Suv taqsimoti - Markaziy Osiyoda birlamchi masala, deydi o'zbekistonlik olim


Suv eng muhim talab ekan, davlatlar uning taqsimoti yuzasidan kelishishga majbur

Suv eng muhim talab ekan, davlatlar uning taqsimoti yuzasidan kelishishga majbur

O’zbekistonlik yosh olim Elbek Saidov tahlilicha, ob-hayot ta’minoti Markaziy Osiyo uchun eng ustuvor masala. U shu kunlarda Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida (Johns Hopkins University) tadqiqot ishlarini yakunladi.

Suv taqsimoti - Markaziy Osiyoda birlamchi masala, deydi o'zbekistonlik olim

Suv taqsimoti - Markaziy Osiyoda birlamchi masala, deydi o'zbekistonlik olim

Izlanishda unga ustozlik qilgan professor, mintaqa bo’yicha yetakchi tahlilchi Fred Starr fikricha, Sovet davridan qolgan eng mash’um muammo - Orol dengizi qurigani va mintaqada suv taqsimoti ishdan chiqqanidir.

Aybni hammadan qidirish mumkin – mintaqa davlatlari, geosiyosiy o’yinlar olib borayotgan tomonlar, xalqaro tashkilotlar, keng jamoatchilik. Suv bo’yicha kelishmovchiliklarni texnik jihatdan yecha olmaysiz, deydi Fred Starr, ularning yechimi siyosiy iroda va birdamlik talab qiladi. Suv hammaga kerak ekan, mintaqa hukumatlari muammoni chet el kelib hal etib berishini kutmay, o’zlari bir yoqadan bosh chiqarishi kerak, deydi olimlar.

Fred Starr deydiki, Markaziy Osiyo qadimda juda mukammal irrigatsiya tizimiga ega bo’lgan. Lekin Sovet davridagi suv siyosati uni batamom barbod qilgan.

Orol dengizi bugun dashtlik

Orol dengizi bugun dashtlik

Elbek Saidovning tushuntirishicha, Amudaryo va Sirdaryo regionga har yili 116 kubokilometr ob-hayot olib keladi. Bu ikki yirik daryo Tyan-Shan va Pomir tog’larida erigan muzdan to’yinadi. Suvning katta qismi ekin maydonlarini sug’orish uchun ishlatiladi. O’zbekiston, mintaqada eng ko’p aholi va eng katta qishloq xo’jaligiga ega davlat, eng ko’p suv ichadi.

Elbek Saidov va Fred Starr

Elbek Saidov va Fred Starr

Irrigatsiya tizimini yaxshilash uchun, deydi Elbek Saidov, har bir gektar maydon uchun 3000-4000 dollar sarflash kerak. Saidov olib borgan izlanishlarga UNESCO, BMT Ta’lim, Ilm-Fan va Madaniyat Tashkiloti homiylik qilgan. UNESCO dunyo bo’ylab suv ta’minoti masalalari bilan shug’ullanadi.

Katta miqdorda suv talab qiladigan yana bir soha bu gidroelekrostansiyalar, ya’ni quvvat ishlab chiqaradigan inshootlar.

Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida forum, 22-fevral 2012

Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida forum, 22-fevral 2012

O’zbekiston va Tojikistonni bir-biriga qarshi qo’ygan yirik loyiha - Rog’un GESi haqida gap ketganda, rasmiylarning sochi tikka turadi.

O’zbekiston nazarida bu GES mintaqa xavfsizligi, tabiati va aholisi hayotiga tahdid soladi. Tojikistonga ko’ra esa bu inshoot uning elektr tokiga nisbatan talabini qondiradi.

Jahon Banki loyihani o’rganib chiqmoqda, zarar va foyda haqida hisobot berishi kutilmoqda.

Regionning yirik hamkorlari, jumladan Rossiya, Xitoy, Amerika va Yevropa Ittifoqi masala Jahon Banki yordami bilan hal etiladi degan umidda.

Rog'un GESi loyihasi Jahon Banki tomonidan o'rganib chiqilmoqda

Rog'un GESi loyihasi Jahon Banki tomonidan o'rganib chiqilmoqda

Lekin mutaxassislar boshqacha fikrda. Hisobot bilan ish bitmaydi, butun Markaziy Osiyo rahbarlari bir davrada o’tirib, suvdan hamma birdek manfaat ko’rishini tan olib, yangi va effektiv taqsimot tizimini ishlab chiqishga kelishib olishi kerak, deydi ular.

Elbek Saidovning tahlilini tinglagan qirg’iz va tojik diplomatlar O’zbekistonni qaysarlikda, hamkorlikdan bosh tortayotganlikda, boshqalarning tashabbus va g’oyalarni chetga surib, o’zi biror yechim taklif qilmay, qo’shni davlatlar dardini eshitmayotganlikda aybladi. Olim hukumat vakili bo’lmagani uchun bu tanqidlarga javob bermadi. Davra suhbatida O’zbekistondan biror diplomat ko’rinmadi.

Elbek Saidov deydiki, masala yechimi – mintaqaviy hamkorlik va manfaatlar muvozanatida. Orol dengizini qutqarish, ichimlik suvi ta’minoti va irrigatsiya sohasini yaxshilash maqsadida boshlangan xalqaro loyiha va tashabbuslar ko’p samara bermadi, chunki ular biror siyosiy kuchga ega emas.

Qozog'iston Orol dengizini qayta tiklashga urinmoqda va ancha muvaffaqiyatga erishdi ham

Qozog'iston Orol dengizini qayta tiklashga urinmoqda va ancha muvaffaqiyatga erishdi ham

O’zbekistonlik olim quyidagi choralarni taklif qiladi: qishloq xo’jaligida ketayotgan islohotlarni davom ettirish va jadallashtirish; daryolar boshi va quyi qismida joylashgan davlatlar o’zaro manfaatlarini anglagan holda ish yuritsin; xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan ishlash va ularga ko’proq vakolat berish; masala yechimida Afg’oniston rolini tan olish va u bilan ishlash.

Suvdan unumli foydalanishni ta’minlash uchun mintaqaga kamida 2 milliard dollar kerak, deya sarhisob qiladi Elbek Saidov.

Elbek Saidov

Elbek Saidov

Dengizdan uzoqda joylashgan mintaqalarda suv talashish hollari dunyo bo’ylab ko’p kuzatilgan. Ob-hayot tabiiy zaxira va shu bois uni mahsulot sifatida sotish kerak degan g’oyalar o’rtaga tashlanadi.

O’zbekistonlik olim nazarida Markaziy Osiyoda bunday fikrlash faqat fojia tomon yetaklaydi. Suvga umumiy boylik sifatida qarash va qadrlash kerak, deydi u. Fred Starr, amerikalik olim, ham unga qo’shiladi.

Aynan suv taqsimoti va uni ayab ishlatishni yo’lga qo’yuvchi alohida organ va mexanizm yaratish lozim, deydi Elbek Saidov.

Albatta, bunday tizim va tashkilot hukumatlar qo’lida o’yinchoq bo’lishi mumkin, ammo ob-hayot eng muhim talab ekanini yodda tutsak, tomonlar vijdonan ish yuritishga majbur, deydi olimlar.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG