Amerikalik tahlilchilar: Qirg'iziston janubidagi fojia tekshirilishi va haqiqat tan olinishi kerak


O’tgan hafta AQSh Senati Qirg’iziston janubidagi qonli voqealarni qoralab, batafsil va xolis tergov qilishga, qonun ustuvorligini ta’minlashga chaqirdi.

Demokrat senator Jon Kerri va respublikachi senator Richard Lugar bitgan rezolyutsiya Qirg’izistonni tenglikka, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga birgalikda yechim qidirishga undaydi.

Gap shundaki, bu fojia nafaqat Markaziy Osiyodagi har bir hukumat va xalq uchun, balki u yerda yillar davomida inson qadriyatlari haqida bong urgan Amerika uchun ham katta saboq bo’ldi.

Vashingtonda siyosatdonlar O’sh va Jaloloboddagi qirg’in ortida turgan sabablar va oqibatlar haqida turlicha fikrda.

Mintaqani yaqindan o’rganib kelayotgan, hukumatga Markaziy Osiyo bobida maslahat berib turadigan bu olimlar mojaroni tahlil qilar ekan, bu oq, bu qora deya ajratishga shoshmaydi.

Nima bo’lganini izchil va xolis ravishda tergov qilish kerak, deydi ular.

Lekin vaziyat hamon qaltis va bu oson ish emas, deydi Nensi Lubin (Nancy Lubin), region bilan 1970-yillardan beri ishlab kelayotgan mutaxassis.

Taxmin va quruq ayblovlar bilan haqiqat oshkor bo’lmaydi. Qirg’in naqadar dahshatli kechganini ko’rdik, eshitayapmiz, o’qiyapmiz. Lekin unga kim boshchilik qilgani qorong’u. Hukumat yo Rossiyani, yo qo’shni davlatlarni, yo jangari kuchlarni va umuman tashqi dunyoni ayblashga o’rganib qolgan. Rahbarlar muammo balki o’zimizdadir deb o’ylamaydi. Bugun ham shunga guvohmiz. Bakiyevni ayblashayapti, jinoiy elementlarni. Aniq dalil-isbot bo’lmasa, ishonish qiyin”,- deydi u.

Nensi Lubin Amerika hukumati va butun xalqaro hamjamiyatni mojaroga qarshi darhol chora ko’rmaganlikda ayblaydi. Naqadar loqaydlik, tubanlik, deydi u.

Erik Makglinchi (Eric McGlinchey), yana bir ko’zga ko’ringan ekspert nazarida, mojaroga o’zbek-qirg’iz orasidagi siyosiy kelishmovchilik turtki bergan deyish xato. Qirg’iziston janubi hamisha siyosiy jihatdan faol bo’lgan, o’zbeklar siyosiy-madaniy huquqlarini talab qilib kelgan va o’z fikr-qarashlarini yashirmagan.

Roza Otunbayeva juda zaif rahbar, deydi u, jamiyatda muvozanatni ushlab turish muhim vazifa ekanini bilganida, janubda nazoratni kuchaytirib, tarqoqlikka qarshi konkret choralar ko’rgan bo’lardi. Bakiyev qanchalik yulg’ich rahbar bo’lmasin, buning uddasidan chiqa olgan, deydi u.

Makglinchi singari tahlilchilar Qirg’izistonda har sohada jinoiy guruhlar hukmron deb biladi.

Brent Xayrman (Brent Heirman), Qirg’iziston va Tojikistonda o’zbek aholi yuzlashadigan muammolarni o’rgangan tadqiqotchi, “Qirg’inga azaliy etnik kelishmovchiliklar sabab bo’lmagan”, - deydi. Tarixiy, madaniy ustunlikni ro’kach qilib bahslashish, o’zaro bosim o’tkazish dunyo bo’ylab elatlaro ko’zga tashlanadigan hol, deydi u. Muammo shundaki, odamlar bir-biri bilan fikr almashadigan sahna, maydon yo’q. Aholi dardini ko’tarib chiqadigan vositalar yetishmaydi. Qirg’izistonda rahbarlar hozir bir tomondan qirg’iz o’zbekni qatli om etmagan desa, ikkinchi tomondan bu elatlarni yarashtirish kerak deydi. Kim jabr ko’rib, kim jinoyat qilgan? Qolaversa, o’zbeklar nomidan kim gapira oladi? Buni ham aniqlab olish kerak, deydi Brent Xayrman.

Bakiyev davrida Qirg’izistonning AQShdagi elchisi bo’lgan Zamira Sidiqova, o’zbeklar muxtoriyat bo’lib, ajralib chiqishi kerak degan chaqiriqlar tashvish uyg’otadi, deydi. O’sh va Jalolobodda ko’p vaqt o’tkazgan amerikalik mutaxassislar fikricha esa bu faqat vahima. Vashingtondagi umumiy qarash shuki, o’zbeklar Qirg’iziston fuqarosi ekanidan nolimaydi, huquq va xavfsizlik bilan ta’minlansa bas. Aholi savdo va tijorat, hunarmandchilik va dehqonchilik qilib kun ko’rishga o’rgangan va topayotgan noniga shukur qilib yashaydi.

Katlin Keynast (Kathleen Kuehnast), AQSh Tinchlik Instituti ilmiy xodimi, Qirg’izistondagi ahvolni ayrim jihatlari bilan Afrikaga o’xshatadi. Turmush korrusiyaga asoslangan; iqtisodiyot jinoiy guruhlar qo’lida; bozorlar sifatsiz mahsulotga to’la; ishsizlik keng tarqalgan; maosh bilan ham yashay olmaysiz; uzoq qishloqlardan odamlar kelib, to’qroq yashayotgan aholini talab ketayapti; pul deb birovni o’ldirish odatiy hol; qurol, qoradori va odam savdosi chuqur ildiz otgan. Olima fikricha, Farg’ona vodiysi, hamma qora ishlar qilib, qo’lini yuvib keta oladigan maydonga aylangan. Zo’ravonlik qaytmasin desak, mana shu masalalarga diqqat qaratish, tashqi dunyo aynan shu muammolarga qarshi kurash yo’lida yordam berishi kerak, deydi olima.

Genotsid va etnik qatli omlar bo’yicha izlangan mutaxassis Bridjet Konli-Zilkich (Bridget Conley-Zilkic) ta’biricha esa aholining bugungi ruhiy holatiga e’tibor bermaslik yangidan-yangi fojialarga yetaklashi mumkin. Qanday vahshiyliklar sodir etilgani tergov qilinishi, jinoyatchilar jazolanishi, adolatsizlik ro’y bergani va davlat o’z fuqarolarini himoya qila olmagani ochiq tan olinishi, jabrdiydalarga har tomonlama ko’mak ko’rsatilishi kerak, deya qayd etadi olima. Qirg’iziston janubida genotsid bo’ldimi yoki etnik to’qnashuv deb o’ylashdan foyda yo’q, deydi u, haqiqatni bilmoqchi bo’lsak, voqea tekshirilsin, dalil-isbot tahlil qilinsin.

Xullas, Vashingtonda bu mavzuda bahsu munozaralar davom etmoqda. BMT, mintaqaviy tashkilotlar, Qirg’izistonga qo’shni davlatlar, AQSh va Rossiya oldida esa murakkab vazifalar turibdi.

Qirg’iziston janubidagi inqiroz, xalqaro hamjamiyat uchun yana bir sinov, deydi olimlar. Insoniyat qirg’in bilan ilk bor yuzlashgani yo’q, lekin hamisha uning oldini olish imkoniyatiga ega. Buning uchun xohish-istak, iroda va harakat bo’lsa bas.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG