Ukasining o’limi prezident Hamid Karzay uchun kuchli zarba


Ukasining o’limi prezident Hamid Karzay uchun kuchli zarba

Ukasining o’limi prezident Hamid Karzay uchun kuchli zarba

Ahmad Vali Karzay Afg’onistonning eng xavfli hududlaridan biri, Tolibon makoni sanalmish Qandahorda nufuzli arbob, har masalada vositachi va NATO qo’mondonlarining maslahatchisi deb ko’rilar edi.

Prezident Hamid Karzayning ukasini kecha uyida o’z qo’riqchisi otib o’ldirgan.

Ahmad Vali Karzay viloyat kengashi rahbari bo’lsada, nufuz va uddaburolikda Qandahor hokimidan qolishmas edi.

Viloyatning har burchagidan oddiy odamlar nima muammo bo’lsa - politsiyadan shikoyat bo’ladimi, muolaja uchun pul kerak bo’ladimi, Tolibon ularga do’q-po’pisa qiladimi - yordam so’rab uning oldiga kelishardi.

“Afg’oniston siyosatini usiz tasavvur qilish qiyin”, - deydi NATO elchisi Saymon Gass.

Ahmad Vali Karzay Qandahorning Qarz qishlog'ida dafn etildi

Ahmad Vali Karzay Qandahorning Qarz qishlog'ida dafn etildi

“Ahmad Vali Karzay jangari makonida har ishni eplay oladigan arbob deb ko’rilardi. Bu, ayniqsa, prezident Hamid Karzay uchun kuchli zarba, u nafaqat jigarbandi, balki janubda ishongan tog’idan ayrildi. Ammo Karzayning Qandahorda tarafdorlari ko’p”, - deydi u.

AQSh Armiya oliygohi professori Larri Gudsonning aytishicha, marhumning saylovlarda akasiga beradigan ko’magi beqiyos edi.

“To’g’ri, uni narkotiklar savdosi va korrupsiyada gumon qilishgan. Biroq mahalliy qabilalarni markaziy hukumat bilan hamkorlik qilishga, saylovlarda ovoz berishga ko’ndira olgan ham bu. Shu ma’noda uning o’rnini bosa oladigan yo’q”, - deydi Larri Gudson.

Olim fikricha, afg’on rahbari 2014 yilda xizmat muddati yakunlangach, hokimiyatda qolish ilinjida. AQSh va NATO qo’shinlari o’sha yili mamlakatni tark etishi rejalangan.

Ukasining o’limi prezident Hamid Karzay uchun kuchli zarba

Ukasining o’limi prezident Hamid Karzay uchun kuchli zarba

“Hamid Karzay prezidentlikda qolishni anchadan beri mo’ljallab keladi. Buning uchun cheklovlarni aylanib o’tishi zarur. Konstitutsiyani, qonunlarni o’zgartiraman desa, unga ukasidek mohir vositachi kerak”.

Afg’onistonning homiylari, G’arb davlatlari Ahmad Vali Karzayni poraxo’r, o’g’ri va qoradori savdogari ham deyishgan. Rasmiylar va NATO qo’mondonlari masalani ko’targanida prezident Karzay ayblovni doimo rad etardi. Vali Karzay AQSh Makarziy Razvedka Boshqarmasiga ishlagani ham gumon qilinadi.

Professor Larri Gudson deydiki, nima bo’lsada, hozir hammaning diqqati Qandahorda.

“Chunki hokimiyat uchun kurash va natijada korrupsiya yanada avj olishi kutilmoqda. Tolibon ham chetda qarab turmaydi, jarayonga ta’sir qilishga urinadi”.

Ukasining o’limi prezident Hamid Karzay uchun kuchli zarba

Ukasining o’limi prezident Hamid Karzay uchun kuchli zarba

NATO elchisi Saymon Gass ta’biricha, Ahmad Vali Karzayni toliblar o’ldirgani rost bo’lsa, bundan muayyan xulosa qilish mumkin.

“Ya’ni jangarilar siquvda, kuchli bosim ostida, siyosatchilarni, rahbarlarni, alohida shaxslarni nishonga olmoqda. Chunki jang maydonida Tolibon yengilyapti”.

So’nggi ikki yilda Qo’shma Shtatlar Afg’onistonga safarbar etgan zobitlarning katta qismi Qandahorga yuborilgan. Hal qiluvchi janglar o’sha yerda ketayotgan edi. Xavotir shuki, deydi suhbatdoshlar, endilikda siyosiy kurash avj olib, janub yana qonga belanadi.

XS
SM
MD
LG