti, ya’ni u yerda tuhmat, haqorat yoki jamoat xavfsizligiga tahdid sifatida keltirilgan maqolalarning aynan qaysi manbalarga asoslangani haqida. Masalan 2009 yilning 9 iyunidagi maqolada iqlim o’zgarishining mintaqaga ta’siri , undan keying bir reportajda moliyaviy inqirozning O’zbekistonga ta’siri yoki O’zbekistonda sog’liqni saqlash tizimi qanday ekani haqidagi maqolalarda men qanday manbalarga asoslanganimni keltirib o’tdim”.

“Iqlim o’zgarishi haqidagi maqolada ko’proq Jahon Bankining hisobotiga, moliyaviy inqirozning O’zbekiston banklariga ta’siri haqidagi maqolada ham “Moody’s” agentligining hisoboti olingan. Yoki sog’liqni saqlash sistemasi haqidagi haqidagi maqolada men Butunjahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotiga tayanganman”, - deydi journalist.

Sudning uchinchi kunida ko'rilgan masalalar va Toshkentda AQShga nisbatan yangrayotgan fikrlar

Sudning uchinchi kunida ko'rilgan masalalar va Toshkentda AQShga nisbatan yangrayotgan fikrlar

Guvoh sifatida bu xalqaro tashkilotlarning O’zbekistondagi vakillarini olib kelish mumkin deyilganida, sud bunga hojat yo’qligini aytgan.

Advokat Sergey Mayorov ayblov xulosasi ustida ishlagan ekspertlar, ommaviy axborot vositalari monitoring markazi xodimlarini chaqirib, ular bilan savol-javob qilishni bir necha bor so’ragan, ammo sud bunga ham yo’l qo’ymayapti.

Mayorov “Unda boshqa ekspertlarni chaqirib, Abdumalik Bobayevning materiallari haqida fikrini so’raylik” degan talabni qo’yganida ham yoq degan javob olgan.

Advokat sudga jurnalist har bir maqolasida iloji boricha ob’yektiv bo’lishga harakat qilgan deb aytgan. Materiallarda biror bir rasmiy yoki amaldorga nisbatan haqoratomuz so’zlar aytilmagan; O’zbekiston siyosati, iqtisodiy hayot, ijtimoiy masalalar, nimaiki mavzu bo’lsa hukumat pozitsiyasini ham yoritgan, deya ayblanuvchini himoya qilgan.

Masalan O’zbekistonda moliyaviy inqiroz ta’sirini yoritganida, Abdumalik Bobayev prezident Islom Karimovning bu haqda aytgan gaplariga ham asoslangan.

“Karimov haqiqatdan ham O’zbekiston xomashyolari va respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga nisbatan narxning tushishi makroiqtisodiy ko’rsatkichlarning pasayishiga olib boradi degan. Men bugun suddagi o’z ko’rsatmamda shuni aytib o’tdim, ya’ni “Sizlar aytayapsizlar, men tuhmat va bo’hton qilayapman deb. Lekin men masalaning u tomoniga ham, bu tomoniga ham e’tibor berganman” dedim”.

Sudning uchinchi kunida ko'rilgan masalalar va Toshkentda AQShga nisbatan yangrayotgan fikrlar

Sudning uchinchi kunida ko'rilgan masalalar va Toshkentda AQShga nisbatan yangrayotgan fikrlar

Abdumalik Bobayev Toshkentdan turib o’zbek tilida mustaqil axborot uzatib kelgan professional jurnalist. U O’zbekistondagi juda oz sonli mustaqil tahlilchilar, fuqaro jamiyati vakillari va faollar bilan muloqot qilib turar, o’z lavhalarida ularning qarashlarini ham aks ettirib kelar edi.

Bugun mana shu ziyolilar ham Abdumalik Bobayevni himoya qilib, uning materiallarida “biz ham o'z fikr-qarashlarimizni bayon qilganmiz va biz ularni asoslab guvohlik berishimiz mumkin” deb chiqmoqda.

Xususan inson huquqlari himoyachisi Surat Ikromov, “Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov, tahlilchilar Suhrob Ismoilov va Bahodir Namozovlar. Bugun ushbu iltimos ham sud tomonidan rad etilgan.

AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi, ya’ni “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” singari axborot vositalarini boshqaruvchi kengash nazarida Abdumalik Bobayev jurnalistlik vazifasini sidqidildan ado etgani uchun jinoyatga tortilmoqda.

Bugun bu kengash maxsus bayonot chiqarib O’zbekiston hukumatini xalqaro qonunlarga rioya qilishga, o’z burch va majburiyatlarini unutmaslikka chaqirgan.

Erkin faoliyat yuritgan jurnalistlarga jinoiy ayblar qo’yib jazolash, deyiladi rezolyutsiyada, O’zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida bergan va’dalariga ziddir.

"Amerika Ovozi"ning Vashingtondagi bosh studiyalari

"Amerika Ovozi"ning Vashingtondagi bosh studiyalari

AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi O’zbekiston hukumatini Abdumalik Bobayevga nisbatan barcha ayblovlarni bekor qilishga va respublikada jurnalistlarning erkin axborot yig’ish va uzatish huquqini buzishni bas qilishga chaqirmoqda.

AQSh hukumati nazarida ham Abdumalik Bobayevning sudga tortilayotgani O’zbekistonda matbuot erkinligi xavf ostida qolayotganidan dalolat.

Bu borada Vashington o’z pozitsiyasini Karimov rahbariyatiga bildirgan va “Amerika Ovozi” jurnalisti bu holga solinayotgani aloqalarga darz tushiradi deya ogohlantirgan.

Qo’shma Shtatlar O’zbekiston buni tushunadi, orada ketayotgan muloqot samara beradi degan umidda.

Lekin Abdurahmon Tashanov kabi huquq faollari fikricha, Amerika bir jurnalist emas, butun jamiyat manfaatini va uzoq muddatni ko’zlab ish yuritishi kerak.

“Mana hozir bir necha jurnalistga nisbatan jinoyat ishi qo’zg’atilgan. Menga va Surat Ikromovga qarshi ekspert xulosalari bor hozir. Bu narsa bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinayotgan narsa, fuqarolik jamiyati vakillariga nisbatan. 2000-yillardan boshlab masalan advokatlarga nisbatan shu narsa bo’ldi. Yaqin-yaqinlargacha bular advokatlarni to’liq jilovlab bo’lishdi. Huquq himoyachilarining bir qismini qamab, bir qismini bosim ostiga olib, bugungi holatga olib kelishdi. Bu, aytganimdek, bosqichma-bosqich olib borilayotgan o’yin, o’ziga xos siyosat”.

Vashington, deydi Abdurahmon Tashanov, huquq va demokratiya masalasini parda ortida emas, oshkora muhokama qilishi, u xalq tarafida ekanini namoyon eta bilishi kerak.

Vashington

Vashington

“Qo’shma Shtatlarning diplomatik siyosatida bir strategik reja yo’q. Yaqin istiqbolda O’zbekiston bilan aloqalar qanday bo’ladi, butun Markaziy Osiyo bilan qanday bo’ladi? Agar biz Markaziy Osiyoning avtoritar rahbarlariga yon bersak, ertaga buning natijalari qanday bo’ladi? Amerikaning demokratik prinsiplariga xiyonat bo’lmaydimi? Mintaqa bilan aloqalarimiz boshqa bir o’zanga kirib ketmaydimi degan savollarni qo’ymayapti bular”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Toshkentdan yana bir kuzatuvchi, mustaqil ekspert Suhrob Ismoilov bu borada sal boshqacha fikrda. Davlatlar orasidagi aloqalar juda murakkab, deydi u.

“Hammamiz insonmiz. Qolaversa ikki xil madaniyat, ikki turli xalq vakillari orasida kechayotgan muloqot ekanini tasavvur qiladigan bo’lsak, albatta bu juda ko’p vaqt oladi, ko’plab muloqotlarni oladi”,- deydi tahlilchi.

Amerika rasmiylarini ham savolga tutganimizda shunga o’xshash javob olamiz. Ularning aytishicha, bugungi eng muhim yutuq tomonlarning bir davrada o’tirib, yuzma-yuz fikr almashayotganida. 2005 yilning may oyidagi Andijon fojiasi ketidan rishtalar va aloqa uzilgan va orada ancha achchiq so’zlar almashilgan edi.

Bugun Afg’onistonda Tolibon va al-Qoidaga qarshi urush Obama ma’muriyati uchun eng dolzarb masala, prioritet deb belgilangan. Ana shu siyosatdan kelib chiqqan holda, Vashington O’zbekiston va qo’shni davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirishga urinmoqda.

Lekin, deydi AQSh diplomatlari, mintaqaga nisbatan serqirra strategiya mavjud. Unda nafaqat xavfsizlik, balki iqtisodiy va demokratik taraqqiyot, xususan huquq va erkinlik ahvolini yaxshilash uchun harakat qilish ham ko’zda tutilgan.

“Shu bois har safar O’zbekiston rahbarlari bilan uchrashganimizda, bu masalalarni ko’taramiz”,- deydi Davlat kotibi muovini Robert Bleyk.

Suhrob Ismoilov fikricha oradagi yaqinda yangilangan dialog samara berishi uchun ozgina sabr qilish kerak.

Sudning uchinchi kunida ko'rilgan masalalar va Toshkentda AQShga nisbatan yangrayotgan fikrlar

Sudning uchinchi kunida ko'rilgan masalalar va Toshkentda AQShga nisbatan yangrayotgan fikrlar

“Ikkala tomon ham iloji boricha yaxshiroq pozitsiyalarni olishga harakat qiladi. Kerak bo’lsa, ikkala tomon ham bir-birini o’z pozitsiyaga o’ynatishga harakat qiladi, ayniqsa O’zbekiston. Shuning uchun men yana bir bor aytaman, hammamiz insonmiz. Bu yerda huquq himoyachilarimiz, o’zimiz, shu demokratlar, kutayotgan natijalar birdaniga kela olishiga ishonishimiz qiyinroq. Shuning uchun hammamizdan chidam talab qilinadi”.

Abdumalik Bobayev ishi yuzasidan Mirzo Ulug'bek tuman jinoiy sudining keyingi majlisi 13 oktabr, juma kuniga belgilangan.

Bugun Yakkasaroy tuman sudida jurnalist Vladimir Berezovskiy O'zbekiston Jinoyat Kodeksining 139 va 140-moddalari bo'yicha, ya'ni O'zbekistonga qarshi tuhmat va xalqqa nisbatan haqoratda aybdor deb topilgan. Unga shu zahoti amnistiya akti qo'llanib, jazodan ozod etilgan.

Jurnalist o'zini aybsiz deb biladi. Hukmdan norozi va annelyatsiya tartibida shikoyat qilmoqchi. "Parlamentskaya gazeta" muxbiri va Vesti.uz axborot sayti bosh muharriri bo'lgan Berezovskiyni ham Sergey Mayorov himoya qildi.

Yuqorida tilga olingan O'zbekiston Aloqa va Axborotlashtirish Agentligi qoshidagi monitoring markazi Berezovskiy tahriridan o'tgan 16 materialni uydirma va bo'hton deya ekspert xulosasi bergan edi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG