Folksvagen AQShda 15 milliard dollar jarima to'laydi

  • Amerika Ovozi

Germaniyaning “Folksvagen” (Volkswagen) avtomobil kompaniyasi mashinalardan chiqadigan zararli tutun miqdorini kamaytirib ko’rsatgani uchun qariyb 15 milliard dollar tovon to’lashga rozi bo’ldi.

28-iyun kuni AQSh sudi e’lon qilgan ma’lumotga ko’ra, kompaniya odamlarga sotilgan 475 000 mashinani qayta sotib oladi. Bu "Folksvagen" uchun 10 milliard dollardan ko’pga tushadi.

Bundan tashqari, kompaniya atrof-muhitga yetkazgan zarari uchun 2,7 milliard dollar hamda zararli tutun chiqarmaydigan texnologiya tadqiqoti uchun yana ikki milliard dollar beradi.

"Folksvagen"ning 2 litrli dizel dvigateliga ega mashinalarini sotib olgan amerikaliklar avtomobillarini kompaniyaga qayta sotishi yoki bepul ta’mirdan chiqarishi mumkin. Har ikki holatda ham mashina egalari 5100 dan 10000 dollargacha kompensatsiya oladi.

Shunga qaramasdan, avtomobil egalari "Folksvagen" taklifini rad qilib, kompaniyani mustaqil sudga tortish huquqiga ega.

AQSh Adliya vazirligi bilan erishilgan bu kelishuvni ma’qullash bo’yicha sud navbatdagi yig’inni 26-iyul kuni o’tkazadi.

Mashina egalari avtomobillarini qayta sotish yoki tuzatish bo’yicha 2018-yil dekabrigacha bir qarorga kelishi kerak.

"Folksvagen" bu mashinalarni yoqilg’iga tejamkor va atrof-muhit uchun zarari kam deb targ’ib qilgan edi. Ammo chiqadigan tutunning haqiqiy miqdorini aniqlash bo’yicha kompaniya odamlarni aldagani ma’lum bo’lgach, avtomobilsoz o’z tarixidagi eng keskin tanqid va iqtisodiy yo’qotishlarga uchradi.

Yevropaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi mashinalarining 11 milliontasi tutunni nazorat qilish bo’yicha aldamchi texnologiya bilan jihozlangani ma’lum bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG