Ko'ngilli xizmat - Amerikada keng tarqalgan odat

  • Amerika Ovozi

Ko'ngilli xizmat - Amerikada keng tarqalgan odat

Ko'ngilli xizmat - Amerikada keng tarqalgan odat

Qo’shma Shtatlarda ko’ngilli xizmat fuqaroviy burch sanaladi. Millionlab amerikaliklar bo’sh vaqtini ijtimoiy foydali mehnatga sarfaydi.

Har bir daqiqa pul deb yashaydigan bu jamiyatda kim tekinga ishlar ekan deb ajablanayotgan bo’lsangiz, javobni quyidagi maqoladan olasiz.

Amerikada har yili ko’ngilli xizmat xususida ommaviy so’rov o’tkaziladi.

Xezer Piler, bu masala bilan shug’ullanadigan korporatsiya matbuot kotibasi. So’rovni mana shu muassasa o’tkazadi.

“So’rov natijasida ko’plab ko’ngillilar yoshlarga ta’lim berayotgani aniqlandi. Ko’ngillilarning to’rtdan bir qismi notijoriy tashkilotlarga mablag’ topishda yordam beradi. Har besh ko’ngillidan biri esa nodavlat tashkilotlarida juda muhim vazifalarni bajaradi”,- deydi u.

AQShda ko’ngillilar doimo katta ro’l o’ynagan. Masalan, Yevropa mamlakatlarida bolalar bog’chalari yoki ayrim tibbiy xizmatlar davlat tomonidan yuritiladi va moliyalanadi, aholi uchun bepul. Amerikada vaziyat boshqacha. Bu yerda ko’plab ishlarni ko’ngillilar bajarib kelgan. Iqtisodiy inqiroz boshlanganidan buyon esa bepul ishlashga rozi bo’lganlar alohida ahamiyat kasb etadi.

Xezer Piler deydiki, 2010 yilda 173 milliard dollarga teng keladigan xizmatlar aynan ko’ngillilar tomonidan qilingan. Bu borada eng ilg’or shtat - Yuta, eng oldingi shaharlar esa Minnesota shtatidagi Minneapolis va Sent Poldir.

Minnesota Ta’lim korporatsiyasining ijroiya direktori Keti Soltsman vaziyatni shunday izohlaydi:

“Shahrimiz odamlari orasida muammo bo’lsa, shikoyat qilavermay, uni hal et degan gap bor”.

Savodxonlik nihoyatda muhim deb hisoblaydigan Soltsman rahbarligidagi tashkilotning 900 xodimi har yili maktab o’quvchilariga o’qishni o’rgatadi. 51 yoshli Mayk Jaynal kuniga bir soat, haftasiga besh kun bolalari bilan mashg’ul.

“Maktabga borib, bolalarni sinfxonalarga yig’ib, uy vazifalari ustida birga ishlaymiz. Birma-bir shug’ullanamiz. Bola berilgan hikoyani o’qiydi. Biz esa uning xatolarini to’grilab turamiz, hikoyani tushungan-tushunmaganini tekshiramiz. Ular bir daqiqa ichida nechta so’z o’qiy olishini tekshiramiz va yil davomida buni kuzatib boramiz”,- deydi Soltsman.

Mayk Jaynalning rafiqasi ham ko’ngilli. Ularning farzandlari alohida yashaydi. Shuning uchun Jaynallarning bo’sh vaqti ko’p. Ular, shuningdek, qariyalarga yordam beradi. Masalan, shu hafta dam olish kunlari ular qariyalar uyi uchun bir olmazordan meva terib berishadi.

Yosh amerikaliklar ham faol ko’ngillilar. 46-20 yosh orasidagi fuqarolar 2010 yilda jami 2,3 milliard soat bepul ishlagan. O’smirlar ham tinmaydi. Maktablarda bunga e’tibor katta.

25 yoshli Kim Gardner “AmeriCorps” deb nomlangan tashkilotda ko’ngillilar ishini muvofiqlashtiradi. Hozirda u safdoshlari bilan birga Missuri shtatida shu yil boshida kuzatilgan tabiiy ofat jabrdiydalariga yordam bermoqda.

“Fikrimcha, yoshlarning aksariyati tajriba uchun yoki boshqalarga yordam berish, jamiyatga foyda keltirish, qolaversa, o’z yo’lini topish uchun ko’ngilli xizmat qiladi”.

Amerikada bu sohada ommaviy so’rov o’tkazgan tashkilot vakilasi Xezer Pilerning aytishicha, natija shuki, hukumat va nodavlat tashkilotlarda bebaho vaqtini ayamay tekinga mehnat qilayotgan amerikaliklar yil sayin ko’payishiga ishonch katta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG